Niderlandiyalik madaniyat arbobi O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlab asar yaratdi

    Madaniyat 5 Mart 2021 1202

    2021-yil 3-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlaridagi Elchixonasida niderlandiyalik taniqli madaniyat arbobi Burxan Charlak bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan.

    Tadbir chogʻida niderlandiyalik mehmon Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, sanʼati, adabiyoti, diniy va maʼnaviy merosi hamda zamonaviy taraqqiyotiga anchadan buyon qiziqishini maʼlum qilgan.

    Diplomatik vakolatxonamizda boʻlib oʻtgan uchrashuvda niderlandiyalik taniqli madaniyat arbobi shu kunlarda oʻzining “Oʻzbekiston – Buyuk ipak yoʻli marjoni”, deb nomlangan kitobi ustidagi ishlarni yakunlab, asarni chop etish ishlarini boshlab yuborganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

    “Oʻzbekistonga bagʻishlab kitob yozish gʻoyasini dilimga tugib qoʻyganimga ancha boʻlgandi, - dedi B.Charlak. – Shu kungacha yurtingiz toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotlarni toʻpladim, Niderlandiyada Oʻzbekistonga qiziqishi boʻlgan mutaxassislar, ishbilarmonlar, tarixchi va jurnalistlar bilan aloqa oʻrnatdim.

    Oʻzbekistonga qilgan safarlarim, hamkasb va gʻoyadoshlarim bilan amalga oshirgan hamkorlik natijasida kuni kecha yozib bitirilgan kitob dunyoga keldi. Men oʻz asarimni Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yillliga bagʻishladim”.

    Niderland tilida yozilgan asar yurtimiga bagʻishlab bu tilda yaratilgan yirik kitoblarning birinchisi boʻldi.

    Oʻzbekistonning turli tuman qismlaridan olingan rang-barang suratlar bilan boy bezatilgan kitob mamlakatimiz tarixi, dini, madaniyati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaga qoʻshgan hissasi, taomlari, urf-odatlari, turizm va iqtisodiyot sohalaridagi salohiyati toʻgʻrisidagi qiziqarli maʼlumotlar, fikr-mulohazalarni oʻzida mujassam etgan.

    Kitobning kirish soʻzi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov tomonidan yozilgan.

    Bundan tashqari, kitobga niderlandiyalik bir qator koʻzga koʻringan olim, jurnalist, tarixchi, sayohatchi va iqtisodchilar ham hissa qoʻshgan.

    Mualliflar orasida jumladan, Abdulvoxid van Bommel, Djon Raynxard, Floor Xerbrink, Remko Reyding, Marlin Tutenel, Leo Xyogen, Yusuf Oqqoya, Laslo Marash, Iris Besuyn, Sedat Chakir kabi nomlarning borligi kitobga kiritilgan maʼlumotlar, fikr va dalillarning ishonchliligi va adabiy jihatdan puxtaligini kafolatlagan.