Oʻsha badiasida quyidagi fikrlarni keltirgan edi: har bir millatda oliyjanob va pastkashlar, goʻzal va badbasharalar bor, oʻgʻrilarni ham, tuhmatchilarni ham uchratish mumkin. Ammo ular butun millat qiyofasini belgilamaydi, ular shu millatdagi begona oʻtlardir.
Haqiqatdan ham, dunyo xalqlarining turli toifadagi: yaxshi va yomon, buyuk va gʻarib insonlarning barchasi qaysidir millat vakili boʻladilar. Agarda biror millatda ezgu gʻoyalarni targʻib etuvchi inson paydo boʻlsa, boshqa millat vakillari ham uni oʻz farzandi kabi ardoqlaydi. Masalan, XV – XVI asrlarda yashab ijod qilgan buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy mamlakatimizda qanday eʼzozlansa, boshqa mintaqalarda ham uning qadru hurmati balanddir. Birgina yapon xalqining ehtiromi sifatida qoʻyilgan Tokiodagi hazrat Navoiy bobomizning haykali fikrimizning dalili boʻla oladi. Lekin, afsuski, dunyoga Alisher Navoiy bobomiz kabi buyuk shoiru avliyolarni yetishtirib bergan millatimiz orasida bir illat paydo boʻlganki, asta-sekinlik bilan yoshlarimizning, millatimizning ongini egallab, uning milliy iftixorini – milliy tilini zaiflashuviga, undagi soʻzlarning unutilishiga sabab boʻlyapti. Bu – oʻzga tillarga mahliyolik illatidir!
Hozirgi jadal rivojlanib borayotgan globallashuv zamonida yaxshi kadr boʻlish uchun, albatta, oʻzga tillarni oʻrganish, kamida uchta tilni bilish kerak. Biroq oʻzga tillarni oʻrgatayotgan baʼzi ustozlar borki, tarjima qila olmagan soʻzlarini “bizning tilimiz kambagʻal,” degan vaj bilan inkor qiladi va oʻsha soʻzni oʻz holicha oʻrganguvchiga taqdim qiladi. Oʻzim ham bir necha bor buning guvohi boʻlganman. Ingliz tilini oʻrgatgan ustozlarimning biri ham bu gapni koʻp taʼkidlovchi edi: bizning tilimiz kambagʻal. U har doim “lyuboy” soʻzini ishlatar edi.
Bir safar hech yodimdan koʻtarilmaydigan voqea sodir boʻlgan: rus tilidan tayyorlov kursida dars beradigan oʻqituvchim bilan ruscha “uje” soʻzining oʻzbek tilidagi muqobili ustidan tortishgan edik. Rus tili ustozim bir nechta lugʻatlarni, jumladan, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni isbot qilib koʻrsatgan va birortasida ham yuqoridagi soʻzning oʻzbek tilidagi tarjimasi berilmagan edi. Sal kam bir yillik izlanishlarim mobaynida angladimki, “uje” soʻzi oʻzbek tilidagi “allaqachon, hali, shu paytgacha” modal va kirish soʻzlariga tarjima qilinar ekan.
Afsuski, bu illat nafaqat baʼzi oʻz tilini bilmaydigan ustozlar tomonidan, balki hukumatning ayrim idoralari, vakillari tomonidan ham yoʻl qoʻyilayotgan xatodir.Avvallari,ona tilimizda gaplashilayotganda ruscha baʼzi soʻzlar qoʻshib ishlatilar edi. Hozirgi kunda, bu soʻzlar roʻyxatiga “ingliz tili”dagi soʻzlar ham qoʻshilib, “aralash soʻzlar” lugʻati ancha boyib bormoqda. Misol uchun, kundalik hayotda ishlatilinishi odatga aylangan “creative,” “motivation, motive,” “feyk,” “piar,” “brend,” va boshqalar. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligining ilgari surgan koʻplab loyihalari ham ingliz tilida nomlangan: startup, JustStart, TEDxNavoi Street Countdown shular jumlasidandir. Balki, oʻzga tildagi soʻzlarni oʻz tilidagi nutqiga aralashtirib soʻzlovchilar oʻzlarining koʻp tilni bilishlarini, donoligini namoyon qilmoqchidir. Biroq, hikmatga boy xalqimiz aytganidek: - chala mulla dindan chiqarar.
Turkiy tillar shajarasida oʻzining munosib va maqtangudek, faxrli oʻrniga ega ona tilimiz – oʻzbek tili juda uzoq rivojlanish tarixiga ega boʻlib, koʻplab buyuk zotlarning zafarli qalam surishiga sabab boʻlgandir. Manbalarga koʻra, bir vaqtlar podsholar chodirida aynan turkiy tildan foydalanilgan. Birgina hazrat Navoiy bobomizning badiiy merosi abadiyat olamining oʻchmas mayogʻi singari asrlar davomida insoniyatga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib kelmoqda.
Oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarga qarata bobomiz Abdulla Qodiriy: - Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar, – degan ekanlar.
Deydilarki: - Til – millat koʻzgusi! Aziz vatandosh! Bugungi erkimiz, hurriyatimiz oʻzimizda boʻlgan, oʻz harakatlarimizni oʻzimiz belgilaydigan dorulomon kunlarda oʻz tilimizga ziyon yetkazmayapmizmikan? Uni begona oʻtlardan tozalash oʻrniga, oʻzimizning “olifta odatlar”imiz bilan koʻplab soʻzlarining unutilishiga sabab boʻlmayapmizmikan? Siz oʻz tilingizga koʻzgu tutib koʻring. Albatta, javob topasiz. Yerdagi odil hakam – oʻzingizdir!
Xulosa qilib aytishimiz joizki, har bir millat vakili kelajak avlod oldida masʼulki, ajdodlaridan meros boʻlib kelayotgan urf-odatlarni, anʼanalarni va, albatta, oʻz ona tilini gard yuqtirmay yetkazish. Ona tilimiz – bizning iftixorimiz, dunyoda oʻzbek millatining mavjudligi belgisi! Yozuvchimiz Primqul Qodirov taʼbiri bilan aytganda: – Ona tilim – mening Vatanimdir!
Shohruh Joʻrayev,
TDYUU Ommaviy huquq fakulteti 2-bosqich talabasi