баннер
21 Mar 2025
16:00

    Navroʻz falsafasi ezgulik timsoli va vatan mehrini mustahkamlovchi qudrat

    Necha ming yillik tarixga ega bu bayram inson ichki olami va tabiat uygʻunligi ramzidir. Bu davrda nafaqat tabiatda, balki insonlarning koʻnglida ham yangi umid va orzular kurtak yozadi.

    Uygʻonish faslining dillarga ajib iliqlik va koʻtarinkilik baxsh etayotgan shu kunlarida yurtimizda tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovati timsoli – Navroʻz umumxalq bayramini nishonlashga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Garchi bu ayyom har yili takrorlansada, kattayu kichik uni moʻjizani kutgandek orziqib qarshilaydi. Chunki yoshimiz va kasb-korimizdan qatʼi nazar, barchamiz bahorni, bahoriy neʼmatlarni, koʻklam nafasini sogʻinib yashaymiz.

    Sharq xalqlarining umrboqiy maʼnaviy qadriyatlaridan biriga aylangan Navroʻz bir necha ming yillik tarixga ega. Yozma manbalarda taʼkidlanishicha, bu bayramning yuzaga kelishi koinot hamda tabiat sirlari va qonunlariga, yaʼni quyoshning hamal burjiga kirishi, kun va tunning vaqt jihatdan barobar boʻlishi, bahorning kelishi, tabiatning uygʻonishi bilan bogʻliq.

    Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil avval “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Navroʻzni taʼriflagan edi. Umar Xayyomning “Navroʻznoma” asarida esa Navroʻzning kelib chiqishi, ajdodlarimizning shunga bogʻliq urf-odatlari, shuningdek, sumalak haqida mufassal maʼlumotlar bor.

    Buyuk alloma Beruniy “Quyosh va Oy falakning ikki koʻzi boʻlganidek, Navroʻz va Mehrjon zamonning ikki koʻzidir”, deb taʼriflagan edi. Navroʻz bahorda kun va tunning barobar kelishida, Mehrjon esa kuzda xuddi shunday holatda nishonlanadi. Navroʻzni Beruniy “olamning boshlanishi”, Firdavsiy esa “bayramlar shohi” deb ataydi.

    Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarida bu holga quyidagicha taʼrif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yoʻlini ochdi. Oq rang ketib, boʻz yerni alvon rang qopladi, olam oʻziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana oʻz hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib oʻz oʻrniga keldi, Baliq (hut) dumidan qoʻzi (hamal) burjiga koʻchdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil toʻn kiydi, ol, sariq, koʻk, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

    Bayramlarning eng qadimiysi, goʻzali va ulugʻvori boʻlmish bahor va yangilanish ayyomi — Navroʻz asrlar osha sayqallanib, yangicha mazmun-mohiyat kasb etib keladi. Milliy bayramlar har bir xalqning gʻururi va iftixoridir. Biz uchun ham xalqimizning Navroʻz kabi milliy qadriyatlari aziz va tabarrukdir. Lekin shoʻrolar davrida kommunistik mafkura tarafdorlari Navroʻzga diniy tadbir, eskilik sarqiti deb qarashgacha bordi. Uni xalq turmushidan, xotirasidan oʻchirib tashlashga, boshqa tadbirlar bilan almashtirishga urinib koʻrdi.

    Mustaqillik xalqimizga oʻtmishda toptalgan urf-odat, anʼanalarimiz, qadriyatlarimiz qatori Navroʻzni ham qaytarib berdi. Mustahkam ildizlarga ega boʻlgani uchun ham Navroʻz udumlari, anʼanalari, navroʻziy urf-odatlar hamon davom etib, sayqallanib, takomillashib kelmoqda. U qadim zamonlardan buyon bizgacha yetib kelgan muhtasham qadriyatlarimizdan biri, tom maʼnodagi umumxalq bayramidir.

    Oʻzbeklar va Markaziy Osiyodagi boshqa xalqlarning tarixiy sinovidan oʻtgan bayram hamda marosimlar kishilarning oʻzaro munosabatidagi fazilatlarni, chinakam xalqchil, umuminsoniy qadriyatlarni aks ettiradi. Bunday milliy urf-odat va marosimlarda oʻzbeklarning milliy ruhiyati, maʼnaviyati va feʼl-atvorining oʻziga xos, olijanob jihatlari ham namoyon boʻladi.

    — Navroʻzning tarixi va nishonlanish usullariga nazar solsak, undagi oddiy xalqqa tegishli odatlar eʼtiborni tortadi. Qadimda bayram kuni odamlar hayotingiz shirin boʻlsin deb bir-biriga shirinlik ulashgan. Goʻzal boʻling degan maʼnoda gullar taqdim qilgan, boshlanayotgan yilda suv koʻp boʻlib, moʻl hosil unishini tilab, bir-biriga suv sepgan. Ajdodlarimiz asrlar boʻyi Navroʻz arafasi doshqozonlarda sumalak qaynatib, kelayotgan yangi yil barakali, fayzli va serhosil boʻlishiga umid bogʻlagan, — deydi tarixchi olima, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Dilshodxon Qurbonova. — Xalqimizda sumalak nonday qadrlanadi. Uni tayyorlashda alohida tartib-qoidalarga, maʼnaviy mezonlarga amal qilinadi. Hatto sumalak pishirilgan qozon yuvilgan suv ham duch kelgan joyga emas, mevali daraxt tagiga toʻkiladi.

    Necha ming yillik tarixga ega bu bayram inson ichki olami va tabiat uygʻunligi ramzidir. Bu davrda nafaqat tabiatda, balki insonlarning koʻnglida ham yangi umid va orzular kurtak yozadi. Dillar poklanadi, oʻzaro mehr-oqibat tuygʻulari namoyon qilinadi.

    Xalqimizning “Hamal kirdi — amal kirdi” degan maqoli juda mashhurligi bejiz emas. Navroʻz kelishi bilan bahor nafasidan borliq tanasiga qayta jon kiradi. Yoshi ulugʻlar yurtda tinchlik-osoyishtalik boʻlsin, dehqonchiligimiz unsin deb duoga qoʻl ochadi. Qorli-qirovli kunlarni dalasini sogʻinib oʻtkazgan oʻzbek dehqoni barakali va moʻl hosil olish umidi bilan Navroʻz pallasida yerga urugʻ qadaydi, koʻchat oʻtqazadi, atrof-muhitni koʻrkamlashtirishga intiladi.

    Bobodehqonning ilk bor dalaga qoʻsh chiqarishi ham Navroʻzdan boshlangan. Dalaga qoʻsh chiqarishdan oldin u bilan bogʻliq turli urf-odat, marosimlar oʻtkazilgan. Qurbonliklar qilinib, qoʻshga qoʻshiladigan hoʻkizlar shoxi yogʻlangan. Bu “shox moylar” marosimidan maqsad yilning qut-barakali kelishiga, toʻkin-sochinlik boʻlishiga umid qilingan.

    Prezidentimizning “2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu yilgi bayram mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanadi. Muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, Mehribonlik, Saxovat va Muruvvat uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan va koʻmakka muhtojlar holidan xabar olish uchun ularga bayram dasturxoni yoziladi hamda turli xayriya tadbirlari oʻtkaziladi.

    Shahar va qishloqlarimizda navroʻzoldi xayriya hasharlari, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish jarayonida yoshlarda ona zaminga, tabiatga mehr tuygʻularini kamol toptirish, ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadlari ham nazarda tutiladi. Navroʻz udumiga, navroʻziy urf-odatga aylanib ketgan bu kabi tadbirlar yosh avlod qalbida ezgulikka, yaratuvchilikka oshnolik hissini rivojlantiradi. “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish aksiyalarini, umumxalq hasharlarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bayram tadbirlari bahonasida xalqimizning hamjihatlik, mehr-oqibat kabi bebaho xislatlari yanada sayqal topib bormoqda.

    Tabiat uygʻonayotgan shu kunlarda ona zamin bagʻridan sizib chiqayotgan zilol suv, uygʻonayotgan bogʻlar, rizq-roʻzimiz unayotgan bepoyon dalalarga boqib, jannatmonand yurt farzandi ekanimizdan koʻngillarimiz faxru gʻururga toʻladi.

    Bahor va yoshlik — ezgu tushunchalar. Yoshlikni umr bahori deb ham ataydilar. Shu bois, Navroʻz munosabati bilan qilayotgan ishlarimizning barchasi buyuk kelajak bunyodkorlari boʻlmish yoshlarni istiqlol gʻoyalariga sadoqat hamda milliy maʼnaviy qadriyatlarimizni eʼzozlash ruhida tarbiyalash, yangi Oʻzbekiston zamini gullab yashnashi uchun har birimiz masʼul ekanimizni his qilmogʻiga erishishga yoʻnaltirilgan.

    Xalqimizning bayramlari hamisha kuy-qoʻshiqqa, hazil-mutoyibaga esh boʻlgan. Bayram kunlari turli avlod vakillarining bahor taomlari tortilgan dasturxon atrofida jamuljam boʻlishi ham yoshlarga Navroʻz bilan bogʻliq udumlar, urf-odatlar va anʼanalar haqidagi tushunchalarni singdirishga xizmat qiladi.

    Ayni bahor faslida inson oʻzini tabiatning ajralmas, uzviy qismi sifatida his qilishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni eʼzozlab, neʼmatlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukrona tuygʻusi bilan yashashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtiriladi.

    Navroʻzning kelishi shunchaki tabiat yashnashi, yangilanishi emas, balki inson ongi va tafakkurining ham yangilanishi deganidir. Bu yilgi Navroʻzning har bir tantanasida yurtimizda yuz berayotgan islohotlar bilan birga xalqimizning ongi, tafakkurida yuz berayotgan evrilishlar oʻz ifodasini topadi.

    Mustaqillikning oʻttiz toʻrtinchi yili bahorini yurtdoshlarimiz koʻtarinki ruh, yangidan yangi orzu-umidlar bilan qarshi olmoqda. Oʻlkamizda Navroʻz nafasi kezib yuribdi. Yaratganga shukrlar boʻlsinki, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, bunyodkor xalqimiz ertangi kunga ishonch bilan qadam tashlamoqda. Yangilanish va yasharish ayyomi boʻlgan bahor bayrami zavqi va nashidasini toʻlaqonli tuyish va his qila olishning kafolati ham ana shunda. Chunki tinch va osoyishta, barqaror va farovon yurtgagina bayramlar yarashadi.

    Asrlar davomida biz uchun ezgulik timsoli boʻlib kelgan Navroʻz jahon hamjamiyatiga biz kimlarning avlodi, qanday ulugʻ tarix va boy maʼnaviy meros vorislari ekanimizni yaqqol namoyon qilish imkonini beradi.

    Navroʻz shunchaki namoyish, shunchaki bayram emas, balki insoniy hislarga, mehr-oqibat tuygʻulariga kuch-qudrat baxsh etuvchi, kishilarni birlashtiruvchi hamda ular qalbi va ongida yagona Vatan tuygʻusini mustahkamlovchi omildir.

    Shuning uchun ham buyuk bobomiz Hazrat Navoiyning “Har tuning Qadr oʻlibon, har kuning boʻlsin Navroʻz!” degan goʻzal satri bir-birimizga ezgu tilak boʻlib tilimizda, dilimizda tez-tez takrorlanadi.

    Xalqimiz maʼnaviy sarchashmalaridan oziqlanuvchi, hayotimizni zamon bilan hamnafas yangicha mazmun-mohiyat bilan boyitib boruvchi asl qadriyatlarimiz barhayot ekan, ana shunday tilaklar, ezgu umidlar qaddi va qadri yuksalayotgan yangi Oʻzbekiston farzandlariga yoʻldosh boʻlaveradi.

    Habib SIDDIQ,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech