Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash bugungi kunning kechiktirib boʻlmas vazifalaridan sanaladi. Oxirgi yillarda sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish, mamlakatimizda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani boisi ham shunda.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-noyabrdagi tegishli farmoniga muvofiq, respublikamiz aholisini tibbiy xatlovdan oʻtkazish uchun 14 202 ta tibbiyot brigadalari tashkil etilib, 32 458 030 nafar aholi salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqqan holda, 4 ta guruhga taqsimlandi.
Shu bilan birga, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlariga alohida eʼtibor qaratilib, hozirgi kunga qadar “temir daftar”ga kiritilgan 1 912 nafar bemorning 1 575 nafariga yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatildi. Aholini manzilli skriningdan oʻtkazish va yuqumli boʻlmagan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 23 ta mobil brigadalar tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan yigʻilishida shu haqda soʻz yuritilib, mamlakatimizda aholi sogʻligʻini saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan aholini koronavirusga qarshi emlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda davlat tomonidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Jumladan, 2021-yilda tashkil etilishi rejalashtirilgan 124 ta oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalardan 71 tasi tashkil etilgan holda, birlamchi tibbiyot-sanitariya muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qishloq oilaviy poliklinikalar 733 ta EKG va 721 ta UTT apparatlari bilan taʼminlangan.
Lekin masalaning yana bir tomoni bor. Chunki koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq epidemilogik barqarorlikni taʼminlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida joriy etilgan birinchi navbatda xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini bosqichma-bosqich emlash tadbirlari talab darajasida emas.
Deputatlarning fikricha, oʻtgan 3 oy davomida 65 yoshdan katta aholi qatlamining atigi 42,8 foizi, surunkali kasalliklari boʻlgan aholi qatlamining 67,7 foizi, maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining 77,4 foizi hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning 68,7 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan. Ammo emlanganlarning barchasini ham toʻliq dozalarda emlangan deb boʻlmaydi.
– Nega ommaviy emlashga jiddiy zarurat tugʻildi? Gap shundaki, bugungi kunda aholi gavjum joylarda fuqarolar oʻta hotirjamlikka berilib, karantin qoidalariga amal qilmaslik holatlari koʻpayib qoldi. – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Rizayev. – Aksariyat hollarda respublika boʻylab turli tadbirlarni oʻtkazish davom etmoqda. Vaksina bilan emlanib, niqob taqishga amal qilmayotganlar ham oramizda yoʻq emas.
Yigʻilishda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlarining oʻz vaqtida va samarali tashkil etilishi ustidan deputatlik nazoratini oʻrnatish lozimligi aytilib, kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majdis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.









