Namanganlik o'quvchilar Ispaniyada o'tkazilgan onlayn musiqa festivalida faxrli o'rinlarni qo'lga kiritdi

    Keyingi avlod 11 Iyun 2020 1769

    Namanganlik musiqa sohasida iqtidor egalari bo'lgan o'quvchilardan 3 nafari Ispaniyada o'tkazilgan onlayn festival-tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak e'tiroflarga sazovor bo'ldi.

    Dunyoning 120 davlatidan iqtidorli tengdoshlar ishtirok etgan “World Art Games” shiori ostida o'tkazilgan mazkur tanlovda Namangan shahridagi 1-DIUMning 7-sinf o'quvchisi Ahrormirza Rahmanov 13 - 15 yosh toifasida skripka hamda fortepiano yo'nalishlarida qanchalar mahorat sohibi ekanligini ko'rsatib, har ikki yo'nalishda ham 1-o'rinni qo'lga kiritdi.

    Namangan shahridagi 52-umumta'lim maktabining 6-sinf o'quvchisi Sevara Umatalieva esa fortepiano yo'nalishida 10-12 yosh toifasida 2-o'ringa sazovor bo'ldi. Uning ukasi, xuddi shu maktabning 4-sinf o'quvchisi Otabek Umataliev esa xalq cholg'ulari prima-rubob yo'nalishida 10-12 yoshli tengdoshlari bilan bo'lgan bahslarda 2-o'rin sohibi bo'ldi.

    Ishtirokchilarning har biri xalqaro toifadagi diplom bilan taqdirlandilar. e'tiborlisi, festival-tanlov g'olibi Ahrormirza Rahmanov joriy yil so'nggida Ispaniyada o'tkaziladigan tantanali taqdirlash marosimida ishtirok etadi. Namanganlik yosh iste'dodlar istiqbol sari ana shunday yuksak marralarni ko'zlab odimlamoqdalar.

    Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati