Narkotiklar taqdirlarni va mamlakat iqtisodini qanday yemirmoqda

    Xavfsizlik 21 Oktabr 2025 163

    Giyohvandlik — shunchaki shaxsiy dard emas, balki milliy xavf. Bu xavf koʻp jihatdan yashirin boʻlib qoladi, lekin uning taʼsiri — nafaqat bir oilaga, balki butun jamiyatga, huddi davlat byudjetiga, inson kapitali va kelajak avlodga taʼsir qiladi.

    Qaramlikning narxi — inson salomatligi, ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishning qurboni boʻladi.

    Oʻzbekistonda narkotik vositalar va psixotrop moddalar bilan bogʻliq muammalar ham tobora murakkablashmoqda. Misol uchun, 2023-yilda sud organlari giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga oid 5 519 ta jinoyat ishini koʻrib chiqqan va 6 264 nafar shaxsga jazo qoʻllangan. Bu shaxslarning 28,1 % ini, yaʼni 1 758 nafarini ayniqsa yoshlar tashkil etadi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Toshkentda narkotik bilan bogʻliq har ikkinchi jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilmoqda.

    Aholi orasida giyohvand moddalar isteʼmoli boʻyicha xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston 95-oʻrinni egallagan. Bu, boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan solishtirilganda nisbatan past koʻrsatkich boʻlsa-da, undagi tendensiyalar va rivojlanish yoʻnalishlari xavotirga molik.

    Milliy axborot-tahlil markazlarining maʼlumotlariga koʻra, 2017-yildan 2021-yilgacha respublika boʻyicha psixoaktiv moddalardan foydalanuvchi shaxslar roʻyxatidagi raqam 8 179 dan 5 035 ga kamaygan. Biroq, 2022-yilda bu koʻrsatkich yana oshib, 5 365 kishiga yetgan. Bu shuni anglatadiki, boshqaruv, profilaktika yoki reabilitatsiya tizimlarida boʻshliqlar mavjud.

    Shuningdek, giyohvandlik muammosi turfa koʻrinish olmoqda, yaʼni sintetik tibbiy preparatlar, sintetik kannabinoidlar va yangi psixoaktiv moddalar tarqalishi oshgan. Masalan, 2021-yilda sintetik kannabinoidlar bilan bogʻliq 181 ta jinoyat aniqlangan boʻlsa, 2022- yilda bu koʻrsatkich 326 taga yetgan.

    Joriy hisoblarga koʻra, ruhiy salomatlik va unga bogʻliq kasalliklar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taxminan 4,8 trillion soʻm zarar keltiradi — bu yalpi ichki mahsulotning deyarli 0,98% ga teng. Qaramlik esa ayni shu ruhiy salomatlik muammolarini chuqurlashtirishi mumkin.

    Narkotiklarning zararli oqibatlari koʻp qirrali — sogʻligʻimizga, ijtimoiy rollarga, mehnat unumdorligiga va jamiyatning ijtimoiy rishtalariga zarar etkazadi. Qaram boʻlgan shaxslar koʻpincha ish qobiliyatini yoʻqotadi, tibbiy yordamga koʻproq muhtoj boʻladi, oilalarida taraflar boʻlinadi, oʻqish va mehnat faoliyatidan chetlanadi.

    Jamiyatda, ayniqsa, qishloq hududlarda ijtimoiy tengsizlik, ishsizlik va maʼnaviy boʻsliqlar qaramlik uchun imkoniyat yaratadi. Garchi davlat profilaktika va reabilitatsiyaga eʼtilibor qaratayotgan boʻlsa-da, ularning samaradorligi ayniqsa chekka hududlarda, tobora rivojlanayotgan texnologik vositalar yetishmasligida cheklangan boʻlishi mumkin.

    Davlat tarafidan qabul qilingan 2024–2028-yillarga moʻljallangan milliy strategiya giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashni tizimli va keng qamrovda olib borishni belgilaydi. Masalan, ichki ishlar organlarini narkotesterlar bilan taʼminlash, jinoyatlarni aniqlashda dronlardan foydalanish, narkolog mutaxassislarni tayyorlash hajmini besh baravarga oshirish kabi chora-tadbirlar koʻzda tutilmoqda.

    Strategiyada shuningdek aholini maʼrifatlantirishga katta eʼtibor berilgan — televideniye, ommaviy axborot vositalari, madaniyat vakillari orqali targʻibot-tashviqot faolligi oshiriladi. Mahallalarda, maktablardagi taʼlim muassasalarida “giyohvandlikka immunitet”ni shakllantirishga yoʻnaltirilgan dasturlar kuchaytiriladi.

    Texnik jihatdan ham yangicha yondashuvlar taklif etilmoqda: internet orqali narkotik savdosi va premollarining tarqalishini aniqlash, onlayn monitoring, tezkor-qidiruv xizmatlarini raqamlashtirish va integratsiyalash. Huquq-tartibot organlarining imkoniyatlarini kengaytirish, laboratoriyalarni kuchaytirish, va giyohvandlik vositalarining kontrabandasi, prekursorlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi chora-tadbirlar joriy etiladi.

    Reabilitatsiya va tiklanish boʻyicha ham chora koʻriladi: addiktologiya markazlari tashkil etilishi, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari kengaytirilib, “12 qadam”, anonim guruhlar va mehnat terapiyasi dasturlari qoʻllab-quvvatlanadi. Giyohvandlik bilan kurash sohasi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar qoʻllab-quvvatlanadi, yangi uslub va metodlar amaliyotga joriy etiladi.

    Agar bu strategiya samara bersa, u nafaqat narkotiklar tufayli yoʻqotilgan hayotlarni saqlab qoladi, balki jamiyatda sogʻlom va barqaror iqtisodiy oʻsish uchun muhim omil boʻlishi mumkin. Har bir qadam — profilaktikadan boshlab reabilitatsiyagacha — milliy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning bir qismi boʻlishi zarur.

    Qaramlikning narxi juda qimmat — u pul bilan oʻlchanmas, hayot, sogʻliq, orzular va davlat qadrlarining isrofidir. Biz faqat oʻtirib kuzatuvchi taraf boʻlmay, har birimiz bu kurashda oʻz hissamizni qoʻshsak, keyingi avlodlar uchun salomat, erkin va yorqin kelajak qura olamiz.


    Atobek Davronov,

    Toshkent davlar yuridik universiteti

    Jinoyat-protsessual huquqi oʻqituvchisi, PhD

    Maqsudali Bozorov,

    Toshkent davlar yuridik universiteti

    Jinoyat-protsessual huquqi oʻqituvchisi