Xususan, ishchi guruh Yangi — Namangan tumanida boʻldi. Tumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan klaster shaklidagi yangi “Oyqiron” kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda.
Tadbirkorlar bilan ochiq uchrashuv chogʻida eʼlon qilinganidek, yaratilayotgan KSZ maydoni 10 gektar boʻlib, jami 80 ta teng uchastkalarga boʻlingan. Sanoat maydonlarini sotish joriy yilning 1-dekabridan boshlanib, kimoshdi savdosi orqali amalga oshiriladi. Kimoshdi savdosi ishtirokchilari yer uchastkasi mulkchilikka olingan kundan boshlab 6 oy mobaynida mebel mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish majburiyatlarini oʻz zimmalariga oladilar. Shu bilan birga, ishlab chiqarish obyektlarida kamida 50 ta ish oʻrinlari yaratilishi kerak.
Taʼkidlanishicha, hozirgi paytga kelib kimoshdi savdosida ishtirok etish uchun 120 nafar tadbirkordan arizalar kelib tushgan. Yangi tashkil etilgan KSZ hududida kelgusida joylashtirish uchun umumiy miqdori qariyb 50 million dollarga teng boʻlgan 53 ta investitsiyaviy loyihasi ishlab chiqildi. Yangi tashkil etilgan korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarida taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari uchun mebel mahsulotlari va uning butlovchi qismlari, aksessuarlar va tayyor mebel mahsulotlari, ofis va xonadon uchun mebellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi va jami 1 100 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi.
Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzakov ishbilarmonlar oldida soʻzga chiqib, Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbusni mamnuniyat bilan olqishladi va tadbirkorlarni yaratilayotgan KSZ hududida loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam berilishiga ishontirdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasidan jozibador investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyaviy yordam ajratilishi mumkinligi maʼlum qilindi.
Uchrashuv davomida viloyat tadbirkorlari sanoat zonalari hududida loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq turli masalalarni muhokama qilish, savollar berish va biznes-gʻoyalari bilan boʻlishish imkoniga ega boʻldilar.Mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar oʻz faoliyati davomida duch keladigan muammoli masalalar ham tilga olindi. Ishchi guruh tomonidan bildirilgan murojaatlar har tomonlama koʻrib chiqildi va har bir holatni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi. Mutasaddi rahbarlarga koʻtarilgan muammolarni hal etish boʻyicha tezkor va samarali chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.
Ishchi guruh Namangan shahrining Davlatobod tumanida tashkil etilgan “Barkamol Avlod” kichik sanoat zonasida ham boʻldi. Tashrif davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning qisqacha taqdimoti oʻtkazildi, shuningdek, KSZni ishga tushirishni jadallashtirish va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlariga amaliy yordam koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.Bu yerda ham tadbirkorlar va loyihalar tashabbuskorlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi hamda ishlab chiqaruvchilarning murojaatlari koʻrib chiqilib, koʻtarilgan har bir masalaning eng samarali va tezkor yechimi ishlab chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.