Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori o‘rinbosari – Bo Matiasen janoblariga, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori – Tedros Adxanom Gebreisus janoblariga, Xalqaro narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi Bosh kotibi – Stefano Berterame janoblariga, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlariga, xorijiy hukumatlar a’zolariga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, shuningdek, barcha mehmonlarimizga o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Bugungi tahlikali zamonda dunyo hamjamiyatining yanada qat’iyat bilan birgalikda harakat qilishi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda.
Kun sayin uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishning yangi shakllari paydo bo‘layotgani – insoniyat uchun transmilliy tahdidlar ko‘lamini kengaytirmoqda.
Bu jarayonlar nafaqat mamlakatlar xavfsizligiga, balki, eng qimmatli bo‘lgan – inson hayoti va salomatligi, odamlarning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Bugun narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib borayotgani – xavf-xatarlarni yanada kuchaytirmoqda.
Ayniqsa, jinoiy guruhlarning shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanayotgani – narkotiklarga qarshi kurashishda bizdan zamonaviy yechim va yondashuvlarni talab qilmoqda.
Bugun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yangi sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar keng tarqalayotgani ham barchamizni chuqur tashvishga solishi tabiiy.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan.
Har yili 600 mingga yaqin inson ushbu illatning qurboniga aylanmoqda.
Bugungi globallashuv sharoitida bunday xavf-xatar barcha davlatlar qatorida O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.
Shu bois, O‘zbekistonda giyohvandlik va narko-jinoyatlarga qarshi kurashish masalasini umummilliy harakatga aylantirib,barcha kuch va vositalarni safarbar qilyapmiz.
So‘nggi yillarda sohada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.
Ayniqsa, 2024-yilda narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya qabul qilingani, bu boradagi eng katta qadam bo‘ldi.
Bunday sa’y-harakatlarimiz hisobiga so‘nggi yillarda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobarga oshdi, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobarga, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar 7 barobarga ko‘paydi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narko-jinoyat fosh etildi, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kilogramm sintetik narkotiklar yo‘q qilindi, 14 ta yashirin narko-laboratoriya va 72 ta yirik internet-do‘koni faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ayni paytda, shuni aytish kerak-ki, bunday jinoyatlarning uchdan biri yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, asosiy xavf guruhini 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilayotgani, bu illatning aholi genofondiga naqadar katta tahdid ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Xalqimizda “bir bola yo‘ldan chiqsa – jamiyat izdan chiqadi”, degan hikmatli gap bor.
Shu ma’noda, bir farzandning giyohvandlik tuzog‘iga tushib qolishi, bu nafaqat uning oilasi, yaqinlari, balki butun bir mahalla uchun fojia.
Shuning uchun, O‘zbekistonda buning oqibatlari bilan kurashibgina qolmay, yoshlarimizning giyohvandlik changaliga tushib qolishini oldini olish bo‘yicha katta targ‘ibot kampaniyasini boshlaganmiz.
Bu ishlarda faxriylarimiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, mahallada obro‘-e’tibor qozongan faollar, jamoatchilik vakillari bosh-qosh bo‘layayotgani o‘zining natijasini bermoqda.
Biz buni izchil davom ettirib, oila, mahalla, maktab, texnikum, oliygohlarning o‘rni va rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha alohida dasturlarni amalga oshirayapmiz.
Asosiy niyatimiz – yoshlarimizni bunday xatarlardan asrash, ularni ilm, bilim va ezgu maqsad sari yo‘naltirishdir.
Yaqinda tashkil etilgan “Anti-Narko” volontyorlik harakati qisqa vaqt ichida 17 mingdan ortiq yoshlarni birlashtirdi.
Barcha hududlarda sun’iy intellekt yordamida narkotiklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan “AI Hackathon” milliy loyihasini boshladik.
Hech shubhasiz, bu ishlarimiz yoshlarda giyohvand moddalar iste’moliga qarshi mustahkam immunitet, narko-jinoyatlarga nisbatan murosasiz muhit yaratishga xizmat qiladi.
O‘tgan yili mamlakatimiz Osiyo davlatlari orasida birinchilar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining “CHAMPS” tashabbusiga qo‘shildi.
Ushbu dastur voyaga yetmaganlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va narkotiklarga qarshi yanada samarali kurashishda katta yordam bermoqda.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Giyohvandlikka qarshi kurash – bu faqat bir davlatning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyati va majburiyatidir.
O‘zbekiston narkotiklarga qarshi kurashish borasida 50 dan ortiq davlat va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Biz bu aloqalarni – mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqlar o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘prik deb bilamiz.
Hozirgi kunda, narkotiklar savdosi zamonaviy texnologiyalar, noqonuniy moliyaviy oqimlar, transmilliy uyushgan jinoyatchilik tarmoqlari bilan chuqur bog‘lanib ketganini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.
Bu xavflarga qarshi kurashish, narko-jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha quyidagi tashabbuslarni ilgari suramiz.
Birinchidan, transmilliy narko-jinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor axborot almashinuvi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu bois, barcha ishtirokchi davlatlar huquq tartibot idoralari ma’lumotlar bazasini birlashtiradigan, sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirishni taklif etamiz.
Bu platforma narko-trafik yo‘nalishlarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklar harakatini erta bosqichda fosh etish, transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borishga xizmat qilishi kerak.
Ikkinchidan, narko-biznes bu faqat giyohvand moddalar aylanmasi emas, bu – milliardlab dollarlik yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtiradigan manba hamdir.
Jinoiy mablag‘larni yuvishni eng katta qismi bugun aynan raqamli aktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilmoqda.
Narko-biznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning “moliyaviy arteriya”larini bo‘g‘ib qo‘ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarur.
Shuningdek, noqonuniy mablag‘lar harakatini dunyo bo‘ylab avtomatik aniqlaydigan, uni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini joriy qilishni taklif etaman.
Uchinchidan, ko‘rib turibsizlar, kundan-kunga sintetik narkotiklarning yangi-yangi turlari paydo bo‘lmoqda.
Shu bois, doimiy muloqot maydonini ishga tushirib, sintetik narkotiklarga ruju qo‘ygan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda yaratib borishni taklif qilamiz.
To‘rtinchidan, giyohvandlikka chalinganlarning tibbiy reabilitatsiyasi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil qilsak, o‘ylayman-ki, qo‘llab-quvvatlaysiz.
Ushbu tashkilotning Bosh ofisini Samarqand shahrida joylashtirishga tayyormiz.
Beshinchidan, bugun ayrim hududlarda narkotik yetishtirishva tarqatish iqtisodiy imkoniyatlar cheklangani, ish o‘rinlari yetishmasligi va ijtimoiy tengsizlik oqibatida saqlanib qolmoqda.
Shu bois, narko-trafik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Bunda giyohvand moddalar yetishtirishga moyil hududlardagi rasmiy iqtisodiyotga faol investitsiyalar kiritish orqali aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ta’lim va tibbiyotni rivojlantirish orqali aholini jinoiy iqtisodiyotga qaramligini kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Bunday dastur faqat grant yoki yordam emas, balki xalqaro hamjamiyatning umumiy mas’uliyati sifatida ko‘rilishi kerak.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi tadbirimizda hamkor davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlardan 500 ga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.
Mazkur anjumanda ilgari suriladigan taklif va tashabbuslar insoniyatga, millatlar genofondiga tahdid solayotgan narkotiklar muammosiga qarshi birlashish yo‘lida yangi qadam bo‘ladi.
Bu borada O‘zbekistonning pozitsiyasi qat’iy: biz ushbu tahdidlarga qarshi kurashishda hech qachon ikkilanmaymiz, chekinmaymiz, ortga qaytmaymiz!
Biz barcha sheriklarimizni ushbu global tahdidga qarshi amaliy harakatga chaqiramiz!
Ishonchim komil, forumda qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi xalqlarimiz xavfsizligi, salomatligi va farovonligini mustahkamlashga xizmat qiladi hamda ushbu muhim yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytiradi.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, mas’uliyatli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, forum ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti