Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va mehmonxonada yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

“Axsikent” mehmonxonasi Yevropa va sharqona uslublar uygʻunligini oʻzida mujassam etgani bilan alohida ajralib turadigan xizmat koʻrsatish obyektidir. Shu bilan birga 163 oʻrinli mehmonxonada texnologiyaning eng soʻnggi yangiliklari joriy etilgan. 5 ta lyuks hamda 70 ta standart xonalar mavjud. Mehmonxona yiliga minglab mehmonlarga 8 milliard soʻmlik hajmda xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Bu yerda 40 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

“Akhsikent hotel” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 4 million AQSH dollari qiymatidagi bu loyihasi jamiyatning oʻz mablagʻlari hamda bank krediti hisobiga bunyod etilib, u Namangan viloyatining 2019-2020-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturidan oʻrin olgan edi.

 

— Mehmonxonamiz nafaqat viloyatimiz, balki vodiyda yagona oʻziga xos uslubga ega boʻla oldi, desa mubolagʻa boʻlmaydi, — deydi mehmonxona direktori Boburbek Boqijanov. – Mehmonxonada nonushta oʻziga xos shved stolida oʻtadi. Fitnes zali, cheksiz internet va milliy oʻymakorlik, ganchkorlik, naqqoshlik va miniatyura kartinalari har bir tashrif buyuruvchida oʻzgacha taassurot qoldirishi shubhasiz. Mehmonxona restoranida milliy va Yevropa taomlari tayyorlanadi.

Darvoqe, bu kabi xizmat koʻrsatish obyektlari nafaqat Namanganning turizm salohiyati rivojlanishiga, balki iqtisodiyot ravnaqiga ham munosib hissa qoʻshishiga ishonchimiz komil.

Sanjarbek HAMIDOV.