Nasliy angioedema: bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun shifokorlar malakasi oshirilmoqda

    Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda nasliy angioedemaga chalingan bemorlarning 20-30 foizi xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Mutaxassislar buni kasallikka o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yilmasligi bilan ham izohlaydi.

    Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova nasliy angioedema diagnostikasi va davolash usullari haqida o‘z xulosalarini bayon etdi.

    — Ushbu kasallik alomatlari kuzatilgan bemorlar darhol allergolog-immunolog shifokorga murojaat qilishlari lozim, — deydi professor. — Chunki nasliy angioedema tashxisini tasdiqlash uchun biokimyoviy markerlar hamda genetik testlarni o‘z ichiga olgan laboratoriya tekshiruvlari talab etiladi.

    Xususan, qon tahlili orqali C-1 ingibitori miqdori va faolligi, qolaversa, C-4 komponentining darajasi aniqlanadi. Shuningdek, qo‘shimcha genetik testlar o‘tkaziladi.

    Xastalikni davolash jarayoni, albatta, allergolog-immunolog shifokor nazorati ostida amalga oshirilishi shart. Muolaja samaradorligini baholash va kuzatish uchun uch oyda kamida bir marta mutaxassis ko‘rigiga kelish zarur. Shifokor bemorning holati hamda uy sharoitidagi dori-darmonlar terapiyasi natijalariga ko‘ra, unga stasionar davolanishni tavsiya etishi mumkin.

    Nasliy angioedemani davolash jarayoni uch bosqichni o‘z ichiga oladi. Dastlabki bosqich kasallik xurujini bartaraf etishga qaratilsa, qolgan ikki bosqich qisqa va uzoq muddatli profilaktikadan iborat bo‘ladi.

    Jumladan, kasallikning og‘ir bosqichida bemorga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish talab etilishi mumkin. Chunki tomoq va halqumdagi shishlar kattalashgach, nafas yo‘llarini berkitib qo‘yadi. Bunday chog‘da tez yordam xodimlari tomonidan bemorga plazmadan ajratib olingan nativ S-1 ingibitori (setog), bradikinin reseptorlari antagonistlari (ikatibant) berilishi, yangi muzlatilgan plazma quyilishi zarur.

    Hozir davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida yurtimizda orfan kasalliklar reyestrini shakllantish va xastaliklar balansini yaratish qizg‘in davom ettirilmoqda. Fikrimcha, bu jarayon nasliy angioedemani ham to‘liq qamrab olishi zarur. Qolaversa, bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda qo‘llaniladigan yuqoridagi preparatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kutilgan samarani berishi, shubhasiz.

    O‘z navbatida, bu yo‘nalishda tibbiyot xodimlarining bilim va mahoratini yuksaltirish maqsadida Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi qoshida 72 soatlik malaka oshirish kurslarini tashkil etganmiz. Unda xirurg, ginekolog, terapevt va oilaviy shifokorlar nasliy angioedema xastaligiga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitilmoqda.

    Chunki mazkur xavfli kasallik alomatlari kuzatilgan bemorlar, avvalo, birlamchi tibbiyot muassasalariga murojaat qiladi. Qolaversa, xastalik xuruj qilganida, "Tez yordam" va shoshilinch tibbiy yordam mutaxassislarining ko‘magi zarur. Shu ma’noda, o‘quv kurslarimiz tibbiyot xodimlari uchun foydali bo‘lishiga ishonchim komil.