Bugun Namangan viloyatidagi 15 ta umumtaʼlim maktabida anʼanaviy tarzdagi darslar boshlandi. Jumladan, Namangan shahridagi 9 ta, Norin tumanida 4 ta, Kosonsoy va Uychi tumanlarida bittadan maktablar oʻquvchilarni qabul qilib oldi.

Joriy yil 7 va 9-sentyabrda ochilgan 24 ta maktabni ham qoʻshganda viloyatda faoliyatini boshlagan jami maktablar soni 39 taga yetdi.

Namangan shahridagi 86-umumtaʼlim maktabi va Kosonsoy tumanidagi 54-umumtaʼlim maktabida darslarning boshlanishi qoʻshaloq bayramga aylanib ketdi. Boisi bu ikki maktab ham joriy yil yangidan qurib bitkazildi. Buning uchun tegishli ravishda 8,5 va 8,2 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

 

Bugun ochilgan maktablarga ilk bor qadam qoʻygan 1400 nafarga yaqin 1-sinf oʻquvchilariga “Prezident sovgʻalari” topshirildi.

 

Maʼlumot uchun, Namangan viloyatida 2020-yili jami 6 ta yangi umumtaʼlim maktabi foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan.

Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati