Namanganda joriy yil 7 oy davomida 71,2 gektar yer maydoni noqonuniy egallab olingan

    Voqea-hodisalar 11 Avgust 2023 2648

    Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi yerga doir qonunbuzilish holatlarini barvaqt o'rganish va oldini olish bo'yicha nazorat tadbirlarini muntazam yo'lga qo'ygan.

    Jumladan, Chortoq tumani, “Oyqiron Mirishkorlari” muqobil-mashina traktor parki hududida davlat zaxirasidagi 402-konturning 3 sotix qismi fuqaro Gʻ.B. tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy bino qurilishi boshlangani aniqlandi.

    Ushbu holat yuzasidan agentlik Chortoq tuman boʻlimi yer nazorati inspektorlari Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 60-modda, 3-qismiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirdi hamda sudga noqonuniy inshootni majburiy buzdirish va yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarishni nazarda tutuvchi daʼvo arizasi kiritdi.

    Ikkinchi misol. Namangan shahri, “Sharshara” MFY, “Maʼrifat” koʻchasida 10 sotix yer maydonida ruxsatsiz ravishda beton poydevorli, pishiq gʻishtli, turar-joyga moʻljallangan obyekt fuqaro B.B. tarafidan tiklanayotgani maʼlum boʻldi. Sud mazkur vaziyatga tegishli daʼvo arizasini qanoatlantirib, yer maydoni fuqaro hisobidan majburiy tartibda yaroqli holatga keltirilishi xususida qaror chiqardi.

    Maʼlumot oʻrnida, 2023-yilning oʻtgan 7 oyi mobaynida 71,2 gektar yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olish bilan bogʻliq 354 ta qonunbuzilish qayd etildi. Shundan 74 tasida hozirgacha sudlarga davo arizalari kiritilgan, 20 tasida esa noqonuniy qurilgan binolarni buzish haqida sud qarori qabul qilindi.

    Oʻz muxbirimiz.