Namanganda oʻqituvchilarni oʻt yulishga majburlagani aytilgan maktab direktori jarimaga tortildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Namangandagi maktabda direktor oʻqituvchilarni oʻt-oʻlan yulishga majburlagani haqida xabarlar tarqaldi.

    Holat yuzasidan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi izoh berdi.

    Maʼlum qilinishicha, ushbu holat Pop tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan oʻrganilgan.

    Oʻrganish davomida Mehnat kodeksining 5-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qaroriga zid ravishda muassasa xodimlari maktab hovlisida tozalov ishlariga jalb etilganligi aniqlandi.

    Shu sababli, tashkilot rahbariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (17 mln soʻm) miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi.