U qachon, qanday vujudga kelganidan qatʼi nazar, har tomonlama ilmiy asoslanib, koinot va tabiat qonuniyatlari hisobga olingan holda yaralgan. Chunonchi, quyoshning hamal burjiga kirishi, kunduzning uzaya boshlashi, yorugʻlikning kuchayishi, tabiatning jonlanishi Navroʻz deb qabul qilingan.

Bahor — fasllar malikasi, kelinchagi, suluvi va goʻzali! Olamning barcha ranglarini faqat koʻklamda koʻramiz. Tabiat uygʻonib, gul-chechaklar ochilib, atrof-tevarak yashil libosga burkangan bir pallada yurtimiz boʻylab oʻzgacha shukuh kezadi. Tinchlik-omonlik hukm surayotgan vatanimizning har goʻshasida sharqona yilboshi — Navroʻz keng nishonlanadi: karnay-surnay ovozlari, shodon yallayu laparlar, bolajonlarning shoʻx kulgusi yaqin-yiroqlardan eshitilib, koʻngillarga koʻklam nashidasini indiradi. Shu tariqa xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy anʼanalari qayta jonlanadi, yangicha qiyofa kasb etadi. Qolaversa, azaliy qadriyatlarimiz kelajak avlodlar ongu shuuriga singib boradi.

Xalqimiz bu kunni nishonlashga azaldan alohida tayyorgarlik koʻradi. Oʻtgan hafta davlatimiz rahbari imzolagan “2026-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaror ham yurtdoshlarimiz orziqib kutayotgan uygʻonish faslining asosiy shodiyonasi koʻtarinki ruhda nishonlanishidan darak beradi.

Mamlakatimizdagi ulkan oʻzgarish va yangilanishlar jarayoniga uygʻun va hamohang tarzda yuksak saviyada oʻtkazishga har qachongidan ham oʻzgacha shukuhda tay­yorgarlikni boshlab bergan hujjatga koʻra, bu yil bahor ayyomi “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” degan ezgu gʻoyaga esh tarzda oʻtadi.

Nima uchun tantanalar ruhini belgilashga “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” shiori bosh gʻoya sifatida tanlandi? Yurtimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yoʻlida ulkan qadamlar tashlanmoqda. Bularning barchasi qadimiy tarix va anʼanalarga ega sharqona yangi yil — Navroʻzi olamning insonparvarlik mohiyati, uning bagʻrikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda.

Aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatning hech bir aʼzosini mehr va ­eʼtibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan, barcha tabiat neʼmatlaridan oqilona foydalanish, joylarda ahillik, totuvlik va hamjihatlikni taʼminlash ustuvor vazifamizga ­aylanmoqda. Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida nishonlanadigan bu yilgi Navroʻz shodiyonalari shu bois, yangicha ruh va mazmun kasb etadi.

— Xalqimiz asriy orzulari va davrlar sinovidan oʻtgan odamiylik, mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi fazilatlari, shuningdek, bagʻrikenglik, ahillik, oʻzaro hurmat singari milliy qadriyatlarini ushbu bayram sayillariga singdirib yuborgan, — deydi Olmazor tumanidagi “Xastimom” mahalla fuqarolar yigʻini raisi, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi Sanoat Yahyoyeva. — Mustaqillikdan keyin qayta tugʻilgan Navroʻz ham barcha qadimiy qadriyatlarimiz qatori keng nishonlanadigan boʻldi. Bu bayram yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari bilan birgalikda tantana qilinadi. Dunyo siyosiy xaritasi turli tahlikalardan titrayotgan bir pallada jonajon Oʻzbekistonimizda barcha millat vakillari tomonidan turli tillardagi kuy va qoʻshiqlarning yangrashi — tinchlik va osoyishtalik mevasi.

Bugun respublikamizda 150 dan ziyod milliy-madaniy markaz faoliyat koʻrsatmoqda. Markazlarning tashabbusi bilan Navroʻz sayillari tashkil etilmoqda. Har bir milliy madaniy markaz oʻz anʼanalari, marosimlarini Oʻzbekistonda yashovchi boshqa millat vakillariga yaqindan tanishtirishga eʼtibor qaratadi. Badiiy jamoalar, havaskorlar va xalq ardogʻidagi sanʼatkorlar konsertlari, milliy taomlar, milliy liboslar, hunarmandlar koʻrgazmalari namoyishlari kishiga olam-olam zavq beradi. Millati, tili, dini va irqidan qatʼi nazar, har bir kishining qalbiga yangilik, quvonch olib kiradi.

Navroʻz xayru saxovat ishlariga daʼvat hamdir. Shu kunlari nogironligi bor yurtdoshlarimizga, bemoru nochor kishilarga saxovat koʻrsatiladi, holidan xabar olinib, imkon darajasida moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanadi. Yurtimiz Navroʻzi ana shunday ezguliklar timsoli. U shunchaki namoyish, bayram emas, balki odamning insoniy tuygʻulariga quvvat berguvchi, ularni yaqinlashtirguvchi, jipslashtirguvchi, yagona vatan tuygʻusini mustahkamlaguvchi bebaho omildir.

Qarorda soʻnggi yillarda yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tom maʼnodagi tarixiy oʻzgarishlarga mos holda maʼno-mazmuni tobora chuqurlashib borayotgan Navroʻz ayyomini barcha shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda umumxalq sayli sifatida, yuksak tashkiliy saviyada va koʻtarinki ruhda nishonlash maqsadida tegishli masalalar belgilab berilgan.

Shuningdek, joylarda Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan barcha tadbirlarni yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu yilgi Navroʻz muborak Ramazon hayiti bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanishi uning insonparvarlik tamoyillarini yanada kuchaytirishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxonlarini tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini mahalla faollari, yoshlar va xotin-qizlar vakillari ishtirokida uyushqoqlik bilan oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

— Navroʻz bayrami kunlari Hazrat Alisher Navoiy bobomizning “Har tuning qadr oʻlubon, har kuning oʻlsun Navroʻz!” baytlarini qayta-qayta tilga olamiz, — deydi Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo. — Uning mohiyatiga bugungi kun nuqtayi nazaridan oʻzgacharoq nazar tashlasak, qadr tuni — muborak Ramazon oyi ichra ezgu duolar, niyatlar ila bedor oʻtkaziladigan tun. Bu tun tongga qadar qilingan ibodat, ming oylik ibodat savobini beradi, ezgu niyatlar, duolar qabul boʻladi deydilar. Navroʻz — Yangi kun esa uygʻonish, yasharish fasli bahorga yoʻldosh, tun va kun adolat tarozusi ichra teng kelgan muddat, borliq, bogʻ-rogʻlar jannatiy iforlarga toʻlgan, dalalarda dehqon yer haydab, baraka urugʻini sochadigan palla. Qarangki, qadr tunidagi yaxshilik sogʻinchi, tabiatdagi uygʻonish zamiridagi baraka va xayrli oqibat ilinji Oʻzbekistondagi bugungi davr, islohotlar ruhiga qanchalar uygʻun.

Doshqozonlar atrofida sumalak, halim tayyorlash, oʻyin-kulgilar mohiyatida, avvalo, xalqimizning bir-biriga mehr-oqibati, birligi, hamjihatligi, yelkadoshligi, bir maqsad yoʻlida bir-biriga suyanchiqligi namoyon boʻladi. Bugun ham bizga Navroʻzning bu kabi insonparvarlik tamoyillari juda zarur.

Navroʻzning insonparvarlik mohiyati, azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang ekani joylarda, katta maydon va sayilgohlarda, barcha mahallalarda nishonlanadigan shodiyonalar mohiyatini belgilab beradi. Mamlakatimizdagi tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar mevasi sifatida boʻy koʻrsatadi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri