Olimlar rivojlanayotgan mamlakatlarda quyidagi asosiy yoʻnalishlarda qator eksperimentlar olib borgan:

- kambagʻallikni qisqartishga qaratilgan chora-tadbirlar joylardagi shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda aniq tajribalar asosida ishlab chiqilishi;

- arzon va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, bepul emlash hamda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish;

- aholining taʼlim olish davomiyligi va taʼlim sifatini oshirish;

- ijtimoiy himoya tizimi va muhtojlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash;

- mikrokreditlash va tadbirkorlikka ruhlantirish;

- kambagʻallikni qisqartirishda psixologik faktorlarning rolini oshirish;

- rivojlanayotgan mamlakatlarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha institutsional cheklovlarning mavjudligi va boshqalar.

Oʻzbekiston Respublikasida kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishi 2020-yilda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. 
“Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu oʻrinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 

Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishi nisbatan yangiligini inobatga olib, uni qisqartirish uchun amalga oshiriladigan instrument va usullarni real holatdan kelib chiqqan holda ishlab chiqish, belgilangan maqsadga erishishni osonlashtiradi. Shundan kelib chiqib, jahonning ilgʻor mamlakatlari tajribasi, Banerji, Dyuflo va Kremerning kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tadqiqot natijalari asosida respublikaning vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan Toshkent viloyatining Boʻka va Chinoz tumanlarida kambagʻal va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida joylarga chiqib eksperiment kuzatuvlari oʻtkazildi.

Ishchi guruhi aʼzolari 8 kun davomida Boʻka tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 504 ta, Chinoz tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 648 ta, umumiy hisobda 1152 ta uy xoʻjaliklarida kuzatuvlarni amalga oshirdi.

Kuzatuvlar davomida uy xoʻjaliklari tarkibi, yashash sharoitlari, isteʼmol xarajatlari, real daromadlari, uzoq muddat foydalanadigan vositalari, uy xoʻjaligi aʼzolarining moddiy neʼmatlar va ijtimoiy xizmatlardan foydalana olish imkoniyatlari, jumladan, bepul tibbiy xizmatdan foydalanishi, farzandlarining taʼlim olishi sifati, moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda tadbirkorlik tashabbuslari oʻrganildi.

Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlarining yoshiga nisbatan boʻyi, vazni oʻlchandi hamda darslarni oʻzlashtirishi oʻrganildi. Psixologlar tomonidan ehtiyojmand oila aʼzolari bilan individual suhbatlar oʻtkazilib, ularning psixologik portretini shakllantirish va kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha ruhiy ragʻbatlantirish ishlari amalga oshirildi.

Kuzatuvlar yakuni boʻyicha olingan maʼlumotlar asosida Oʻzbekistonda kambagʻallik chegarasini aniqlash, “yashash minimumi” va “isteʼmol savatchisi” boʻyicha hisob-kitob ishlarini yakuniga yetkazish, aholining bazaviy isteʼmol xarajatlari va kambagʻallik chegarasi mezonini hisoblashni amaliyotga joriy etish hamda respublikada kambagʻallikni qisqartirishga yoʻnaltirilgan strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanish rejalashtirilgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati