Sharq mumtoz sheʼriyati, jumladan, oʻzbek mumtoz lirikasi badiiy sanʼatlarining koʻpligi bilan ham oʻziga xos uslub jilolariga ega. Agar biz bu haqda poetikaga oid boʻlgan Xorazm adabiy muhitining yirik nazariyotchi olimi Rashididdin Votvotning “Hadoyiq us-sehr”, Mirzo Ulugʻbek madaniy yuksalish davri oʻzbek adabiyotining mashhur olimi Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balogʻa” va Alisher Navoiyning zamondoshi Atoulloh Husayniyning “Badoyiʼu-s-sanoyiʼ” asarlari hamda Toʻraqul Zehniyning “Sanʼati suxan”, Alibek Rustamovning “Navoiyning badiiy mahorati”, Yoqubjon Isoqovning “Soʻz sanʼati soʻzligi”, Vahob Rahmonovning “Badiiy sanʼatlar” kitoblarida va “Adabiyotshunoslik terminlari lugʻati”da aytilgan ilmiy va nazariy fikrlarga va keltirilgan tamsillarga tayanadigan boʻlsak, ularda 100 dan ortiq sheʼriy sanʼatlar bor ekanligi aytilgan.

Biz ushbu maqolada yoritmoqchi boʻlgan ritorik murojaat sheʼriy sanʼati borasida ham yuqorida zikr qilingan oʻtmish va davrimiz olimlarining yozgan ilmiy-nazariy xarakterdagi kitoblarida maʼlumotlar, fikrlar, izohlar aytilgan. Oʻrganishimizga koʻra, ritorik murojaat sanʼati koʻrinishi hamda bayon qilish uslubiga koʻra, xalqona, soʻzlashuv uslubiga yaqin boʻlib, uning mazmun va mohiyatida ijodkorning badiiy-estetik tafakkuri, his-tuygʻulari, falsafiy fikrlari, bayonoti, mualliflik huquqi masalasi kabi jihatlar aniq va ochiq tarzda ifodalanadi. “Ritorik murojaat – nido va xitob tarzidagi murojaat, stilistik usullardan biri. Ritorik murojaat ham ritorik soʻroq singari sheʼriy ritmik nutqda intonatsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.” Yoki navoiyshunos olim Yoqubjon Isoqovning mazkur sanʼat haqidagi fikrlariga murojaat qilsak: “Ritorik murojaat – qadimgi davrlarda (Yunon-Rim) notiqlik sanʼatining muhim jihatlaridan biri boʻlgan. Ritorik murojaat badiiy adabiyotda uslubning hissiyligini taʼminlovchi omillardan biriga aylangan.

Ritorik murojaat mohiyati, uslubiy jilolari shoirning maqsadi va murojaat doirasining (Allohdan tortib turli mavqedagi muayyan shaxslar va h.k.) tabiati bilan bogʻliq holda, xilma-xil boʻlishi mumkin. Toʻgʻridan-toʻgʻri tinglovchiga qaratilgan nido, xitob tarzidagi poetik murojaatlarni barcha zamon va barcha milliy sheʼriyatda uchratish mumkin.

Toʻgʻri, ustoz Yo.Isʼhoqov mumtoz lirikamizning ushbu goʻzal sheʼriy sanʼatini Yunon-Rim notiqlik sanʼati bilan bogʻlagan, ammo Sharqda ham notiqlik sanʼati yuksak darajada rivojlangan va alohida fan sifatida madrasa kabi taʼlim maskanlarida oʻqitilganini hisobga olsak va shu maʼnoda qaraydigan boʻlsak, ritorik murojaat sanʼatining genezisi, ildizlari koʻhna Sharqda mavjud boʻlgan notiqlik sanʼati bilan chambarchas bogʻliq. Mazkur sanʼatni koʻplab ijodkorlarning lirikasida mahorat bilan qoʻllanganining guvohi boʻlamiz, ammo “oliy va “navoiyona uslub” ga xos sheʼriy sanʼatlar qatorida ritorik murojaat sanʼati ham oʻziga xos mavqega ega. Alisher Navoiy oʻzining barcha lirik merosida – xoh “Xazoyin ul-maoniy”, xoh “Devoni Foniy” yoki “Xamsa” yoki oʻzbek-forsiy tilida bitgan qasidalari boʻladimi, barchasida mazkur sanʼatdan ham samarali, ham sanʼatkorlik bilan foydalanganini koʻramiz. Ammo biz bu maqolada koʻproq ritorik murojaatni buyuk xamsanavisning “Farhod va Shirin” dostoni misolida oʻrganishga harakat qildik.

Umuman olganda, Alisher Navoiy oʻz lirikasida ham, “Farhod va Shirin” dostonida ham yuksak mahorat bilan qoʻllagan ritorik murojaat sanʼatini ikki turga tasnif qilib oʻrganish maqsadga muvofiqdir:

  1. Alisher Navoiy qoʻllagan Olloh, Yo Rab, falak, soqiy, mugʻanniy, sabo, shabboda, yel, nasim, oshiq, maʼshuqa, raqib, Atorud (Utorid, Tir) kabi anʼanaviy xarakterdagi ritorik murojaatlar;
  2. Alisher Navoiy oʻzi yaratgan, yaʼni “oliy va navoiyona” uslubga xos boʻlgan Qaro koʻzim, Surush, Hotif (farishtalar), soʻz, qalam, kilk, siyohdon, dunyo, olam, jahon, gardun, nigoro, mahvasho, koʻz yosh, ajal, gʻam, ishq, Navoiy, Foniy singari yangicha talqindagi poetik murojaatlar.

Agar ulugʻ shoir yaratgan ritorik murojaatlarning qoʻllanishi va joylashgan oʻrni borasida toʻxtaladigan boʻlsak, birinchidan, ular misra yoki baytlar matnida doimo turgʻun holda kelmaydi, balki misra, baytlarning boshida, oʻrtasida va oxirida kelsa, ikkinchidan, ritorik murojaatlar tuzilishiga koʻra, sodda – bir jumla, soʻz yoki murakkab –soʻz birikmasi, gap shaklida boʻladi, uchinchidan, muallif matnda dedi feʼlini qoʻllashi mumkin, toʻrtinchidan esa ayrim ritorik murojaatlar toʻgʻridan-toʻgʻri yo intoq sanʼati yordamida Navoiyning oʻziga murojaat, xitob qilgan poetik tasvirlar ham bor. Masalan, “Farhod va Shirin” dostonida fayzli ilhomiy onlar soʻrab, daho shoirning oʻzi Surush, Hotif kabi farishtalarga ritorik murojaat qilib misralar bitgan boʻlsa va oʻz navbatida esa Navoiy mahorat bilan qoʻllagan poetik usul vositasida ushbu farishtalar ham ulugʻ shoirning oʻziga ritorik murojaat qilib, goʻyo uning ijodiga yordam bergandek boʻladi va Navoiyni tinchlantiradi, botin va zohiridagi gʻubor, vasvasa, savdolardan xalos boʻlishiga hamda “Xamsa”ning ikkinchi dostonini yozishiga madadkorlik qiladi. Xuddi shu usuldagi kabi ritorik murojaatlar “Saddi Iskandariy”da ham mavjud.

Shuni alohida taʼkidlash zarurki, Navoiyning oʻzbek va fors tilida bitgan 3200 dan ortiq gʻazallari maqtasida oʻziga qarata aytgan Ey Navoiy, Navoiy, Foniy kabi ritorik murojaatlari tom maʼnoda ritorik murojaat sanʼatining yangi turlaridir va ularda ulugʻ shoirning soʻz muddaosi va bayonati, norozilik notasi, xitoblaridan tashqari, asar yo gʻazallar faqat Alisher Navoiyning qalamiga mansub ekanligini koʻrsatuvchi, yaʼni mualliflik huquqini taʼminlab beruvchi muhim vosita, dalillardan biri hisoblanadi.

Umuman olganda, ritorik murojaat badiiy sanʼatining har ikkala turi ham Alisher Navoiyning soʻz muddaosini, niyat, istagini hayotning maʼlum bir badiiy talqinlarini, ijtimoiy-falsafiy, taʼlim-tarbiyaviy, didaktik qarashlari, dardu balo ifodasi boʻlgan ogʻriqli nuqtalarining taʼsirli, hisli, zavqli, oʻqishli chiqishiga katta xizmat qilgan. Fikrlarimiz isboti uchun u mahorat bilan topib qoʻllagan ritorik murojaat sanʼatining baʼzilarini sharhlashga harakat qilamiz.

Shuni alohida taʼkidlash zarurki, mashhur Qaro koʻzim ritorik murojaati ustoz Yo.Isʼhoqov tomonidan tadqiq qilingan, shuning uchun biz bu oʻrinda eslatma tarzda ritorik murojaat qoʻllangan gʻazal matlasini keltirish bilan kifoyalanamiz hamda qoʻshimcha izoh sifatida esa uning matlaning birinchi misrasining boshida kelganligi va soʻz birikmasi shaklida ifodalangan murakkab turdagi ritorik murojaat ekanligini aytib oʻtamiz, xolos:

Qaro koʻzum, kelu mardumlugʻ emdi fan qilgʻil!

Koʻzum qarosida mardum kabi vatan qilgʻil!..

Ey sabo, sabo, nasim, yel, shabboda Alisher Navoiy lirikasida qoʻllangan anʼanaviy xarakterdagi ritorik murojaat sanʼati boʻlib, uni shoir misra va baytlarda ustalik bilan ishlatgan, chunki ey sabo, sabo, nasim, yel, shabbodaga aytgan ritorik murojaatga biz faqat lirik sheʼrlar matnidagina emas, balki masnaviyda bitilgan “Xamsa” dostonlarining bosh qahramonlari nutqida ham duch kelamiz. Masalan, koʻngli hajr toshidan siniqqan Farhod tongda saboga murojaat qilib, u orqali, ota-onasiga, ustozi Mulkoroga salomlar yoʻllar ekan, unda oʻzining ayanchli ahvolini ham bayon qilgan. Farhodning bu ritorik murojaatini qaysidir maʼnoda uning vidolashuv nutqi deb aytishimiz ham mumin. Demak, Navoiy saboga murojaat orqali asarda, “Anga farzona Farhod ismini qoʻydi, Hurufi maexazin besh qism qoʻydi”, deb tanishtirgan bosh qahramonining ichki ruhiyatini sogʻinch-salomini, hijronini va uning insoniylik qiyofasini, odamiylik shaʼnini mahorat bilan koʻrsatib berishga harakat qilgan.

Dostonda Shirin tilidan Farhodga aytilgan Ey zori gʻaribim ritorik murojaati ham juda taʼsirli chiqqan:

Nedur ahvoling, ey zori gʻaribim,

Visolim davlatidin benasibim! (369)

Yoki, “Qilay Majnun kibi koʻnglimni xoli”, deya Farhod tilidan Shiringa qarata aytilgan, Nigora, mahvasho, iffatpanoho, Jahon mahvashlarigʻo podshoho kabi ritorik murojaatlari ham hayajonli chiqish bilan birga toʻrtta sifatlashlar sanash ohangida uyushiq holda ham kelgan. Mazkur baytning boshdan-oxir toʻliq ritorik murojaat saʼnatiga qurilgani esa tahsinga loyiq:

Nigora, mahvasho, iffatpanoho,

Jahon mahvashlarigʻo podshoho!

Oʻrganishimizga koʻra, Navoiy qoʻllagan ritorik murojaatlardan eng taʼsirlisi ijod ahli homiysi boʻlgan Atorud sayyorasiga qilgan ritorik murojaatlaridir. Atorud (Utorid, Tir) – Merkuriy sayyorasining Musulmon Sharqidagi nomi. Sharq mifoligiyasida Atorud ijodkorlar, qalam ahllarining homiysi hisoblanadi. Maʼlumki, Navoiygacha yashab oʻtgan barcha qalam ahli bu sayyorani ramziy maʼnoda oʻzlarning homiysi deb bilishgan, shu sababli ijodlarining unumli, samarali, fayzli boʻlishi uchun Atorud sayyorasiga ham ritorik murojaat qilib, koʻplab baytlar, misralar bitishgan. Atorud baʼzi manbalarda osmon kotibi, samo munshiysi deb ham aytilgan. Baxti uxlagan Farhod Atorud – Tirga dedi feʼli bilan Ki-ey doʻstlar holin raqamzan,deya osmonga qarab shunday taʼsirli ritorik murojaat etgan:

 

Solur erdi nazar koʻklarga bir-bir –

Ki, nogoh koʻzlariga uchradi Tir.

Dedi: Ki-ey doʻstlar holin raqamzan,

Sipehr avroqida doim qalamzan.

Qarogʻim aylasang netgay siyohi,

Bitisang holatim sharhin kamohi.

Qachon nur ul quyosh tobidin olsang,

Qoshigʻa chirmabon nomamni solsang.

 

Navoiy mahorat bilan qoʻllagan oʻziga xos ritorik murojaatlaridan biri farishta Surushdir. Bu farishta ham ijodkorlar homiysi hisoblanadi. Oʻrganishimizga koʻra, mazkur murojaatning genezisi mushtarak xarakterdagi kitob “Avesto”ga borib taqaladi. Navoiy mazkur farishtaga murojaat qilib, uzundan-uzoq baytlar bitgan. Ayniqsa, “Xamsa”ning soʻnggi dostoni “Saddi Iskandariy”ni yakunlashga qiynalgan. Mana shu ijodiy zoʻriqish, qiynoqlarining bayonini, poetik talqinini Navoiy farishta Surushga qilgan ritorik murojaatlarida juda taʼsirli ifodalagan. Oʻz navbatida farishta Surush ham Navoiyga ritorik murojaat qiladi va goʻyo muallifni tinchlantiradi va gʻayrat bilan ijod qilishiga undaydi. Ritorik murojaatning bunday betakror koʻrinishini “Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Farhod va Shirin”da oʻqiymiz. Surush –xabar keltiruvchi farishta, dastlab mushtarak yodgorlik “Avesto” da uchraydi. Navoiyning “Xamsa” dostonlari syujetida ilohiy xabarlarni, nidolarni asarning bosh qahramonlariga farishta Surush keltiradi, degan yigirmaga yaqin tasvir va poetik lavhalarni oʻqishimiz mumkin.

Navoiyning dostonda yozishicha, shoh Iskandarga ham Surush bir necha marta ilohiy, ilhomiy tilaklar, hukmdorlar faoliyati, yaʼni mulk ishi bilan bogʻliq xabarlar keltiradi:

 

Skandarga bu mujda berdi Surush

Ki,”ey odamizod behuda koʻsh!

Hamul yerga yettingki, kom aylading,

Husulida yillar xirom aylading.

Navoiy “Saddi Iskandariy”ni yozishga kirishishda, oʻzida mavjud boʻlgan himmati va ijodiy quvattiga nisbatan ikkilanib turganda, Surushdan nido keladiki, bu esa shoirga gʻayrat, ijodiy ruh, koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaydi. Bu ajib, intizorlik bilan kutilgan ijodiy holatni shoir oʻzi ijod qilgan “panjamgʻa hasrat bila boqibon”,”panjamgʻa ul panjani qoqibon”kabi psixologik paralelizmlar yordamida bayon qiladi:

Desam tark etay,qoʻymayin himmatim,

Desam zoʻr etay,yetmayin quvvatim.

Chu panjamgʻa hasrat bila boqibon,

Bu panjamgʻa ul panjani qoqibon.

Bu andisha mendin olib aqlu hush

Ki,nogoh nido qildi farrux Surush.

Ki:”Ey gʻarqai bahri ajzu niyoz,

Boʻla olmagʻon dardinggʻa chora soz!

Yetishgil qoʻpub pir dargohigʻa,

Tavajjuh qilib jomi ogohigʻa.

Aning botinidin tila yorliq,

Biyik himmatidin madadkorligʻ.

Ki,quflkim fathidur nopadid,

Anga bor eranlar duosi kalid”.

Ushbu keltirilgan voqeaband misralardan ayonki, shoirga farishta Surush hojating ustozing Jomiy dargohidadir. Ichki ruhiy quvvvatni uning botinidan, himmatni esa uning zohiriy madadidan topasan, yaʼni fath kaliting Jomiy kabi oriflarning duosi bilan ochiladi, degan hayratli va shoir tayyorgarlik bilan uzoq kutgan ilohiy, irfoniy xabarni beradi. Farishta Surush obrazini Navoiy “Zand” kabi kitoblardan yaxshi oʻqib oʻzlashtirgani bois, mazkur timsolga uning eʼtibori, qiziqishi baland boʻlgan. Ammo Muhammad s.a.v. bilan bogʻliq Meʼroj tasvirlaridagi xabarlarda esa shoir mahorat bilan Jabroil a.s. obrazini taqdim etgan:

Kelib hosilai Jabroili amin,

Yetib turfa tovusi xuldi barin.

Navoiy yaratgan ritorik murojaat saʼatining eng taʼsirlisi Ollohga toʻla koʻngilga, koʻngil uyiga, koʻngil mulkiga qilgan ritorik murojaatlaridir.

Istasangkim, ul quyosh chiqqach sanga qilgʻay tuluʼ,

Ey koʻngul, gʻam sayli yetgach, togʻdek tutqil sabot.

Ishqing oʻtin gar Navoiy desakim aylay raqam,

Soʻzidin kuyar qalam, qurur qora, erir davot.

Koʻrinib turibdiki, Navoiy ushbu ritorik murojaatida daho shoir soʻzida qalamning kuyishi, siyohning qurib qolishi, davotning erib ketishi kabi mubolagʻa sanʼatidan ham unumli foydalangan va boshiga gʻam tushgan insonlarni sabotli boʻlishga chaqirgan.

Ulugʻ shoirning oʻziga qilgan ritorik murojaatining bir taʼsirli namunasini “Farhod va Shirin” dostonida oʻqiymiz, unda Navoiyning oʻz haddingni bilgil, degan xitobi ifodalangan va bu xitobdan maqsad va muddaoning sababini u 14 baytda tushuntirib bergan.

 

Navoiy, xomadek tortib uzun til,

Ne dersen, oxir oʻz haddingni bilgil.

Ayniqsa, Gar ortuq soʻz dedim: Astagʻfurullogʻ, deb doim ogoh yurgan ulugʻ Navoiy bitgan ritorik murojaatlarida navoiyona uslubga xos bir jihati borki, boshqa shoirlar qoʻllagan ritorik murojaatlarning mazmun va mohiyatida deyarli koʻrinmaydi. Bu, uning norozilik notasi, bayonati bitilgan ritorik murojaatlardir.

Navoiy asar qahramonlarining ruhiyat tasvirini tasvirlagan chizgilarda bir turkum ritorik murojaatlarni ustalik bilan qoʻllagan. Agar dostonning yana bir lavhasiga eʼtibor qilsak, unda ey charxi zarkor, ey baliyat qahramoni, ey tigʻi gʻam, ey charxi kinxoh, ey anduh toshi, ey gʻam, ey ajal, ey ishq, ey falak, hijron gʻami, ey yosh kabi oʻndan ortiq sodda va murakkab turdagi ritorik murojaatlar vositasida Farhodning oʻlimi oldidan koʻnglida kechgan dard, ishq oʻtining tugʻyonlarini, nola va hijron tuygʻularini tasvirlagan. Birinchidan, doston syujetning nihoyatda taʼsirli poetik lavhasi boʻlgani uchun, ikkinchidan esa tahlilda va talqinlarimizda maʼlum bir uzilish va fikrda tarqoqlik boʻlmasligi uchun mazkur badiiy lavhani toʻliq berishga harakat qildik. Chunonchi:

Ey charhi zarkor:

Debon boshimni yonch, ey charxi zarkor,

Kim, ul ermas bukundin nori darkor.

Ey baliyat qahramoni:

Koʻzum oʻy, ey baliyat qahramoni

Kim, ul koʻrmas bu kundin soʻngra oni.

Ey tigʻi gʻam:

Tilim, ey tigʻi gʻam, kes betavahhum

Kim, emdi istamon ondin takallum.

Ey charxi kinxoh:

Damim yoʻlini tut, ey charxi kinxoh

Xulosa shuki, ritorik murojaat sanʼati Alisher Navoiy “Farhod va Shirin”da eng koʻp qoʻllagan sheʼriy sanʼatlardan biridir. Birinchidan, xamsanavis dostonning bosh qahramonlari va personajlarning ruhiyat tasvirini, ijtimoiy mavqeini, holatini tasvirlash boʻlsa, ikkinchidan, daho shoir anʼanaviy va oʻziga xos navoiyona uslubga xos ritorik murojaatlardan mahoratli foydalangan. Demak, mazkur sheʼriy sanʼat shoirning poetik mahoratidan darak beruvchi xalqona uslubdagi muhim badiiy vositalardan biridir.

Burobiya RADJABOVA,

Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori

instituti yetakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari nomzodi