Prezidentimiz bundan uch yil oldin boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII Qurultoyi ishtirokchilariga yoʻllagan tabriklarida 11-noyabrni kasaba uyushmalari kuni, deb eʼlon qilgan edilar.
Shu bois ham ushbu sana Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining hayotida unutilmas va zarhal harflar bilan yoziladigan tarixiy kunga aylandi.
Ushbu sanani munosib nishonlash maqsadida Navoiy shahrida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, soha xodimlarini tabrikladi.
Maʼlumot uchun, viloyatda 8162 nafar ishchi-xodim, pensiya yoshidagilar, yubiley sanalarini nishonlayotgan xodimlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtojlarga 2 milliard 941,2 million soʻmlik moddiy yordam va turli toʻlovlar amalga oshirilgani davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi boʻldi.
Eʼtiborlisi, ijtimoiy himoyaga yoʻnaltirilgan bu mabgʻalarning 1 milliard 189,9 million soʻmi aynan kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobiga toʻgʻri keladi.
Bugungi kunda viloyatda kasaba uyushmalari tizimida 3300 dan ortiq boshlangʻich tashkilot samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Tizimda esa 120 nafardan ziyod xodim va 1200 nafarga yaqin faollar fidokorona mehnat qilmoqda.
Kengash tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida viloyatimizdagi 369 ta korxona, tashkilot va muassasaning 6709 nafar xodimi kasaba uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingani Kasaba uyushmalariga boʻlgan yuksak ishonchdan dalolatdir.
Tadbir soʻngida fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, aholining ehtiyojmand qatlamini hamda mehnat jamoalari aʼzolarini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash ishlarida faol ishtirok etayotgan bir guruh fidoyi soha xodimlari hamda tanlov gʻoliblari diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.