Aslida harbiylar kiyimi ham, tibbiyot xodimlarining oq xalati ham soha xodimlarining koʻzimiz uchun tanish boʻlib qolgan ish kiyimlaridir. Shifokorlar, hamshiralar va hatto sanitarlar – klinika yoki shifoxonaning barcha xodimlari koʻpincha oq kiyimda boʻlishadi. Lekin har doim ham shunday boʻlgan emas.
Xoʻsh, nima uchun butun dunyo boʻylab tibbiyot xodimlarining 75 foizi oq xalat kiyadi?
Dastlab oq xalatlar haqida XIX asrning ikkinchi yarmida gapirila boshlandi. Bundan oldin shifokorlarning standart formasi agar bu jiddiy jarrohlik amaliyoti boʻlsa, bor-yoʻgʻi fartuk va qoʻlqopdan iborat edi. Qadim zamonlarda shifokorlar maxsus kiyimsiz ham bir koʻrishda oʻz davrining qahramonlari sifatida tanilgan.
Birinchi boʻlib oq xalatlardan foydalanish zarurligi haqida inglizlar gapirishdi. Ingliz shifokori Jozef Lister oq xalatning antiseptik xususiyatlari haqida butun bir nazariyani ishlab chiqdi va bu mavzu boʻyicha ilmiy tortishuvlarni boshladi. Biroz vaqt oʻtgach, bu ilmiy tortishuvlarga hayotning oʻzi “aralashib”, oʻtgan asrning boshlarida, yaʼni 1918-yilda millionga yaqin odamning hayotida zomin boʻlgan ispan grippi epidemiyasi davrida oq xalatlar ommaviy ravishda joriy etila boshlandi.
Bundan tashqari, oʻtgan asrda oq xalatlar orqali jarrohlar bajargan operatsiyasida kiyimidagi qonning bor-yoʻqligiga qarab ularning professionalligi baholangan. Bizning davrimizda oq xalat hayotning barcha sohalarida poklik va mikroblardan xolilikni talab qiladigan kuchli pozitsiyani egallaydi.
Yaqinda shifokorlar kiyimi haqidagi bahslar qaytadan boshlanib, Angliyada oq xalatlardan voz kechishga qaror qilindi. Biroq bemorlarning xalatsiz shifokorlarga ehtiyotkorlik, ishonchsizlik va hatto qoʻrquv bilan boʻlgan munosabati tufayli bu tajriba muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Lekin nima uchun xalatlarning rangi qaymoqrang, limonrang yoki och koʻk rangda emas, aynan oq rangda boʻlishi kerak? Bu savolga ranglar fani - kolorimetriya ozmi-koʻpmi tushunarliroq javob beradi. Masalan, u yoki bu rangni koʻrganingizda kayfiyatingiz oʻzgarishi va bu ranglar sizda har xil his-tuygʻularni uygʻotishini payqagan boʻlsangiz kerak.
Kolorimetriyaga koʻra, oq rang odamga biror ishga bor kuchini sarflab ishlashiga, ochiqlikka, toʻliq fikrlashga, birlikka, pokizalik va halollikka moyillik tugʻdiradi. Yaʼni, oq xalat kiygan odamlar bemorlarga foydali taʼsir koʻrsata oladi, ularning alohida ishonchiga sazovor boʻladi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya olimlari oq xalat tibbiyot xodimlarining oʻz ishiga konsentratsiyasi (eʼtibori)ni oshirishini isbotlashdi. Shuningdek, oq xalat kiyib u kamroq xato qiladi, bu shifokor faoliyatida juda muhimdir.
Shunday qilib, rasmiy qabul qilingan uniforma shifokorga oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashishiga, bajarayotgan ishiga diqqatini yaxshiroq qaratishiga, kamroq xatolarga yoʻl qoʻyishiga yordam berar ekan – bu esa inson hayotini saqlab qolish demakdir.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.