2020-yil dekabr va 2021-yil yanvar oylarida “Oʻzenergoinspeksiya” Namangan hududiy boʻlimi va “Namangan HETK” AJ bilan birgalikda jami 21 ta qoidabuzarlik holatlari maʼlum boʻlib, 182 330 647 soʻm hisobga olinmagan elektr energiya miqdori qayta hisob-kitob qilindi.
Xususan, Namangan shahri Davlatobod tumani hududida joylashgan “Botir Muxammadali” MCHJ elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ulanib oydalanganligi aniqlandi. Mazkur qoidabuzarlikdan soʻng oʻrnatilgan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga asosan 24 840 000 soʻm hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori hisoblandi.
Bu kabi holat Chust tumani “Obodonlashtirish” boshqarmasida ham kuzatildi. Unga koʻra 16 372 000 soʻm hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori hisoblandi.
Joriy yilning 20-yanvar kuni Chortoq tumanidagi 6-, 18- va 28-sonli maktabgacha taʼlim muassasalarida qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga asosan jami 5 850 000 soʻm hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori hisoblandi.
Oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida “Oʻzenergoinspeksiya” Namangan hududiy boʻlimi mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha xodimlariga amaldagi elektr energetikasiga oid qaror va qoidalar boʻyicha tushuntirishlar berildi.
“Oʻzenergoinspeksiya” Matbuot xizmati