Alisher Navoiy oxirgi yirik sheʼriy asari boʻlgan “Lison ut-tayr” dostonida Semurgʻ barcha qushlarning podshohi ekani, ammo uni hech qaysi parranda koʻrmagani, diydoriga intizor boʻlganlari bois, Semurgʻni qidirib, olis, mashaqqatli yoʻlga tushganlari, ammo yoʻl uqubatlari tufayli barchasi emas, eng jonfido, Semurgʻga yetishni hayotining maʼnosi deb bilgan oʻttizta qush qolganini hikoya qiladi. Bu oʻttiz qush yetti iqlim kabi boʻlgan talab, ishq, maʼrifat, istigʻno, tavhid, hayrat, faqru fano vodiylari osha uchib oʻtadi, mashaqqat cheka-cheka jussalari baayni ruh kabi boʻlib qoladi, ammo dillarini Semurgʻni koʻrish, unga yetishish ishtiyoqi tark etmaydi...
Alisher Navoiy – turkiy soʻz sanʼati podshohi, soʻz oshiqlari uchun ideal siymo, oʻzbek adabiyotining Semurgʻi, Anqosi, Humosidir. Bu mukarram zotga qancha yaqin borsak, uning viqoru haybatini, ulugʻvorligini shuncha teran anglaymiz, shoir ijodi qancha koʻp tadqiq etilsa, anglaganlarimiz shuncha kamligi tobora koʻproq sezila boradi. Bu gap aslo mahovat emas, aksar navoiyshunoslarning yakdil eʼtirofidir.
Navoiyni ilmiy oʻrganish oxirgi yuz yil davomida dongʻil yoʻlga tushib olgani rost. Ammo uning dastlabki yetmish yilchasi davomida biz Navoiyga yaqinlashyapmiz deb oʻzimizni ishontira-ishontira, aslida shoir dunyosiga emas, boshqa yoqqa qarab uchganimiz tobora ayonroq boʻlyapti.
Chunki yaqin oʻtmishda Navoiy XX asr siyosati ramkalariga solib oʻrganildi, oʻshanga moslab talqin qilindi. Ulugʻ Alisherni kaltabaqay qarichlari ila oʻlchab, devonlari, dostonlarining hamd va naʼt qismlarini qirqib tashlab, “tahrir” qilib, elga “Navoiy – shu”, deb taqdim etildi. Bamisoli, ana endi qushga oʻxshading, deganday boʻldilar. Oqibatda kitobxon koʻz oʻngida ertayu kech “reaksion vazir Majdiddin” bilan mojaro qilib yuradigan, keksa yoshida Guli (?) ismli “maʼshuqa”si bilan xilvatda uchrashadigan, nuqul KPSS siyosatiga mos gaplarni aytadigan soxta Navoiy qiyofasi paydo boʻldi. Hatto bir shoir Navoiyga xitoban, “tirik boʻlsang koʻksingga Lenin ordenini qoʻyardik taqib”, deya uni “alqagan” ham edi.
Istiqlol arafasida va uning dastlabki yillarida faoliyat koʻrsatgan navoiyshunoslarga oson boʻlmadi – sovet mafkurasi davrida, masalan, Boburni shoir sifatida yakdil eʼtirof etib, ammo podshoh boʻlganini qoralaydigan ilm negizida shakllangan bu avlod zimmmasiga yangi davr navoiyshunosligini birpo etish vazifasi tushgan edi.
Bir mahal tuppa-tuzuk olimlar “yangi davr adabiyoti 1917-yil 7-noyabrdan boshlandi”, deb daʼvo qilar edi. Albatta, bu soʻz sanʼatining mohiyatiga tushunmaslik oqibati. Shu bois, mumtoz adabiyotga haqiqat koʻzi bilan nazar tashlash aynan 1991-yilning kuzidan boshlandi, desak ham xato boʻladi. Uning ilk kurtaklari aslida ellik yillar avval nishona koʻrsatgan edi (chunonchi, professor Ergash Rustamov zoʻr jasorat bilan 1972-yilda “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalida Ahmad Yassaviy haqida maqola chop ettirgan va uning bu “shakkokligi” oʻsha yilning oʻzida Oʻzkompartiya plenumiga qoʻyilib, shafqatsiz tanqidga uchragan. Oqibat keksa frontovik olim bu ruhiy bosim tufayli xastalikka chalinib, olamdan oʻtgan). Haytovur, oʻtmish adabiyotimizga chinakam ilmiy yondashishga intilish oʻshandan beri davom etib keladi.
Mana, kitob javonimda “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” deb atalgan, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi saʼy etib, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi va Madaniyat vazirligi hamkorligida chop ettirgan oʻttiz jildli nashr turibdi. Uni 2022-yilda “Tamaddun” nashriyoti muhtasham bir shaklda, moziyning murabba gʻishtlariga kelbat beradigan ajoyib formatda chop etibdi.
Oʻttiz jildli navoiyshunoslik! Navoiyning shaʼniga, shavkatiga shunday kitoblar yarashadi, albatta. Birinchi jildiga oʻzbek navoiyshunosligining bir otaxoni va bir onaxoni – akademik Azizxon Qayumov (“Nodir sahifalar”) bilan Oʻzbekiston Qahramoni Suyima Gʻaniyevaning (“Navoiy nasri nafosati”, “Navoiy yodga olgan asarlar”) risolalari jamlangan. Birinchi manba Navoiyning davrdoshlari haqida nodir maʼlumotlarga nihoyatda boy, jozibali, yaxshigina badiiy til bilan taʼlif etilgan manoqib boʻlsa, keyingi asarda ulugʻ shoirning nasrda ham betimsol qalam ustasi ekani dalillanadi, soʻnggisida esa shoirning 220 ga yaqin asari nomi tilga olinganki, shuning oʻziyoq Navoiy ijodiga oid bibliografiya uchun nihoyatda asqatadi.
Ikkinchi jild esa navoiyshunosligimizning “choʻbir otlari”, yaʼni buyuk mehnatkashlari boʻlgan ikki alloma – Abduqodir Hayitmetov (“Navoiyxonlik suhbatlari”) bilan Abdurashid Abdugʻafurov qalamiga mansub (“Buyuk beshlik saboqlari”) monografiyalardan tarkib topgan.
Eʼtibor qilsangiz, majmuaga istiqlol davriga yetib kelgan olimlarning ulugʻ shoir ijodiga bagʻishlangan eng yaxshi asarlari kiritilgan. Darslik yozib, barchamizga Navoiyni oʻqitgan Natan Mallayev, hassos adabiyotshunos Botirxon Akramov, umri erta xazon boʻlgan Sharafiddin Sharipov yozgan bitiklar esa uchinchi jildni ishgʻol etgan.
Bu oʻttiz jildning har biridagi ilmiy asarlar nomi va mualliflar ismini birma-bir taʼvil etaversak, yozib biz charchaymiz, oʻqib – siz. Biroq asarlari mana shu toʻplamga kirgan oltmish bir muhtaram olimning loaqal ismini aytib oʻtmasak ham boʻlmas. Chunonchi, akademik Aliybeg Rustamiy, Saidbek Hasanov, Muhammadjon Hakimov, Anvar Hojiahmedov, Omonulla Madayev, Hasan Qudratullayev, Rahim Vohidov, Najmiddin Komilov, Muhammadjon Imomnazarov, Muslihiddin Muhiddinov, Hanifa Solihova, Maʼmura Rashidova, Ibrohim Haqqul, Qosimjon Sodiqov, Vahob Rahmonov, Inomjon Azimov, Boqijon Toʻxliyev, Oysara Mamadaliyeva, Nusratulla Jumaxoʻja, Alimulla Habibullayev, Zuhriddin Isomiddinov, Matnazar Abdulhakim, Komiljon Rahimov, Sultonmurod Olimov, Dilorom Salohiy, Farida Karimova, Maqsud Asadov, Shuhrat Sirojiddinov, Aftondil Erkinov, Nurboy Jabborov, Abdulhamid Qurbonov, Uzoq Joʻraqulov, Mahmud Hasaniy, Surayyo Karimova, Sayfiddin Rafiddinov, Bobomurod Erali, Abdulmajid Hasanxon Yahyo, Ergash Ochilov, Karomat Mullaxoʻjayeva, Ilyos Ismoilov, Ozoda Tojiboyeva, Husniddin Eshonqulov, Otabek Joʻraboyev, Xurshid Abdurashid, Akrom Malikov, Nodir Ramazonov, Maʼrifat Rajabova, Nazora Bekova, Dilnavoz Yusupova, Olimjon Davlatov, Zuhra Mamadaliyeva, Sirdaryoxon Oʻtanova, Sofiya Jumayeva.
Oʻttiz jildning eng oxirida asari keltirilgan uch yosh navoiyshunos olima – Zuhra Mamadaliyeva (“Lison ut-tayr” obrazlari: ramz va majoz olami”), Sirdaryoxon Oʻtanova (“Alisher Navoiy gʻazaliyotida rang simvolikasi”) hamda Sofiya Jumayevaning (“Alisher Navoiy sheʼriyatida ramziy raqamlar talqini”) risolalari nomiga eʼtibor qilishning oʻziyoq yangi avlod navoiyshunoslari shoir ijodini bir mahallar urf boʻlganiday, “hayoti va ijodi”, “gʻoyalari va obrazlari” kabi umumiy tarzda emas, har bir asar va uning matnidagi u yoki bu parchaga yuklangan zohiriy va botiniy maʼnolarni ochish, Navoiy olami bamisoli muazzam bir imorat boʻlsa, uning har bir gʻishti, har bir naqshini bamisoli lupaga solib koʻrish, shoir ijodi rang, raqam va simvollar miqyosida ham oʻrganila boshlaganini koʻrsatadi.
Goho shunday ham boʻladiki, ixchamgina maqola katta bir monografiyadan salmoqliroq boʻlishi mumkin. Majmuaning oxirgi – oʻttizinchi jildi navoiyshunoslikka katta hissa boʻlib qoʻshilgan ana shunday shukuhli ilmiy topilmalar bezagan. Bu jild Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi yana oʻttiz toʻqqiz olimu shoirning sara maqolalaridan iborat.
Koʻramizki, jami yuz nafar muallif bor. Eng ixchami 240, toʻlasi 480 bet boʻlgan bu oʻttiz kitobning loaqal biror jildidan biror parchani misol keltirish durust boʻlishini bilganim holda, qayeridan koʻchirma olishga hayron boʻlib, tavakkaliga mexanistik bir yoʻl tanladim – eng oʻrtada boʻlgan 15-jildga uch muallifning asari kiritilgan boʻlib, uning markazida Matnazar Abdulhakimning “Hayrat mezoni” asari bor ekan, shuni nishonga oldim. Matnazar akaning bu risolasi ulugʻ shoirning yettita gʻazaliga bitilgan sharhlardan tuzilgan. Oʻsha maqolalardan biri – “Lahzadagi mangulik” badiasi bunday deb boshlanibdi:
“Kechmish mingyillikning ulugʻ siymolaridan hazrat Navoiyning vaqt haqida poetik mulohazalari bilan oshno boʻlmoqlikning, nazarimda, hozir ayni vaqtidir. Shoir yozgan ediki:
Boqiy topar ulki boʻldi foniy,
Rahravgʻa fano baqo boʻlibdir.
Hazrat Navoiyning oʻzi ham har birimiz bilan birga dunyodan oʻtib boradi va ayni vaqtda, xalqimiz bilan, vatanimiz bilan mangulashaveradi”. Muallif maqola davomida shoir gʻazallaridan olingan misollarni sharhlay-sharhlay, ana shu fikrni isbot qiladi.
Ha, Alisher Navoiy haqida taʼrif-tavsiflar koʻp, biroq eng goʻzal, eng esda qolarli va haqqoniy bahoni Boburdan boshlab to Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Matnazar Abdulhakimgacha... shoirlar berishgan.
Oltmish-yetmish yillar ilgari ham Navoiy, uning ijodi haqida “Navoiyning qalb daftari” (Izzat Sulton) kabi ajoyib asarlar yozilgan edi. Lekin aksar tadqiqotlarda shoir ijodining oʻq tomiri boʻlgan islom dini va tasavvuf ruhiga deyarli eʼtibor berilmas, asosan “hayotbaxsh optimizm”, “xalqlar doʻstligi tarannumi” kabi zoʻraki mavzular yetakchilik qilar edi. Bugun esa ulugʻ shoirning barcha asarlari butun, toʻliq holda chop etilyapti, ijodining pafosini taʼyin etishda ham biror cheklov yoʻq, shu bois, ushbu toʻplamni bugungi kun navoiyshunosligining tiniq bir oyinasi boʻlibdi, deyish mumkin.
Biz beixtiyor ravishda “bugungi kun navoiyshunosligi” deyapmiz, biroq bu toʻplam va unga kiritilgan asarlar faqat bugunning emas, kelajak navoiyshunosligiga ham koʻzgu boʻlib qolmogʻini tilaymiz, albatta.
Navoiy jahon adabiyotining eng ulugʻ siymolari qatorida turadi. Bunday ulugʻ shoir kamdan-kam xalqlarning toleiga bitgan. Uning ijodini oʻrganishni yanada kuchaytirish, shu bilan birga, Navoiyni faqat oʻzbek eli yoki turkiy xalqlarning emas, dunyoning shoiriga aylantirishday katta vazifa turibdi oldimizda. Zabun va mute vaqtimizda bunga yoʻl berilmas edi, bu barchaga ayon. Ammo istiqlolga erishgan hozirgi paytimizda ham shu ishni paysalga solsak, toʻgʻri boʻlmaydi.
Yosh olim Olimjon Davlatov yetakchilik qilayotgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi Navoiy va, umuman, oʻzbek madaniyatini dunyoga tanitish yoʻlida yaxshi ishlar qilyapti. Chunonchi, bir yil ichida Navoiyni oʻrganish boʻyicha ilmda voqea boʻlgan nashrlarni toʻplab, bir formatga solib, barchamizga namoyon eta oldi. Uch kishidan iborat moʻjaz jamoa va ularga koʻmaklashgan sanoqli koʻngillilarning bu himmati hozirgi bozor iqtisodiyoti davrida tahsinga sazovor, albatta.
Biroq Navoiyning oʻzi aytganidek, oʻzimizni anglashimiz shart. Ana shundagina bu daho ijodkorni ham teranroq tushuna boshlaymiz. Nasib qilsa, dunyoga mashhur Nemis madaniyati markazi (Gyote instituti), H.Aliyev nomidagi ozarbayjon madaniyat markazi, Rossiya fan va madaniyat markazi (sobiq “Rossotrudnichestvo”), “Fransuz alyansi”, Koreys madaniyat va sanʼatlari saroyi, Yunus Emro instituti degan muassasalar kabi Navoiy instituti ham taʼsis etilib, dunyoning barcha yetakchi mamlakatlari poytaxtlarida ish boshlaydigan kunlar uzoq emas. Chunki davlatimizning dunyoga ochiqlik, milliy qadriyatlarmizni eʼzozlash, madaniyat va sanʼat arboblarini qadrlash kabi ezgu amallardan iborat boʻlgan bugungi siyosati endilikda shunday bir tashabbusni ham roʻyobga chiqarishni taqozo etadi.
Bu oʻttiz kitobni esa Navoiyga yetishish, u maqom tutib oʻtirgan yuksak maʼvo ostonasiga yaqinlashish uchun talpinib uchgan oʻttiz qushga qiyoslagimiz keldi. Eʼtibor qilgan kishiga bu “qush”lardan har birining rang-tusi, shiddati va hiddati ayon koʻrinadi. Navoiy dahosini idrok etish va tuyish sari yoʻl olgan bu karvonning parvozi bexatar va bezavol boʻlgay.
Zuhriddin Isomiddinov,
adabiyotshunos olim









