Navoiydagi klasterlar tomonidan manipulyatsiya harakatlari sodir etilganligi aniqlandi

    “XUDOYSHUKUR BOBO KLASTER” MCHJ va “NAVBAHOR TEKSTIL” MCHJ paxta hosilidan olingan texnik chigit mahsulotini birja savdolariga belgilangan tartibda sotuvga qoʻymaslik natijasida asossiz daromad olganlik holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini oʻtkazib borilishi belgilangan.

    Olib borilgan oʻrganish natijalariga koʻra, “XUDOYSHUKUR BOBO KLASTER” MCHJ tomonidan 2024-yil mart iyul oylarida paxta hosilidan olingan texnik chigit mahsulotining savdoga qoʻyish jadvallariga muvofiq birja savdolariga qoʻymaslik natijasida 4 ta holatda oldingi birja savdolarida shakllangan mahsulotning oʻrtacha sotilish narxi oʻrtasidagi tafovut kelib chiqib asossiz daromad olganlik, shuningdek “NAVBAHOR TEKSTIL” MCHJ 2023-yilning oktyabr va 2024-yil avgust oylarida ham 4 ta holatda texnik chigiti mahsulotini birja savdolariga sotish jadvallarida nazarda tutilgan hajmlarda sotuvga qoʻymaslik natijasida ham asossiz daromad olganlik holatlari aniqlandi.

    Maʼlumot oʻrnida. Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq, Birja savdolarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar, shu jumladan tovarlarni savdoga qoʻyish jadvallarini birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirmaslik hamda yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotni savdoga qoʻyish jadvallarida nazarda tutilgan muddatlarda birjaga qoʻymaslik yoki uni kam hajmda yoxud muvofiq boʻlmagan hajmda qoʻyish taqiqlangan.

    Shuningdek, mazkur nizom bilan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja rasmiy veb-saytiga savdoga qoʻyish jadvallarini joylashtirmaslik raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar deb hisoblanishi va ularni amalga oshirish taqiqlangan.

    Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan klaster korxonalariga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida koʻrsatmalar berilib tegishli choralar koʻrildi.