Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev “ABS Oqqoʻrgʻon agro klaster" paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Uchrashuvda mazkur klaster taʼsischisi Zafar Karimov xoʻjalik faoliyati yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.
Xususan, klaster tasarrufidagi yerlarda 2021-yilgi paxta mavsumida 45 ta paxta terish mashinalarida 24 ming tonna, terimchilar ishtirokida 15,7 ming tonna “oq oltin” yigʻishtirib olingan.
Ushbu agro klasterda jami 4 221 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, shulardan 250 tasi qayta ishlash korxonasi ishchilari, 102 tasi agronom olim va mexanizatorlar, 68 tasi ish yurituvchilar, 701 tasi qishloq xoʻjaligi xodimlari, 3100 tasi mavsumiy ishchilar hissasiga toʻgʻri keladi.
Hozirda 3 ming gektar yerga sugʻorish texnologiyalarini ishga tushirish uchun 22 ming metr elektr tarmoqlarini tortish ishlari olib borilmoqda.
Mato toʻqish fabrikasini ishga tushirish natijasida 16 mln dollarlik eksport amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Viloyat rahbari taqdimot bilan tanishish asnosida oʻz eʼtirozlarini ham bayon etdi.
"Ekranda 11 ming gektar yer haqida umumiy maʼlumot bor. Xoʻsh, mazkur maydon uchun zarur boʻladigan texnikalar soni qanchaligi haqida tuman hokimligidan kelgan masʼullar biror gap aytoladimi?
Taqdimot grafigi mutlaqo talabga javob bermaydi. Misol uchun, shudgor qiladigan traktorlarning har bittasiga qancha gektar maydon toʻgʻri keladi? Nega klaster oʻz ishini yaxshi tushunmaydi?
Taqdimotni qaytadan tayyorlash kerak. Ekish, haydov, qator oralariga ishlov berish, paxta terish, tashish, shuningdek, 11 ta agrotexnik tadbirlar bilan bogʻliq taqdimot tayyorlaysizlar. 2022-yil boʻyicha aniq rejalarni tuzib olib, tuman Kengashi sessiyasida muhokama qilamiz. Boshqa fermerlarga oʻrnak qilib koʻrsatamiz. Yil yakunida tahlil va talab ham shunga yarasha boʻladi", dedi jumladan Zoyir Mirzayev.
Nega klaster oʻz ishini yaxshi tushunmaydi? Taqdimotni qaytadan tayyorlash kerak. Ekish, haydov, qator oralariga ishlov berish, paxta terish, tashish, shuningdek, 11 ta agrotexnik tadbirlar bilan bogʻliq taqdimot tayyorlaysizlar. 2022-yil boʻyicha aniq rejalarni tuzib olib, tuman Kengashi sessiyasida muhokama qilamiz. Boshqa fermerlarga oʻrnak qilib koʻrsatamiz. Yil yakunida tahlil va talab ham shunga yarasha boʻladi", dedi jumladan Zoyir Mirzayev.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan taqdimotda ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq qilish, xususan, “ABS Oqqoʻrgʻon agro klaster" MCHJda faoliyat olib borayotgan ishchilarning farzandlari uchun bogʻcha tashkil etish, hosildorlikni koʻtarish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ekinlarni oʻz vaqtida oziqlantirish yuzasidan ham takliflar bildirildi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri