Tadbirda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori A.Inakov, Qoʻqon shahar hokimi M.Usmonov, Fargʻona viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimda taʼkidlanganidek, “Muruvvat” uyi taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Bu yerda 2000-yildan buyon hech qanday taʼmir ishlari amalga oshirilmagan. Shu bois u Prezidentimizning 2018-yil 20-iyundagi “Tibbiy ijtimoiy muassasalar moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2020-2021-yillarda amalga oshiriladigan qurilish rekonstruksiya dasturiga kiritildi.

Qurilish-taʼmirlash va pardozlash jarayonlarini viloyat hokimligi mutasaddilari va mutaxassislari nazorat qilib bordi. Ikki qavatli, 80 oʻringa moʻljallangan binoni bunyod etish uchun 4 milliard 50 million soʻm mablagʻ sarf etildi.

Bino turfa mebel, choyshab, stol-stul, shkaf, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, sport anjomlari, sovutish-isitish uskunalari bilan jihozlandi. Vasiylikka olinganlarning sogʻligini muntazam tekshirib borish maqsadida fizioterapiya asbob-uskunalari, ultratovush apparati, oyoq uchun massajyor, yugurish yoʻlakchasi xarid qilindi.

“Muruvvat” uyidagilarning qiziqishlariga muvofiq turli sport toʻgaraklari tashkil etildi. Rassomlik, milliy cholgʻular bilan shugʻullanish uchun shart-sharoit yaratildi.

Ushbu maskandagi reabilitatsiya boʻlimiga qoʻshimcha bino qurilib, jami oʻrinlar soni 53 taga yetkazildi. 120 oʻrinli madaniy tadbir va yigʻilishlar zali va kirxona binosi qurilishi davom etmoqda.

Bundan tashqari shu yil oxirigacha “Muruvvat” uyining mavjud 3 qavatli binosi kapital taʼmirlanadi, yozgi dam olish ayvonchasi quriladi, kanalizatsiya tarmogʻi toʻliq yangilanadi, zamonaviy isitish qozonxonalari oʻrnatiladi, muassasa hududi asfalt qilinadi va keng obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi matbuot xizmati