Niderlandiya texnologiyasi asosidagi issiqxonalar qay jihati bilan foydali?

    Agrosektor 17 Avgust 2020 2273

    Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari Niderlandiyaning “BOM Group” kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn muzokaralar oʻtkazdi.

    Videokonferensiya Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi tomonidan Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    1966-yilda tashkil etilgan “BOM Group” kompaniyasi issiqxona majmualarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning yillik aylanmasi 65 million yevroni tashkil qiladi. Yaqin yillarda kompaniya oʻz aylanmasini 200 million yevroga oshirish niyatida. “BOM Group” ning biznes falsafasi dunyo aholisining koʻpayishi hisobiga suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanishga yangicha yondashuvlar ishlab chiqish atrofida qurilgan. Bu esa, oʻz navbatida, global oziq-ovqat isteʼmolining oshishini anglatadi. Kompaniya loyihalarni ham tayyor shaklda, yakuniy natija uchun 100 foiz javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan holda amalga oshiradi. Shuningdek, issiqxona majmualarining ayrim qismlarini yetkazib berish boʻyicha individual buyurtmalarni qabul qiladi.

    2019-yil mart oyida kompaniya rahbariyati Niderlandiya qishloq xoʻjaligi missiyasi doirasida Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Safar muvaffaqiyatli oʻtdi va niderlandiyalik mutaxassislar mamlakatdagi issiqxona majmualarini ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlari bilan tanishib, oʻz loyihalarini amalga oshirishga doir maʼlumotlarni olishdi.

    Taqdimot davomida Niderlandiya tomoni kompaniya strategiyasi innovatsion texnologiyalarni izlash va qoʻllashga qaratilganini taʼkidladi. Yaqin kelajakda “Ultra-Clima” texnologiyasidan foydalangan holda beshinchi avlod issiqxonalarini ishlab chiqarishga oʻtish rejalashtirilmoqda. Bu hosildorlikni oshirish, oziq-ovqatning yuqori xavfsizligi, energiya va suvning kam sarflanishi bilan ajralib turadi. Ushbu issiqxonalar barcha fasllarda barqaror iqlimni saqlab turadi. Masalan, yozda bunday issiqxonalar adiabatik panellar tufayli oʻz-oʻzidan soviydi. Energiya tejashga issiqlik energiyasidan foydalanish orqali erishiladi. Ularda 90 foiz issiqlikni ishlab chiqaradigan lampalarga katta eʼtibor beriladi.

    Kompaniya menejeri Rob de Vit Oʻzbekiston bilan hamkorlik istiqbollariga toʻxtalib, zamonaviy issiqxona majmualarini birgalikda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun Oʻzbekiston bozori imkoniyatlarini oʻrganishga qiziqish bildirdi.

    — Biz Niderlandiya issiqxona texnologiyalari narx jihatidan boshqa mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha olmasligini tushunamiz, ammo sifat jihatidan ular ancha yaxshi, — dedi Rob de Vit. —Biroq, bu kelajakda sarmoya keltirishini tushunishimiz kerak. Shu bilan birga, narx koʻp jihatdan poʻlat va alyuminiydan tayyorlangan yuqori sifatli materialdan kelib chiqadi, uni “BOM Group” oddiy plastmassa oʻrniga ishlatadi.

    Suhbatdosh hamkorlik faqat bir martalik buyurtmani bajarish bilan cheklanmasligiga bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, zamonaviy issiqxonalar qurish bilan bir qatorda Niderlandiya tomoni Oʻzbekiston agronomlarini meva va sabzavot yetishtirish texnologiyalari boʻyicha oʻqitishga tayyor.

    Oʻz navbatida, Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari mintaqaning investitsiya imkoniyatlari bilan tanishtirdi va qishloq xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorliklarini bildirdi.

    Tomonlar Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanida 1 gektarlik issiqxonaga ega sinov loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga kelishib oldi. Ushbu loyiha mintaqadagi agronomlar uchun oʻziga xos namunaviy markazga aylanishi mumkin. Chunki, u yerda mahalliy mutaxassislar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha Niderlandiya standartlari boʻyicha oʻqitiladi.