Soʻngi 2 yil davomida butun dunyoda tibbiyot xodimlariga ehtiyoj oshdi. Buning sababi barchamizga maʼlum boʻlganidek, koronavirus pandemiyasidir. Aholiga xizmat koʻrsatish koʻlami va ishchi xodimlarining koʻpligi bilan ham Navbahor tuman tibbiyot birlashmasi tumandagi eng katta muassasalardan biri hisoblanadi.
Shu bois Navbahor tuman tibbiyot birlashmasida press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida tuman tibbiyot birlashmasida sogʻlom va nosogʻlom ovqatlanish boʻyicha koʻrgazmalar, oʻta xavfli yuqumli kasalliklar aniqlanganda tibbiyot xodimining harakat taktikasi, koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonlari bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari tanishtirildi.
OAV vakillari bilan muloqot jarayonida taʼkidlanishicha, 2020-yil pandemiya davrida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirish maqsadida jami tuman hokimligi zaxira mablagʻlaridan 775 million 481 ming 996 soʻm ajratilgan boʻlib, ushbu mablagʻlar bemorlarni davolash va ishchi xodimlarni himoya kiyimlari va antiseptik vositalari uchun ishlatilgan. Navbahor tuman tibbiyot birlashmasi koronavirus infeksiyasiga erta tashxis qoʻyish va profilaktik tadbirlarni erta amalga oshirish maqsadida 15 ta emlash brigadalari,15 ta emlash punktlari, 3 ta mobil brigada emlash jarayoniga 69 nafar tibbiy xodim,18 nafar vrach, 33 nafar vaksinator va uning dublyorlari, 18 nafar registrator tayinlangan.
Shuningdek, yaqin kunlarda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan yangi poliklinikaga raqamli rentgen va UZI apparati keltirilgan. Ushbu apparat yordamida kasallarga toʻgʻri tashxis qoʻyish va skriningdan oldingi tekshiruvlarda bolalarda uchrashi mumkin boʻlgan nuqsonli kasalliklarni oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.