Yoshlarning jahon andozalari darajasida bilim olishiga shart-sharoit yaratish, fanlarni chet tilida chuqurlashtirib oʻqitish va bu orqali taʼlim sifatini oshirishda nodavlat taʼlim muassasalarining oʻrni alohida. Mamlakatimizdagi bu turdagi muassasalar uchun qator imtiyozlar berilgan. NTMlarga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish va avval ajratilgan kreditlar muddatini uzaytirish, taʼlim hamda unga tegishli xizmatlar boʻyicha barcha soliq toʻlovlaridan ozod boʻlish kabi imtiyoz va imkoniyatlar nodavlat taʼlim muassasasi ochish istagidagi tadbirkorlarga quvvat bagʻishlaydi.

Oʻquv markazlariga boʻlgan bunday eʼtibor javobsiz qolmadi. Aniqroq aytganda, soʻnggi yillarda yoshlarning chet tillarni oʻrganishga qiziqishi beqiyos darajada oʻsdi. Oʻzbekistondagi oʻquv markazlari soni bir necha barobar oshdi va samaradorligi boʻyicha Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarni ortda qoldirdi.

Oxirgi yillarda taʼlim sifati ancha yuqoriladi, NTMlar soni Toshkentning oʻzida uch mingtaga yetib qoldi. Bu yoshlarning jahon andozalari darajasida bilim olib, mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar boʻlib yetishishiga zamin tayyorlayapti.

Hozirgi vaqtda oʻquv markazlari yoshlarga nafaqat yaxshi imkoniyatlar, tajriba va boshqa davlatlarda oʻqishi uchun yetarli bilim beryapti, balki ular uchun oʻsishga qulay boʻlgan ish oʻrinlari ham yaratmoqda. Bunga oʻquv markazlarida ishlayotganlarning oʻrtacha yoshi 30 yoshdan oshmayotgani, koʻplab yigit-qizlar shu sohada band ekani yaqqol misoldir.

2014-yilda 600 AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ va ijaraga olingan 3 ta xona bilan ish boshlagan Cambridge oʻquv markazining bugungi kunda 5 ta filiali mavjud. Shu kunga qadar markazda 40 mingdan ziyod oʻquvchi tahsil oldi va qaysidir maʼnoda hayotini oʻzgartirdi.

Yoshlarning oʻsishi uchun foydali loyihalarni yoʻlga qoʻyganmiz. Masalan, “Cambridge Internship” orqali bilimi bor 17-18 yashar yigit-qizlar ish tajribasiga ega boʻlishi, mehnat bozoriga tayyorlanishi, xalqaro sertifikat olib, Cambridge jamoasiga qoʻshilishi uchun imkoniyat beriladi. Bu ular uchun oʻziga xos motivatsiya va ingliz tilini sidqidildan oʻrganishiga ragʻbatdir.