Yigʻilishda soʻnggi kunlarda aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari biroz ortganligi taʼkidlab oʻtildi. Shu bois mutassaddi vazirlik va idoralarga:
bayram tadbirlarini ob-havo sharoitini inobatga olgan holda ochiq joylarda, yaʼni bogʻlar, xiyobonlar va oʻyingohlarda oʻtkazish;
bayram tadbirlarida aholini koʻp toʻplamaslik va tashrif buyuruvchilar niqobda boʻlishlari hamda ijtimoiy masofani saqlashlari ustidan nazoratni oʻrnatish;
aholi gavjumligining oldini olish maqsadida tadbirlarni kichik hajmda mahallalarda tashkil etish choralarni koʻrish kabi koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan birga, bayram tadbirlarida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlik choralari koʻrish maqsadida huquq tartibot organlariga tegishli topshiriqlar berildi.
Joylarda oʻtadigan bayram tadbirlarini yuqori badiiy saviyada oʻtkazish, buning uchun estrada xonandalari va teatr aktyorlarini jalb etish kabi vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan aholi oʻrtasida koronavirus bilan kasallanish holatlarini barvaqt aniqlash boʻyicha PZR laboratoriyalarning toʻliq quvvatlarda faoliyatini tashkil etish, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini ixtiyoriy emlash tadbirlarini tashkil etish borasida tegishli topshiriqlar berildi.
Ayrim xorijiy va qoʻshni mamlakatlarda bugungi kunda kuzatilib turgan koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq keskin epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatimizda shu kabi holatlarning qaytarilmasligi uchun keng targʻibot ishlarini olib borish tavsiya etildi.