Bu esa boshqaruv tartiblarini soddalashtirish, masʼuliyatni aniq belgilash va aholi fikrini hisobga olishni talab etadi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining toʻrtinchi yoʻnalishi doirasidagi ishlar ham shu vazifalarga xizmat qiladi.
Jumladan, davlat nazorati funksiyalarini xatlovdan oʻtkazish, qonun ijodkorligi va kollegial organlar faoliyatini raqamlashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining malakasini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi texnologik yechimlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha natijalar qayd etilgan. Mazkur choralar mazmunan bir-birini toʻldiradi. Ular davlat organlarining vazifalarini aniq belgilash, hujjatlar bilan ishlashni tartibga solish va ijtimoiy muammolar yechimiga jamoatchilikni jalb etish uchun asos yaratadi.
Mahalliy davlat hokimiyati ijro organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyish maqsadida davlat nazorat funksiyalarini xatlovdan oʻtkazib, ularning roʻyxatini shakllantirish koʻzda tutilgan. Bugungi kunga kelib barcha darajadagi vazirliklar, idoralar va hokimliklarga yuklatilgan 649 ta nazorat funksiyasi xatlov bilan qamrab olingan. Bu davlat organlarining nazorat vakolatlarini oʻzaro solishtirish, takrorlanuvchi vazifalar va masʼuliyat chegaralarini aniqlash uchun asos yaratadi. Xatlov natijalari ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni asoslashga xizmat qilishi mumkin.
Endi har bir funksiya qanchalik zarurligi, qoʻyilgan talablar maqsadga mosligi va amalda qanday natija berayotganini baholash kerak. Masalan, bir xil maʼlumotni turli idoralar tomonidan takroran talab qilish holatlarini aniqlash va bartaraf etish fuqarolar hamda tashkilotlarning vaqt sarfini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. Shu tariqa, xatlov natijalari boshqaruv tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha qarorlar uchun asos boʻladi.
Shuningdek, qonun loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi — project.gov.uz doirasida Oliy Majlis palatalarida qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha bosqichlarini raqamlashtiruvchi e-qonun.uz tizimi joriy etildi. Bu hujjatlar harakatini tartibga solish, taklif va oʻzgartirishlarni tizimli yuritish hamda qonun ijodkorligi jarayonida hamkorlikni yengillashtirishga xizmat qiladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Qonunchilik palatasi faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha 2026–2029-yillarga moʻljallangan ish rejasi ham tasdiqlangan. Bu huquqiy axborotni izlash, hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish va ehtimoliy ziddiyatlarni aniqlashda yangi imkoniyatlardan bosqichma-bosqich foydalanish uchun tashkiliy asos yaratadi. Bunda esa texnologik tahlilni mutaxassisning huquqiy bahosi bilan uygʻunlashtirish muhim.
Qaror qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirishning yana bir yoʻnalishi “E-qaror” elektron tizimi negizida kollegial organlarning buyruq, qaror va bayonnomalarini ishlab chiqish hamda qabul qilishga moʻljallangan e-qaror-collegial.gov.uz tizimi yaratilib, faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi hisoblanadi.
Kollegial qarorlarni tayyorlashda bir nechta masʼul ishtirok etgani uchun hujjatlarni kelishishda yagona tartib zarur. Yangi tizim bu jarayonni tartibga solishga yordam beradi. Tizim qanchalik samarali ishlayotganini undan foydalanayotgan tashkilotlar va qabul qilingan elektron hujjatlar soni, shuningdek, kelishishga ketgan vaqt orqali baholash mumkin.
Dastur doirasida mobil qurilmalarning IMEI kodlari bilan bogʻliq qonunbuzilishlarni aniqlash boʻyicha ham ishlar bajarildi. Mobil qurilmalarning IMEI kodlarini klonlashtirish holatlarini aniqlash va ular boʻyicha real vaqt rejimida axborot almashish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, IMEI raqamlarining haqiqiyligini tekshirish boʻyicha uslubiy qoʻllanma amaliyotga joriy etildi. IMEI kodi har bir qurilmaning oʻziga xos “pasporti” hisoblanadi, uni soxtalashtirish esa oʻgʻirlangan yoki noqonuniy olib kirilgan telefonlarni muomalaga kiritish va huquqbuzarlik izini yashirish uchun qoʻllanishi mumkin. Yangi mexanizm bunday holatlarni tezroq aniqlashga, yagona qoʻllanma esa masʼul idoralarning bir xil uslubda ishlashiga xizmat qiladi.
Davlat boshqaruvini takomillashtirishda jamoatchilikning kasbiy tayyorgarligi ham muhim oʻrin tutadi. Davlat dasturida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun ijtimoiy taʼsir va notijorat tashkilotlar faoliyatini boshqarish yoʻnalishida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.
Ushbu choraning ahamiyati nodavlat tashkilotlarning ijtimoiy muammoni aniqlash, loyihani rejalashtirish, resurslarni boshqarish va natijani baholash salohiyatini kuchaytirish bilan bogʻliq. Masalan, mahallada muayyan ijtimoiy guruhni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihada ehtiyojni toʻgʻri oʻrganish va erishilgan oʻzgarishni oʻlchash mablagʻlarni maqsadli yoʻnaltirishga yordam beradi. Kurslar samarasini keyinchalik ishtirokchilar tayyorlagan va amalga oshirgan loyihalar natijalari bilan bogʻlab baholash maqsadga muvofiq.
Xulosa oʻrnida aytish lozimki, amalga oshirilayotgan choralar davlat organlari vakolatlarini aniqlashtirish, qaror qabul qilish jarayonlarini tartibga solish, huquqbuzarliklarni aniqlash imkoniyatlarini kengaytirish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu ishlarning ahamiyati fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish, ortiqcha tartib-taomillarni kamaytirish hamda vaqtni tejash orqali davlat boshqaruvini aholi ehtiyojlariga yaqinlashtirishda namoyon boʻladi.
Inobat HAKIMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi