Muhokama jarayonida Qonunda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan qator masalalar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasida uzrli sabablar boʻlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʻtgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berilishi, alohida hollarda, masalan homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq koʻrib chiqilayotgan qonun bilan mazkur normalar chiqarib tashlanyapti.
Bunga asos sifatida Qonun bilan kiritilayotgan boshqa oʻzgartishlar koʻrsatilgan. Xususan, endilikda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy oʻtgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Ammo, nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin qancha muddat davomida oʻtkazilishi noaniqligicha qolgan.
Shunga koʻra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, yaʼni homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning oʻzida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu oʻz navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlishi mumkinligi qayd etildi.
Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan boʻlsa, shuningdek alohida hollarda, jumladan homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlar mavjud boʻlganda tibbiy koʻrikdan oʻz roziligi bilan oʻtkaziladi.
Qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartishga asosan, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki oʻrtada bolasi (bolalari) boʻlgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek homilador ayol va uning tugʻilajak bolasini oʻz bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy koʻrikdan oʻtish ixtiyoriy hisoblanishi koʻrsatilyapti.
Mazkur oʻzgartishlarga asosan, endilikda yuqorida qayd etilgan ayrim shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtishi nikohlanuvchi shaxslarning aynan oʻz roziligi bilan emas, balki ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi qayd etilyapti.
Bundan tashqari, amaldagi tahrirda nazarda tutilgan bir tarafning kasalligi mavjud hollar Oila kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlar jarayonida eʼtibordan chetda qoldirilgan. Bu esa, oʻz navbatida bu toifadagi shaxslar huquqlarining cheklanishiga olib keladi.
Shu bilan birga Oila kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilyapti.
Biroq ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur oʻrganilib, tahlil qilinmagan.
Jumladan, qonun tashabbuskorlari tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlarda nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjud emasligi yoki ularning qisqaligi bayon etilgan boʻlsada milliy qonunchiligimiz tizimi oʻzaro yaqin boʻlgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud. Masalan, Rossiya (1 oydan kam boʻlmagan va 12 oydan koʻp boʻlmagan muddatda), Armaniston (1 oydan kam boʻlmagan 3 oydan koʻp boʻlmagan), Ozarbayjon va Qozogʻiston (1 oy muddatda) hamda boshqa koʻplab mamlakatlarda nikoh tuzishda tegishli muddatlar saqlanib qolgan.
Amaldagi norma va qoidalar, yaʼni nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan oʻtuvchilarning oʻz qarorlarini puxta oʻylab koʻrishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan oʻtishga yoʻl qoʻymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin etilyapti hamda bu boʻyicha tegishli qator qonunosti hujjatlari ham qabul qilinganligi taʼkidlab oʻtildi.
Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni rad qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.