Unda Niderlandiyaning “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi koʻngillilari, shu jumladan, mahalliy oliy oʻquv yurtlari talabalari hamda maktab oʻquvchilari, Niderlandiyada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonlik vatandoshlar, Oʻzbekiston-Niderlandiya doʻstlik jamgʻarmasining vakillari ishtirok etishdi.
Marosim davomida Ikkinchi jahon urushida Niderlandiyada qurbon boʻlib, mazkur xotira maydonida dafn etilgan 865 nafar sovet askari, shu jumladan, “Amersfort” konslagerida fashizm qurboni boʻlgan oʻzbekistonlik 101 nafar askarning qabrtoshlari yoniga gullar qoʻyildi, gultuvaklar suv bilan toʻldirildi. Shu tariqa xotira xiyoboni rang-barang gullarga burkandi.
Shundan soʻng mamlakatimiz elchixonasining taklifi bilan barcha ishtirokchilar xotira maydonining toʻriga toʻplandilar. Elchixona vakillari tomonidan Ikkinchi jahon urushi, uning halokatli oqibatlari, Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi, shuningdek, xalqimizning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishda sinmas iroda va jasorat namunalarini koʻrsatgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini sharaflash boʻyicha mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan ishlar toʻgʻrisida fikr yuritildi.
Boʻlib oʻtgan qisqacha muloqot chogʻida Niderlandiya hukumatiga, keng jamoatchiligiga, ayniqsa, “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi rahbariyatiga, xususan uning boshqaruvi raisi, taniqli jurnalist va tarixchi Remko Reydingga xotira xiyobonidagi qabrlarga hurmat bajo keltirayotgani, insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush qurbonlarining, shu jumladan, oʻzbekistonlik askarlarning xotirasini avaylab asrash va ularning shaxsini aniqlash borasidagi saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.
Shundan soʻng barcha mehmonlar ishtirokida urush qurbonlarining ruhiga Qurʼon tilovat qilindi.
“Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi boshqaruv kengashi raisi Remko Reyding Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga Ikkinchi jahon urushi ishtirokchi va qurbonlarining xotirasini avaylab asrash borasidagi saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Marosim soʻngida oʻtganlarning xotirasiga bagʻishlab osh tarqatildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.