Unda Qoʻmita va ekspertlar Kengashi aʼzolari, masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi masalalari dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Organik mahsulotlar toʻgʻrisida”gi, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlar atroflicha muhokama qilindi.
Qoʻmita aʼzolari “Organik mahsulotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, Qonun bilan organik mahsulotlar sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi. Xususan, organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning huquq va majburiyatlari belgilab berilgan. Bundan tashqari, organik mahsulotlarni ishlab chiqarishga oʻtish shartlari, organik mahsulotlarni ishlab chiqarishga doir talablar, organik mahsulotlarni davlatimiz hududiga olib kirish va respublikamizdan olib chiqish tartibi mustahkamlanyapti.
Qonunning qabul qilinishi organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish tizimidagi munosabatlarni shakllantirishning huquqiy asosini yaratish, organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, xoʻjalik subyektlari uchun munosabatlarni mufassal huquqiy tartibga solishga yordam beradi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti ham eshitildi.
Shuningdek, Qoʻmita huzuridagi Ekspertlar kengashining yangi tarkibi tasdiqlanib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Qoʻmita majlisida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.