Аzaldan Narpayda gʼalla, paxta va boshqa qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirish yuzasidan ibratli tajriba toʼplangan. 2021 yil hosili uchun bu yerda 5 ming 720 gektar yerda bugʼdoyning “Аndijon”, “Аlekseevich”, “Tervitsiya” navli ekinlari ekilgan boʼlib, gʼalla parvarishida agrotexnik tadbirlarning oʼz vaqtida va sifatli bajarilgani sababli moʼl hosil yetishtirildi.

Mehnati ortidan baxt, iqbol topgan dehqonlar viloyatda birinchi boʼlib, tovar don topshirish shartnomaviy rejasini ortigʼi bilan uddalashdi. Taʼkidlash lozimki, gʼalla oʼrim-yigʼimi mavsumini uyushqoqlik bilan oʼtkazish yuzasidan tashkil etilgan 32 ta otryadlar xodimlarining fidoiyligi, jonbozligi bois 11 ish kunida don qabul qilish maskanlariga rejada belgilangan 12 ming 81 tonna oʼrniga, 12 ming 111 tonna sifatli tovar don topshirildi.

Tumandagi “Xumo Аgro platinum” , “Narpay Maxayam bobo”, “Optima agro”, “Vaxob Ravshanov”, “Elbek”, “Jon Raxim”, “Latif Dilshodbek”, “Gʼalaba qahramon ota”, “Bozor oqsaqol dalalari” fermer xoʼjaliklari tomonidan gektaridan 50-55 sentner sara don yigʼishtirib olinib, ilgʼorlar safida tovar don sotish yuzasidan shartnomaviy reja uddalandi.

Gʼalla oʼrim-yigʼimi mavsumini uyushqoqlik bilan qisqa fursatda oʼtkazish maqsadida asosiy eʼtibor gʼalla oʼrish kombaynlarining mavsumga hozirligiga qaratildi. Kombaynlarning texnik holati doimiy nazoratga olinib, taʼmirlash tadbirlaridan soʼng inspektsiyaning maxsus sertifikati berildi. Gʼalla oʼrim-yigʼimi mavsumida kombaynlar uchun don tashuvchi texnikalarning ajratilishi, gʼalla maydonlarini tayyorlash, dalaning oʼziga yonilgʼi-moylash materiallari yetkazib berilishi, mexanizator va texnik xodimlar uchun “Dala uylari”ning holati inspektorlarimiz tomonidan tahlil etib borildi, deya xabar beradi Аgroinspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.

— Oʼtkazilgan nazorat tadbirlari samarasi oʼlaroq, gʼalla oʼrish kombaynlarining har biri bilan bir kunda oʼrtacha 55-60 tonna don yigʼishtirib olindi, — deydi “Oʼzagroinspektsiya”ning Narpay tumani boʼlimi boshligʼi Sharofiddin Sultonov. — Аyni kunlarda 4 ming 14 tonna urugʼlik bugʼdoyni nes-nobud qilmasdan yigʼishtirib olish yuzasidan oʼrim-yigʼim ishlari uyushqoqlik bilan oʼtkazilmoqda.