Viloyatda jami 622 413 nafar saylovchi roʻyxatga olindi. Shundan ayollar umumiy saylovchilarning 51 foizini tashkil etadi. Nogironligi bor saylovchilar soni 6 203, shundan harakatlanishida nogironligi borlar 5 056, koʻzi ojizlar 2 062, eshitishda nogironligi borlar esa 662 nafardan iborat.

Shuningdek, 27 280 nafar 70 yoshdan yuqori boʻlgan keksa saylovchilar roʻyxatga olingan.

18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlganlar 185 528, birinchi marta ovoz beruvchilar 17 316, turgan joyida ovoz beruvchilar soni 9 954 nafardan iborat.

Viloyatdagi 11 ta saylov uchastkalari, jumladan, Navoiy shahridagi 6-, Karmana tumanidagi 64-, Qiziltepa tumanidagi 141-, Konimex tumanidagi 159-, Uchquduq tumanidagi 203-, Tomdi tumanidagi 219-, Zarafshon shahridagi 235-, Xatirchi tumanidagi 294-, Navbahor tumanidagi 349-, Gʻozgʻon shahridagi 369-, Nurota tumanidagi 377- saylov uchastkalarida saylov jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyati mavjud. Ushbu saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlari shuningdek, “Oʻzbekiston 24” va boshqa telekanallari hamda saylov2021.uz portali orqali ham kuzatib borish mumkin.

Viloyatning olis hududlarida yashovchi fuqarolarning saylovda ishtirok etishlari uchun ham qulay sharoitlar yaratilgan. Xususan, Navoiy viloyatidagi eng olis saylov uchastkasi Uchquduq tumani “Koʻkayaz” ovul fuqarolar yigʻinidagi 14-umumtaʼlim maktabida joylashgan 196-saylov uchastkasi hisoblanadi. Ushbu uchastka viloyat markazidan 530 km uzoqlikda joylashgan. 57 nafar saylovchisi mavjud.

Tomdi tumanidagi 218-saylov uchastkasi ham eng olis uchastka boʻlib, 39 nafar saylovchisi mavjud.

Bugun soat 11:00 ga qadar viloyatdagi saylov uchastkalariga jami 272 700 nafar yoki umumiy saylovchilarning 48%i kelib, oʻzi istagan nomzodga ovoz berdi. Saylov jarayonlari qizgʻin davom etyapti. Shu vaqtga qadar birorta saylov uchastkasida saylov qonunchiligining buzilishi toʻgʻrisida murojaat kelib tushmadi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Navoiy viloyatida saylovga tayyorgarlik koʻrish va bevosita ovoz berish jarayonlarini kuzatish uchun xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning 22 nafar vakillari viloyatga tashrif buyurishgan. Ular ayni damda saylov uchastkalarida boʻlib, jarayonlarni kuzatyapti.

Keyingi matbuot anjumani ovoz berish jarayonlari yakuniga yetgach boʻlib oʻtadi.

Qoʻshimcha maʼlumotlar 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi Matbuot markazi tomonidan kun davomida taqdim etib boriladi.