Qantar ogʻib, choʻponning yelkasiga oftob tegdi. Oppoq qor bilan qoplangan tepaliklarda eruv boshlandi. Yer qizib, tafti samoga koʻtarilmoqda. Allaqachon qoʻzilab boʻlgan suruvini boychechak boʻy koʻrsatgan keng qirlarga haydashga shoshilgan qoʻychivon chorvaning yili kelganidan mamnun. Tayogʻiga suyangancha barakani chamalab koʻradi. Oʻzicha sarhisobidan taskin topadi. Koʻngli oftobda erigan qor kabi yumshab, qizigan tosh ustiga bir zum oʻtiradi. Onasining ortidan ergashayotgan egiz qoʻzichoqlarga qarab dili yayraydi. Qoʻyniga solib yurgan, bobosidan qolgan chanqovuzni olib, labiga tekkizadi. Oʻzicha chalmoqqa shaylanadi. Sozning ovozi bir oz oʻxshamayroq chiqadi. Oʻtgan yilgi koʻklamdan beri qoʻliga olmagandi. Ozgina yodidan koʻtarilibdi. Yasqoq toshga oʻrnashib olib, boshqatdan urinadi.
Biyov-biyov, degan sas yangray boshlaydi. Ohang boshida bir oz pastlab, keyin koʻtariladi. Atrofga oʻzgacha kuy taraladi. Bu navodan adirning kun tegish tomonidagi qoyaning qori erib, endigina bagʻriga issiqlik tekkani qoqioʻt sergak tortgan kabi bosh koʻtaradi. Mayin shabbodaning taʼsiridanmi yoki chanqovuz ovoziga hamohangmi, tebranib, raqsga tushgan boʻladi. Huv narida biya ortidan ergashib yurgan, hali tugʻilganiga koʻp boʻlmagan saman toychoq bu ohangni ilk bor eshitayotgan boʻlsa kerak, quloqlarini dikkaytirgancha jim qarab qoladi. Balki qulogʻiga mayin yoqayotgandir.
Bir-birining pinjiga tiqilib turgan ikki juft toshbulbul ham harakatga tushib qoladi. Mayin navo qaydan kelayotganiga qiziqib, katta tosh ustiga qatorlashib qoʻnib oladi. Shu paytga qadar qurib qolgan kaklik koʻzidekkina chashma ham harakatga tushadi. Undan ziloldek suv sizib chiqib, pastlik tomon oqa boshlaydi. Shoshayotgan jilgʻaga qoʻshilib, soy tomon quyiladi. Sharqiragan ovoz chiqarib, goʻyoki choʻponga joʻr boʻladi. Darakchi qushlar parvoz qilib, qoʻshiq aytishga tushadi. Butun borliq uygʻona boshlaydi. Demak, bahor kirib kelmoqda.
Aslida, ilk koʻklamni chorvadorlar qarshi olib, keyin navbat dehqonlarga oʻtadi. Qoʻliga ketmon olib ishga kirishgan mirishkorlar ob-havo yaxshi boʻlishidan umidvor boʻlib yerga urugʻ sochadi. Yil barakali boʻlishini tilab keksalar duoga qoʻl ochadi. Nuroniylar qoʻliga bir dona boʻlsa-da, nihol olib ekishni boshlab beradi.
Uygʻonish fasli jamiki jonzotni harakatga keltiradi. Dalalarda ish, qizgʻin hayot boshlanadi. Qaysidir mahallada hashar uyushtiriladi. Hovlilardagi daraxtlar oqlanib, tagi yumshatiladi. Xotin-qizlar doshqozon oʻrnatib, sumalak pishirishni boshlab yuboradi. Qoʻliga urchuq olgan momolar koʻklamga koʻrpacha solib, oʻtmish laparlaridan xirgoyi qilishga kirishadi. Jamalak taqqan qizaloqlar momosi qoʻlidagi urchuqning aylanishiga mahliyo boʻladi. Qoʻliga tokqaychi olgan bobo nabirasini yetaklagancha bogʻ oralaydi. Boʻy koʻrsatgan qoqioʻt, momoqaymoqlarni olib: “Omonlik, omonlik, hech koʻrmaylik yomonlik”, deya yetkazganiga shukrona aytadi. Moʻysafidning harakatiga hayrat-la tikilib, koʻzlari porlab turgan bolakayga bobo rivoyatlar aytadi. Bu kabi manzara har bir xonadonda, har bir dalada takror boʻladi. Xullas, hademay yosharish ayyomi — Navroʻz kirib keladi. Yangi kunga yaxshi niyatlar ila hozirlik koʻrish lozim.
Koʻkdala tumanidagi Chiyal ahli har yilgi Navroʻzni oʻzgacha kutib oladi. Hudud anʼanasiga koʻra, bahor bayramini oʻtkazishni qishloqdagi maktabni qaysidir yili bitirgan sinfdoshlar oʻz zimmasiga oladi. Dastlab oqsoqollar oldidan oʻtib, rozilik soʻrashadi. Rejalari asosida qilinadigan xayrli tashabbuslari haqida batafsil aytib oʻtishadi. Shundan soʻng keyingi yil bayram tashkilotchilari — misol uchun, 1987-yil tugʻilgan sinfdosh yigitlar ekani eʼlon qilinadi. Oʻz zimmasiga kattagina masʼuliyatni olgan sinfdoshlar shu kunning ertasigayoq ishga kirishadi. Eng muhimi, ularning oʻz niyatlariga koʻra, qishloqda yaxshigina obodonchilik boshlanadi. Yaʼni keyingi Navroʻzga qadar oʻz hisoblaridan muayyan mablagʻ yigʻishib, homiylik hisobidan koʻprik yoki yoʻlga asfalt yotqizishadi. Oʻzlari tahsil olgan maktabga kitob sovgʻa qilishadi. Oʻquv binosini taʼmirlab berishadi.
Joriy yilda ham Chiyalda anchagina katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayni kunlarda qishloq bolalari maktabga qatnashi uchun piyodalar yoʻlakchalari barpo etilmoqda.
— Chiyalda hozir 12 ta mahalla mavjud, — deydi hudud faoli Allamurod Keldiyev. — Shunday boʻlsa-da, har bir mahallada udum mavjud. Buning natijasida qishloqlarimiz obod maskanga aylanmoqda. Yoʻllarimiz yaxshilanib, muammolar bartaraf etilmoqda. Yoshlarning bu xayrli tashabbusi ortidan kambagʻal oilalar bandligi taʼminlanib, farovonlikka qadam tashlashiga sharoit yaratilmoqda. Ayniqsa, oliygohlarda taʼlim olayotgan, imkoniyati yetmayotgan ayrim talabalarga kontrakt pullarini toʻlab berishda katta koʻmak berilmoqda. Bundan tashqari, maktablarimizning ahvoli ancha yaxshilanmoqda. Kutubxonalarimiz kitobga toʻlmoqda.
Qishloq oqsoqollarining aytishicha, sobiq sinfdosh yigitlar har bir mahalla ahlini biriktirib, oʻz hisobidan Navroʻz saylini tashkil etadi. Bayram oldidan yoshlar oʻrtasida voleybol, futbol, milliy kurash, arqon tortish, tosh koʻtarish kabi sport musobaqalari oʻtkazilib, gʻoliblar munosib taqdirlanib boriladi. Yana bir jihati, sport bellashuvlarida nafaqat yoshlar, balki yoshi kattalarning ishtiroki ham taʼminlanib, tadbirning qiziqarli oʻtishiga imkoniyat yaratiladi.
Chiyalda oʻttiz yildan koʻproq vaqt mobaynida shakllangan ushbu ezgu anʼanani boshqa joyda uchratish mushkul. Agar sarhisob qilinadigan boʻlsa, oʻtgan yillar davomida aynan ushbu tashabbus ortidan hududda bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Masalan, shu paytga qadar qishloqlar oʻrtasidagi mavsumda toʻlib oqadigan Qumdaryodan bahor paytlarida oʻtish mushkul boʻlib kelgan. Ayniqsa, oʻquvchilar maktabga qatnashi anchagina qiyinlashib qolgandi. Bu muammoni bartaraf etish uchun aholi “kimdir qilib berar” qabilida ish tutmay, hasharni boshlab yuborgan. Bunda aynan Navroʻz tashkilotchilari asosiy homiylik qilishgan. Natijada keyingi besh-olti yilda uch-toʻrtta koʻprik barpo etildi. Uzoq yillik tashvish aridi. Oʻquvchilarning uzogʻi yaqin boʻldi.
— Bu anʼana navbati bilan almashib boraveradi, — deydi Qumdaryo mahallasi raisi Oʻktam Soipov. — Bu yil bizda 1984-yilda tugʻilgan sinfdosh yigitlar bayram tadbirlariga bosh boʻlmoqda. Baraka topsin. Hozirga qadar mahallamizning ichki koʻchasi yonidan 3 kilometr piyodalar yoʻlagi qurib berishdi. Ilgari bolalarimiz maktabga katta asfalt yoʻldan borardi. Mashinalar harakatlanishiga moʻljallangan yoʻldan yurish ancha xavfli. Ota-onalarning xavotiri ortib, farzandlari uyga qaytgunga qadar koʻchaga termulib oʻtirardi. Hozir tekis yoʻlakdan bemalol borib kelishmoqda. Shu bilan birga, quyosh nuridan quvvat oladigan koʻcha chiroqlari ham oʻrnatib berishdi. Buning evaziga yoʻllarimiz charogʻon boʻldi. Oʻtgan yilgi tashabbuskorlar koʻprik qurib bergandi. Undan avvalgi yilda maktabimizda artezian qudugʻi kovlanib, ichimlik suv bilan taʼminlandi. Aynan Navroʻz bayrami bahona har yili yangiliklarga qoʻl urilmoqda. Manzilimiz obod maskanga aylanmoqda.
Xayrli tashabbus shu hududda joylashgan “Chuvulloq” mahalla fuqarolar yigʻinida ham keng tarqalgan. Mahalla nuroniylarining aytishicha, sinfdosh yigitlar tashabbusi bilan joriy yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga katta yordam berilgan. Shu bilan birga, Navroʻz oʻtkazishni zimmasiga olgan yigitlar oʻzlari tahsil olgan maktab kutubxonasiga badiiy adabiyotlar sovgʻa qilishgan. Oʻtgan yillar davomida bu kabi ishlarning sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi.
— Azaldan yangilanish ayyomi oʻzgacha kutib olingan, — deydi “Toʻqmor” MFY raisi Sherali Mirzayev. — Navroʻz xalqimiz uchun eng eʼzozli bayramlardan biri. Bunga doim alohida tayyorgarlik koʻrilgan. Ota-bobolarimiz tozalikka eʼtiborni, avvalo, hovlisidan boshlagan. Shundan soʻng koʻchalar ozoda qilingan. Hasharlar oʻtkazilib, joylarga daraxtlar oʻtqazilgan. Bemorlar holidan xabardor boʻlishgan. Keksalarning duosi olingan. Bu udum bugun ham davom etib kelayotgani quvonarli. Adashmasam, bizda ilk bor 1996-yilda sinfdosh yigitlar tashabbusi bilan Navroʻz oʻtkazish boshlangandi. Shundan beri har yili shu tariqa oʻtkazib kelinadi. Hozirgacha bu tashabbus ortidan qishlogʻimizga yangi sport maydonchasi barpo etildi. Ichki yoʻlimizning 1 kilometr qismi asfalt qilindi. Ikki kilometr yoʻlga shagʻal yotqizildi. Bundan tashqari, 68-umumtaʼlim maktabimizga quduq qazdirildi. Har yili yuzdan ziyod daraxt koʻchati ekib berishadi.
Boshqa joylardagidan farqli oʻlaroq, bu manzilda “Navroʻz solnomasi” kitobi ham joriy etilgan. Mazkur kitobga 1996-yildan beri sinfdosh yigitlar tomonidan har yili Navroʻz arafasida qilingan ishlar qayd qilib boriladi. Kitobni varaqlarkanmiz, hech bir sahifasida boʻsh joy yoʻqligiga guvoh boʻldik. Qaydnomalar keyingi yillarda yanada kengayganini koʻrish mumkin. Ushbu solnomada yaxshi nom qoldirish mahalla yoshlari uchun katta sharaf.
Aytishlaricha, keyingi yillarda Chiyal anʼanasi voha boʻylab keng tarqala boshlagan. Buning evaziga Navroʻz bayrami tantanalari joylarda yanada qadriyatlarga boy, milliy urf-odatlar asosida oʻtmoqda. Bu esa nafaqat hududlar obodligiga, balki koʻngillar nurafshonligiga ham sabab boʻlmoqda. Bu kabi xayrli tashabbuslar yanada quloch yozsa, bahor ayyomi har bir manzilda yanada goʻzal boʻlishi shubhasiz.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









