Mukofot jamgʻarmasi 150 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur turnirda sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlari ishtirok etyapti. Ular orasida hamyurtimiz, rapid yoʻnalishi boʻyicha amaldagi va shu bilan birga eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov (2651) ham bor.

Birinchi kun oʻtkazilgan 4 ta partiyada Abdusattorov hech bir raqibiga yutqazmagandi. Yana bir muhim jihat, amaldagi jahon tojdori Magnus Karlsen (2865) bu safar ham yosh grossmeysterimizni magʻlub eta olmagan edi. Karlsenga qarshi qora donalarda harakat qilgan Nodirbek durang natija qayd etgandi. Aynan Magnus ushbu musobaqaning amaldagi gʻolibi hisoblanadi.

Kecha Abdusattorov musobaqa doirasida yana 4 ta partiya oʻtkazdi. Yosh grossmeysterimiz 5-turda jahon tojiga soʻnggi daʼvogar, rossiyalik Yan Nepomnyashiy (2773) bilan qora donalarda oʻynadi va imkoniyatni boy berdi. Oltinchi turda ayollar oʻrtasida 12-Jahon chempioni, rossiyalik Aleksandra Kostenyuk (2516)ni magʻlubiyatga uchratdi. Yettinchi partiyada qora donalarda oʻynadi va germaniyalik xalqaro grossmeyster Vinsent Keymer (2664)ga yutqazib qoʻydi. Sakkizinchi turda AQSH vakili Xans Niyemenn (2642)dan ustun keldi.

Shu tariqa, Nodirbek Abdusattorov ikkinchi kungi bahslarda 2 gʻalaba va 2 magʻlubiyat qayd etdi. Bugun hamyurtimiz 9-turda hindistonlik Pragnanandxa (2612), 10-turda vyetnamlik Liyem Kuang Le (2709), 11-turda kanadalik Erik Xansen (2606), 12-turda esa xitoylik Liren Ding (2799) bilan hisob-kitob qiladi.

Maʼlumot uchun, 16 xalqaro grossmeyster ishtirokidagi musobaqa rapid yoʻnalishida oʻtkazayotgan boʻlib, dastlab ishtirokchilar 15 turdan iborat saralash bosqichida oʻzaro kuch sinashadi. Shaxmatchilar toʻplagan har bir ochkosi uchun 250 dollardan mukofot olishadi. Saralash bosqichi yakuniga koʻra eng yaxshi natija qayd etgan 8 nafar shaxmatchi pley-off bosqichida gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Bu bosqichda har bir oʻyin muhim ahamiyatga ega va yutqazgan shaxmatchi uchun musobaqa tugaydi.

Eslatib oʻtamiz, yaqinda Polshada oʻtkazilgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsenni shov-shuvli tarzda magʻlubiyatga uchratgan edi.

Manba