15 oktyabr kuni Farg‘onada monitoring stansiyasi o‘rnatildi. 9 oktyabr kuni esa Samarqandda shunga o‘xshash uskunalarni o‘rnatish va sozlash ishlari yakunlandi. Kelgusida boshqa aeroportlar yaqinida ham stansiyalar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Uskunalar aeroportlarning sanitariya-himoya zonalarida joylashtirilib, atmosfera havosi holatini kechayu kunduz kuzatish uchun mo‘ljallangan.

Stansiyalar azot dioksidi, oltin-gugurt dioksidi, uglerod oksidi, ozon, ammiak va vodorod sulfid kabi ifloslantiruvchi moddalar, shuningdek, PM2.5 va PM10 mayda zarrachalarining konsentratsiyasini o‘lchaydi. Shu bilan birga, tizim havo harorati va namligi, atmosfera bosimi, shamol tezligi hamda yo‘nalishini qayd etadi.

O‘lchov natijalari avtomatik ravishda Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga uzatiladi. Bu aeroportlar yaqinidagi havo sifati o‘zgarishlarini kuzatish, ekologik vaziyatni baholash va zarur choralarni ko‘rish imkonini beradi.

Loyiha «Malkam Environmental Technologies» kompaniyasi bilan hamkorlikda ekologik sohani transformatsiya qilishga qaratilgan Prezidentning PF-81-son Farmoni hamda sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining 783-son qarori doirasida amalga oshirilmoqda.

Stansiyalarni o‘rnatish «Uzbekistan Airports»ning ekologik nazoratni kuchaytirish va aeroportlar faoliyatining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha ishlarining bir qismi hisoblanadi, deyiladi AJ xabarida.