Konstitutsiyamizga asosan har bir shaxs bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Shunga monand ravishda, mamlakatimizda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, ularning muammolarini hal etishning yangi mexanizmlari joriy etildi.

Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, joylarda esa Xalq qabulxonalari tashkil etildi, hududlarni sektorlarga boʻlib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yoʻlga qoʻyilishiga imkon yaratdi.

Shu bilan birga, taʼkidlash joizki, soʻnggi vaqtlarda fuqarolardan doimiy ravishda yer ajratish va uy-joy bilan bogʻliq, pensiya masalasida koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.

Masalan, faqatgina adliya organlarining oʻziga 2019-yilda yer ajratish masalasida 3 526 ta, uy-joy masalasida 7 397 ta, ijtimoiy himoya (pensiya) masalalariga oid 4 434 ta murojaat kelib tushgan. 

Albatta, ushbu murojaatlar tegishli idorada hal boʻlmagandan soʻng fuqarolarimiz bunday murojaatlarni koʻrishga vakolatli boʻlgan adliya organlari, prokuratura organlariga yoki boʻlmasa toʻgʻridan-toʻgʻri sudlarga murojaat qilishmoqda.

Prezidentimizning 2020-yil 17-iyundagi PQ–4754-son “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori bilan muayyan nizoni ushbu idora tizimining oʻzida hal etadigan, sohaga oid qonunlar qoʻllashning nizoli masalalari boʻyicha xulosalar beradigan hamda qonunlarda aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish choralarini koʻradigan kollegial organ sifatida Apellyatsiya kengashlari tashkil etildi.

Apellyatsiya kengashlari eksperiment tariqasida Davlat bojxona qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida oʻz faoliyatlarini boshladi.

Apellyatsiya kengashi jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) natijasida oʻz huquqlari yoki erkinliklari buzilganligi haqidagi murojaatlarini koʻrib chiqish bilan shugʻullanadi.

Aytish joizki, mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqiga daxl qilmaydi.

Shu oʻrinda, ayrim davlat organlari tizimida bunday kengashlar tashkil etish amaliyoti mavjud. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tashkil qilingan. Yoki boʻlmasa, Adliya vazirligi tizimida ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini, seleksiya yutuqlarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlarini huquqiy muhofaza qilish bilan bogʻliq apellyatsiyalarni sudgacha koʻrib chiquvchi kollegial organi sifatida Apellyatsiya kengashi oʻz faoliyatini amalga oshiradi.

Yaqin qoʻshni davlatlardan Qozogʻiston Respublikasining ayrim davlat idoralarida ham Apellyatsiya kengashi joriy etilgan.

Xoʻsh, Apellyatsiya kengashi qanday shakllantiriladi, uning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomga asosan apellyatsiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan ikki yarim yil muddatga tasdiqlanadi hamda kollegial-maslahat organi hisoblanadi.

Apellyatsiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha aʼzolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin.

Apellyatsiya kengashi aʼzoligiga amaliy tajribaga va obroʻ-eʼtiborga ega davlat organining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek sohada katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega boʻlgan obroʻli fuqarolar qabul qilinadi.

Apellyatsiya kengashi jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha koʻrib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini koʻradi.

Shuningdek, murojaatni koʻrib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin boʻlgan normalar aniqlangan, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda vakolatli idoralar orqali rasmiy sharhlashni tashkillashtiradi.

Agarda murojaatni koʻrib chiqishda qonun hujjatlaridagi boʻshliqlar aniqlansa, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritadi.

Apellyatsiya kengashining vazifalaridan koʻrinadiki, ushbu tuzilma muayyan bir murojaatni koʻrib chiqishi orqali davlat organi faoliyatida mavjud tizimli xato va kamchiliklarga barham berish, huquqni qoʻllash amaliyotidagi boʻshliqlar, ziddiyatli holatlar yoki notoʻgʻri amaliyotga butkul barham berishi mumkin boʻladi.

Albatta, Adliya vazirligi Apellyatsiya kengashi tashkil etilayotgan davlat organlarining bu boradagi faoliyatini doimiy ravishda monitoring qilib boradi hamda tizimning samarali ishlashini taʼminlash maqsadida ularga yaqindan amaliy va uslubiy jihatdan koʻmaklashadi.

Xulosa oʻrnida, davlat organlari tizimida jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashlarining tashkil etilishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtiradi, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish orqali sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda muhim boʻgʻin hisoblanadi.

Eldor Mahkamov,

Adliya vazirligi Yuridik taʼlim

va sud-ekspertiza faoliyatini

muvofiqlashtirish boshqarmasi

boshligʻi oʻrinbosari