Oʻtgan zamonlarda bu ikki qondosh va jondosh el adabiy doʻstligi alohida shoiru adiblar faoliyati misolida rivojlanib kelgan boʻlsa, ayni kezda bu boradagi oʻzaro munosabatlar har qachongidan ham keng koʻlamda ravnaq topayotir. Oʻzaro ijtimoiy-siyosiy va madaniy-adabiy aloqalarimiz yangi darajada takomilga yetmoqda. Prezidentimiz
Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi
Prezidenti Ilhom Aliyev taklifiga koʻra, amaliy tashrif bilan qardosh
mamlakatda boʻlib, Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi
tadbirlarida ishtirok etdi. Tili va dini, anʼana va qadriyatlari bir boʻlgan
ikki xalq, ikki davlat birdamligining istiqboli borasida yangi zalvorli
qadamlar qoʻyildi.
Oʻzaro yaqin munosabatlarning bunday
darajada yuksalishi boshqa barcha sohalar singari adabiy aloqalarning ham yangi
bosqichdagi takomiliga sabab boʻlmoqda. Jumladan, 23-25-aprel kunlari Boku
shahrida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri
Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobining ozarbayjon tilidagi nashri
taqdimoti yuqori saviyada tashkil etilgani doʻstona adabiy hamkorlik tobora
kengayayotganidan dalolat beradi.
Anar muallim qalbidagi ehtirom
Safarimizning dastlabki kuni Ozarbayjon
Yozarlar birligi raisi Anar muallim boshchiligida davra suhbati tashkil etildi.
Ijodiy muloqot qizgʻin muhokamalarga boy, ikki qardosh xalq adabiyotiga xos
anʼanalarning bugungi yangilanish jarayoni, bunda davlat rahbarlarining
eʼtibori alohida oʻrin tutayotgani haqida fikrlashuv ruhida oʻtdi.
— Avvalo, Ozarbayjonga xush kelibsiz!
Bugun ikki qardosh davlat oʻrtasidagi masofa har qachongidan ham yaqinlashdi.
Oʻn kun oldin biz Oʻzbekistonda boʻlgan edik. Bugun siz Ozarbayjondasiz — na
xush damlar! — dedi davra suhbatini ochar ekan Anar muallim. — Oʻzbekistondagi
Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldik. Bu markaz Oʻzbekistonning nafaqat
Markaziy Osiyo yoki turkiy dunyoda, balki islom olami va butun jahonda
adabiyot, madaniyat va sanʼat, Qurʼon va hadis, kalom va tasavvuf ilmlari
borasida naqadar ulkan salohiyatga ega davlat ekanini namoyish etuvchi moʻtabar
maskan boʻlibdi. Islom sivilizatsiyasi rivojiga Oʻzbekiston qoʻshgan beqiyos
hissa aniq-ravshan, hujjatli va eng soʻnggi texnologiyalar asosida yoritilgani
chindan ham tahsinga loyiq!
Shundan keyin Sirojiddin Sayyid ikki
xalq adabiy hamkorligining yuksalishida davlat rahbarlarining adabiyotga
koʻrsatayotgan yuksak eʼtibori muhim asos boʻlayotgani haqida soʻzladi. Shoir
oʻqigan “Oʻzbek – Ozarbayjon faxriyasi” sheʼri davraga oʻzgacha ruh, shavqu
zavq olib kirdi:
Aytsam
agar — olamjahon,
Olgaydir bir nolam jahon.
Qoʻlimdagi
qalam — jahon,
Mening ikki bolam — jahon.
Biri
— jon, biri — jonajon:
Oʻzbekiston
— Ozarbayjon,
Ozarbayjon — Oʻzbekiston...
Davra
suhbatida Nizomiy va Navoiy, Fuzuliy va Ogahiy, Samad Vurgʻun va Erkin Vohidov,
Baxtiyor Vahobzoda va Abdulla Oripov sheʼrlaridan oʻqildi. Ahamiyatli jihati, ozarbayjon
ziyolilari oʻzbek sheʼriyatini, oʻzbek oydinlari ozarbayjon adabiyotini naqadar
chuqur bilishi ayon boʻldi.
Navoiyxonlik,
fuzuliyxonlik, sheʼr zavqi, gʻazal shavqi allamahalgacha davom etdi. Bu
mushoiralar ikki qondosh xalq adabiyoti qanchalar yaqin ekanini yana bir karra
tasdiqladi. Koʻngillar nasr boʻstoni chamanlaridan boʻy oldi, nazm gulzori
chechaklaridan muattar boʻldi. Oradan masofa koʻtarildi, ikki adabiyot ruhan
bir ekani yanada oydinlashdi.
Ajib oʻlka bu Ozarbayjon
Safar
rejamizning eng muhim qismlaridan biri — tarixiy Ganja shahriga borish va buyuk
Nizomiy Ganjaviy maqbarasini ziyorat etish edi. Mezbonlarga ehtirom hamda
ularda Ozarbayjon oʻlkasi haqida kengroq taassurot uygʻotish uchun boʻlsa
kerak, yoʻlimiz Buyuk Kavkaz togʻlari dovoni orqali tashkil etildi.
Mikroavtobus yoʻlning tanobini tortib borar ekan, Buyuk Kavkaz togʻlari etagida
joylashgan shirvonshohlar saltanatining boshkenti Shamaxi shahridan oʻtdik.
Eramizdan avvalgi V-IV asrlardayoq aholi istiqomat qilgan bu tarixiy shahar
yuksak madaniyat va adabiyot markazi sifatida ham shuhrat qozongan. Iqlimi
nihoyatda yoqimli, havosi toza Shamaxida hunarmandchilik, ayniqsa, gilamchilik
va ipakchilik qadimdan rivojlangan. Tarixiy obidalar, moziydan yodgor masjidu
maqbaralar saqlanib qolgani shaharning qadimiy tarixi va shukuhidan dalolat
beradi. Shamaxi boshqa barcha fazilatlarini sanamaganda ham, Imodiddin Nasimiy,
Xoqoniy Shirvoniy, Mirza Aliakbar Sobir, Sayyid Azim Shirvoniy va Muhammad
Hodiy singari ulugʻ shoiru mutafakkirlar vatani ekani bilan Ozarbayjonning eng
moʻtabar maskanlaridan sanaladi. Shaharning yoʻl yoqasidagi muazzam devorlarida
mazkur shoirlarning oʻymakor suratlari naqshlanib, ismlari darj etilgan.
Ajib
oʻlka ekan bu Ozarbayjon. Har bir qadamida ulugʻ shoiru adiblar xoki yotibdi.
Har bir kentu qishlogʻida buyuk mutafakkirlar ruhi kezib yuribdi. Birgina
Shamaxidan yetishib chiqqan buyuk isteʼdod egalarining oʻziyoq jahon adabiyoti
takomilida alohida oʻrin tutadi. Ustozi Abul Aʼlo Ganjaviy nazariga tushib,
shirvonshohlar saroyida adabiy muhit shakllanishi va rivojlanishiga ulkan
hissa qoʻshgan, Nizomiy Ganjaviy bilan doʻstona munosabatda boʻlib, “Tuhfat
ul-Iroqayn” (“Ikki Iroq tuhfasi”) asari bilan ozarbayjon adabiyotida
dostonchilikka asos solgan Xoqoniy Shirvoniy ham ana shu maʼvodan yetishib
chiqqan. Ustoz Najmiddin Komilov uning mashhur “Mirʼot us-safo”sini oʻzbek
tiliga tarjima qilgan. Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy,
Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, Mirzo Abdulqodir Bedil singari soʻz sanʼati dargʻalari
tatabbu yozganining oʻziyoq bu qasidaning Sharq estetik tafakkuri rivojida
tutgan oʻrni qanchalik baland boʻlganiga dalolat qiladi.
Shamaxilik
XX asr shoiri Muhammad Hodiy jadid bobolarimiz bilan yaqin munosabatda boʻlgan.
Sheʼrlari ham Vatan va millat dardi ila yoʻgʻrilgan, jadidona ruhda. “Alvohi
intiboh yoxud insonlarning tarixiy fojialari” nomli mumtoz manzumasida Birinchi
jahon urushi janggohlaridagi qirgʻinbarot taassurotlarini taʼsirli ifodalagan:
Nasl,
koʻrdingmu tarixi bashar
qonlar-la boshlanmish,
E
voh, qonlar-la, afgʻonlar-la,
xusronlar-la
boshlanmish,
U
qon tarixida noqobil
insonlar-la
boshlanmish...
Boqishlar
koʻlkali, yuzlar
butun noshod
shaklinda,
Bu
motamgohi kim koʻrmish
sururobod shaklinda.
Shoir
nazdida, inson naqadar mukarram va sharafli boʻlsa, shu qadar tuban va badbaxt
hamdir. Ezgulikka nechogʻliq qodir boʻlsa, yovuzlik bobida ham unga teng
keladiganini topish mahol. Bashar tarixi qon toʻkish bilan boshlangani haqida
yozar ekan, shoir odamzod kechmishi ibtidosidagi Qobil va Hobil voqeasiga
ishora qiladi. Shundan buyon qonlar, afgʻonlar, xusronlar (adashuvlar — N.J.)
muttasil davom etayotganiga taassuf bildiradi. Shoir sheʼrida ifodalangan iztirobu
anduhga yoʻgʻrilgan fikrlar bugun dunyoda kechayotgan xunrezliklar, murakkab va
ziddiyatli holatlarga uygʻunligi jihatidan ahamiyatlidir.
Sheʼriyat
va nafosat shahri Shamaxidan oʻtar ekanmiz, ana shu kabi goh quvonchli, goh
iztirobli oʻylar kechdi xayolimizdan. Tilimizga ozarbayjon shoirlarining oʻtli
satrlari keldi. Dovonning quyuq tuman orasidan ham koʻrinib, sezilib turgan
goʻzal va toza tabiati, bepoyon oʻrmonlari shukuhi, osmonoʻpar togʻlar viqori
koʻngillarni yuqoridagi sheʼr tugʻdirgan anduh gʻuborlaridan pokladi. Biz
qadam-baqadam buyuk Nizomiyga yaqinlashar edik.
Ganjaning bebaho ganji
Oʻzbek
va ozarbayjon adabiyoti takomilining choʻqqisida ikki buyuk mutafakkir — Nizomiy Ganjaviy va
Alisher Navoiy ijodiy merosi turadi. Zohiran ular yashab ijod qilgan davrni uch
asrlik masofa ajratib tursa-da, ikki buyuk shoir ijodi mohiyatan bir-biriga
uygʻun. Goʻyo bir davrda yashagandek, biri ikkinchisini taqozo etadi va
boyitadi. Hazrat Alisher Navoiy buyuk beshlikning har bir dostonida ulugʻ
salafi Nizomiy Ganjaviy vasfiga alohida sahifalar bagʻishlaydi. Ganja shahriga
kirib kelar ekanmiz, Hazrat Navoiyning mana bu satrlari koʻngillarga yogʻdu
ulashadi:
Ganja
Vatan, koʻngli oning ganjxez,
Xotiri
ganjuru tili ganjrez.
Ushbu
baytda Nizomiyning vatani Ganja, koʻngli ganjxez — maʼno javohirlarini
ulashuvchi, xotiri xazinalarni saqlovchi boʻlsa, tili — duru gavharlar
toʻkuvchi, yaʼni qimmati baland, teran maʼnoli soʻzlarni aytuvchi ekani
taʼkidlangan.
Ne
ajabki, biz ana shu tarixiy shahardamiz. Bizni Ganja shahri hokimi oʻrinbosari
Odil Tagiyev va Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Ganja boʻlimi masʼul kotibi
Alimuxtor Muxtorov kutib oldi. Birgalikda Nizomiy Ganjaviy ziyoratiga bordik.
Koʻngillarimiz mumday erib, Qurʼon tilovat etdik. Buyuk Nizomiy va ulugʻ Navoiyning
pok ruhlari, qardosh xalqlarimiz doʻstligi va adabiy hamkorligi yuksalishi
uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan ikki davlat rahbari haqiga
xayrli duolar qildik. Intizor boʻlib kelganimiz ziyoratdan dillarga nur indi,
ruhimiz oynasi gʻuborlardan aridi.
Mezbonlardan
biri qiziq savol berdi: “Ganjaga faqat Nizomiy ziyorati uchun keldingizmi?”.
Biz: “Ha, Nizomiy Ganjaviy ziyorati koʻzlarimizga nur, koʻngillarimizga surur
berdi”, deya javob berdik. Toshkent va Ganja shaharlari orasidagi masofa havo
yoʻli orqali taxminan 2000-2100 kilometrni tashkil etsa, avtomobil yoʻli orqali
bundan ham ancha uzoq — qariyb 3000
kilometr ekan. Ehtimol, qardoshimiz savolida ham jon bordir. Lekin Nizomiy va
Navoiy munosabatlaridan yaxshi xabardor oʻzbek ziyolisi bu yoʻlni buyuk Nizomiy
ziyorati uchun bosib oʻtishni sharaf deb bilishi ayon.
“Saddi
Iskandariy” dostonida Hazrat Alisher Navoiy buyuk salaflari — Nizomiy Ganjaviy,
Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va boshqa ulugʻlar bilan hol tili ila muloqot
qilmoqqa muyassar boʻladi. Shunda Nizomiy Ganjaviy Hazrat Navoiyga qarata mana
bunday soʻzlarni aytadi:
Sipehr
aylab el ichra nodir seni,
Jahon
nazmi tavrida qodir seni...
Ki,
keldi zamonida sendek kishi —
Ki,
ermas ishing odamizod ishi.
Hazrat
Nizomiy buyuk xalafi Alisher Navoiyning bunday ulugʻ darajaga erishuvi sababini
bu ishga poklik ila qoʻl urgani, poklar ruhi uning yoʻlini ochgani, har sahar
ulugʻ ustozlari ruhini duo bilan shod etgani, ular nomini ixlos ila yod etgani
bilan izohlaydi. “Yoʻq ersa erur asru savdoi xom, Iki yilda bir “Xamsa” qilmoq
tamom”, deya “Xamsa”ni ikki yilda yakunlab, sharaf topgani ana shu fazilatlari
tufayli ekaniga urgʻu beradi. Biz ham bu ulugʻ siymolar ziyoratidan cheksiz
bahra oldik.
Hazrat
Nizomiy ziyoratidan soʻng fuzuliyshunos olim va adib Mir Jalol Pashayev
uy-muzeyida boʻldik. Adibning ibratli hayot yoʻli, qimmatli asarlari bilan
tanishdik. Ozarbayjon Yozarlar birligining Ganja viloyati filialida shoiru
adiblar bilan qizgʻin ijodiy muloqot oʻtkazildi. Ozarbayjon xalq yozuvchisi
Anar Rzayevning onasi Nigor Rafibeyli haykali poyiga gullar qoʻyilib, shoira
xotirasiga ehtirom koʻrsatildi. Ganja safari buyuk Nizomiy ziyorati barobarida
benazir mutafakkirning bugungi izdoshlari ijodi bilan ham yaqindan
tanishilgani, ikki ulugʻ shoir avlodlari oʻrtasidagi doʻstlik koʻpriklari
yanada mustahkamlangani bilan ham xotiramizga muhrlandi. Yorugʻ xayollar
ogʻushida Ganja — Boku yoʻlini qanday bosib oʻtganimizni ham sezmadik.
Ulugʻlar ziyorati — koʻngillar
halovati
Safarimizning
uchinchi kuni ham ziyorat bilan boshlandi. Boku shahridagi “Shahidlar
xiyoboni”dagi shoʻro davri fitnalarining qurboni boʻlgan shahidlar xotirlandi.
Shundan soʻng Ozarbayjon Respublikasining birinchi prezidenti Haydar Aliyev
qabri ziyorat etilib, ulugʻ davlat arbobi yodgorligi poyiga gulchambarlar
qoʻyildi. Shu maskanda dafn etilgan mashhur shoir Samad Vurgʻun qabrini ziyorat
qilar ekanmiz, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid uning mana bu
satrlarini berilib oʻqidi:
Agar
sendan tonar boʻlsam,
nasibim
ohu zor oʻlsin,
Bahorim
qishga aylansin,
chechaksiz
bir diyor oʻlsin.
Chamanzorim,
bogʻim-bogʻcham toʻkilsin,
bori
xor oʻlsin,
Mazorim
oʻt olib yonsin,
bu
ishqim oshkor oʻlsin.
Qoʻy,
ey bulbul! Tin, ey dovul,
ki
xohish istirohatdir,
Bu
yerlarda ilinjim yoʻq,
yupanchim
bir sayohatdir.
Oʻlim,
ey voh, bu neʼmatdir,
bu
bir shonli saodatdir,
Agar
bevaqt oʻlar ersam,
raqibim
baxtiyor oʻlsin...
— Bu
sheʼrni Razzoq Abdurashid tarjima qilgan, — dedi Sirojiddin Sayyid. — Betakror
sheʼr va uning benazir tarjimasi!
Shoirning
quvvai hofizasi barchamizni hayratlantirdi. Soʻz Fuzuliy haqida ketadimi yoki
Mulla Panoh Voqif, Samad Vurgʻun toʻgʻrisidami yoki Baxtiyor Vahobzoda xususida
— Sirojiddin aka ular sheʼrlaridan durdona misralarni yoddan aytadi.
Bokuda vaqtga qoʻyilgan haykal
Ziyoratdan
soʻng Ozarbayjon Yozarlar birligi majlislar zalida Sirojiddin Sayyidning
ozarbayjon tilida nashr etilgan “Vaqt haykali” sheʼriy toʻplami taqdimoti
oʻtkazildi. Tadbirni ochib berar ekan, Anar muallim mana bunday soʻzlarni
aytdi: “Bugun ushbu koshonamizga Navoiy va Bobur yurti — qardosh Oʻzbekistondan
kelgan delegatsiya aʼzolariga xush kelibsiz deymiz! Azaldan qondosh va
bir-birimizni yaxshi bilgan elmiz. Ikki xalqning birdamligini, ikki
Prezidentning doʻstligini bilib, kuzatib turibmiz. Davlatlarimiz rahbarlari
yuritayotgan siyosat tahsinga sazovor. Bu doʻstlik adabiy hamkorligimizga ham
keng yoʻl ochayotir. Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobi ozarbayjon
tiliga tarjima etilgani hammamizni xursand qildi. Bu kitob oʻzbekning ulugʻ shoiri
asarlari tarjimalarining debochasidir. Hali koʻp yuksak sheʼrlari, dostonlari
tarjima etilib, ozarbayjon xalqining adabiy-maʼnaviy xazinasiga aylanajak”.
Ilm
yoʻllarida, buyuk Navoiy bobomiz merosini oʻrganish va xalqimizga yetkazish
yoʻlida baholi qudrat xizmat qilib yurgan bir mutaxassis sifatida Anar
muallimning: “Oʻzbekistondan taniqli olim Nurboy Jabborov domla kelgan, biz uni
mashhur navoiyshunos sifatida bilamiz”, degan fikrlari tafakkurimga nur,
koʻnglimga surur bagʻishladi. Bu eʼtirof, tabiiyki, bundan keyin qilinadigan
katta ishlar uchun masʼuliyat hissini yuklaydi.
Taqdimotda
Oʻzbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom
Ashrafxonov Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobi
tarjimasi ikki xalq adabiy aloqalari rivojida alohida oʻrin tutishini,
tarjimonlar Akif Bagʻirov va Yashar Qosimov xizmatlari tahsinga loyiq ekanini
alohida taʼkidladi. Bunday kitoblar ikki xalq doʻstligini yuqori darajada
yuksaltirishi xususida soʻzladi. Kamina ham ushbu sheʼriy toʻplam tarjimasining
ahamiyati xususida gapirdim.
“Vaqtga
haykal qoʻymoq payti ham yetdi!” — ushbu satr Sirojiddin Sayyidning 1984-yili
yozilgan “Saksoninchi yillar” dostonidan olingan. Vaqt degan ulugʻ neʼmatni
qadrlash, uni yelga sovurishdan saqlanmoq, asl haqiqatlarga bagʻishlamoq —
vaqtga haykal qoʻyish deganda shoir
ana
shu teran mohiyatni nazarda tutadi.
Hayot!
Koʻzlaringni
mendan yashirma!
Hayot!
Dardlarimga
oʻzing ber hayot!
Sen
oʻzing dunyoda eng buyuk baxtsan,
Sen
oʻzing dunyoda eng buyuk faryod.
Shoir
ana shu eng buyuk baxt va eng buyuk faryod boʻlgan hayot falsafasini oʻziga xos
talqin etadi. Uningcha, hayot Hazrat Navoiy kuylagan azob, ustoz Gʻafur Gʻulom
eʼzozlagan ezgu dard. Zero, haqiqiy sheʼr ana shu azob va ezgu dard hosilasi.
Vaqtga ijodkor qoʻyajak haykal “Foniy hasrat emas — Oliy Orzudan, Oʻtkinchi
gʻam emas — Yuksak Ishonchdan” qurilmogʻi zarur. “Tugʻyondan, vijdondan,
giyohdan, tongdan, Shabnamdan, qasamdan, sevgi, quvonchdan” bunyod etilmogʻi
kerak bu haykal.
Haqiqiy
shoir faqat oʻzini oʻylay olmaydi. Uning yuragini mudom millat dardi,
bashariyat dardi oʻrtaydi. U Hazrat Navoiy boʻlib Astrobodga surgun etiladi,
Sobir Termiziy boʻlib suvga gʻarq qilinadi. Zamondan quyun yangligʻ oʻtib,
“Boburnoma” boʻlib bitiladi. Dunyoda kechayotgan urush-taloshlar,
zulm-oʻldirishlar, talon-tarojlar qalbini muttasil iztirobga soladi, ruhini
gʻam dengiziga choʻktiradi. Afgʻoniston qumlarida askarlar yiqilganda U ham
yozuv stolida soʻzsiz yaralanadi. Jenevadagi tinchlik shartnomalari
choʻzilganda, uni tahlikaga solgan muddatlar ham uzayadi. Nikaraguada, Bayrutda
yuz bergan vayronagarchilik va qotilliklardan daftariga qon sachraydi,
samolarda jon bergan Muin Bsisu hasrati uning ham koʻngliga mung soladi. Ona
koʻz yoshlari timsolida dunyo koʻz yoshlarining mohiyatini anglaydi. Inson dard
bilan buyuk ekanini yurakdan his etadi. Butun dunyo vijdonlarini birlashmoqqa
chorlaydi.
Doston
mana bunday xulosalanadi:
Mening
koʻz oldimda Vaqt turar faqat —
Butun
Insoniyat shaklidagi Vaqt.
Vaqtni
insoniyat shaklida tasavvur etish, his etish uchun shoirona yuksak tafakkur va
ijodiy taxayyul, tongday toza qalb zarur, yurakda choʻng dard boʻlmogʻi kerak.
Sirojiddin Sayyid ana shunday zalvorni yelkasiga olgan salohiyatli ijodkor. Shu
bois, turli millat shoirlari uning asarlarini oʻz tillariga tarjima qilmoqqa
ehtiyoj sezayotir. Sheʼrlari qardosh oʻlkalarda ham sevib oʻqilmoqda.
“Vaqt
haykali” kitobini ozarbayjon tiliga mashhur “Oʻzbek kelayotir!” sheʼri
muallifi, atoqli shoir va adabiyotshunos Akif Azalp hamda ijodkor va olim
Yashar Qosim tarjima qilgan. Kitobdan shoirning inson va jamiyat munosabatlari,
hayot va ishq falsafasi, Vatan va xalq muhabbati, tarix va zamon konsepsiyasi
bilan bogʻliq sara sheʼrlari, “Saksoninchi yillar” hamda “Tanazzul” dostonlari
oʻrin olgan. Bu nashr faqat Sirojiddin Sayyidninggina emas, oʻzbek
sheʼriyatining ham yutugʻi, oʻzbek-ozarbayjon adabiy aloqalari muttasil
rivojlanayotgani dalilidir. Shoirning eng sara sheʼrlari va dostonlari oʻrin
olgan toʻplam sheʼriyat muhiblari koʻnglidan chuqur joy olishi shubhasiz.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori,
professor