Navoiy va Qashqadaryoda energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi

    Ikkita viloyatda qariyb 500 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan shaxslar ushlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Nurota tumanida faoliyat yurituvchi “R” xususiy korxonasi masʼul shaxslari suv nasosini oʻzboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, jami 228,8 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

    Shuningdek, Departamentning Karmana tuman boʻlimi tomonidan tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “K.J.” fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari parrandalarni parvarishlash obyekti qarzdorligi sababli gaz tarmogʻidan dalolatnoma asosida uzilgan boʻlsada, oʻzboshimchalik bilan tarmoqqa qayta ulanib, jami 136,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

    Departamentning Dehqonobod tuman boʻlimi va “Oʻzenergoinspeksiya” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan reyd tadbirida “Sh.Q.” dehqon xoʻjaligi rahbari Sh.Q. xoʻjalik artizan qudugʻining 3 dona suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulab, 103 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169 moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.