Kartoshka kasalligi
Bu kasallikni asosan kartoshka tayoqchalari bakteriyasi keltirib chiqaradi. Ushbu bakteriyaning tayoqchalari u yoki bu miqdorda havoda, unda va boshqa xom ashyolarda boʻlishi mumkin. Non pishirilgan paytda bu bakteriyalarning sporalari oʻlmasdan qolsa, qulay sharoit yaratilgan paytda rivojlanib kasallikni vujudga keltiradi.
Kartoshka kasalligi bilan kasallangan nonlarning magʻzida yopishqoq, shilimshiq suyuqlik paydo boʻlib, nonga yoqimsiz taʼm va hid beradi.
Yuqori nordonlikka ega boʻlgan nonlar, masalan, javdar nonlarida bu kasallik uchramaydi. Kartoshka kasalligi asosan bugʻdoy nonlarida kuzatiladi. 35-40 darajadagi harorat bu kasallikni rivojlanishi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Shu sababli ham bu kasallik koʻproq yoz paytida uchrab turadi. Bu kasallik bilan kasallangan nonlar isteʼmolga yaroqsiz hisoblanadi.
Mogʻrlanish kasalligi
Bu kasallik ham nonlarda tez-tez uchrab turadi. Mogʻorlanishni keltirib chiqaruvchi bakteriyalarning kartoshka kasalligining koʻzgʻatuvchilaridan farqi shuki, mogʻorlarning sporalari non pishirishda batamom oʻladi. Ammo nonlarni saqlash jarayonida ularda paydo boʻladigan mikroorganizmlar taʼsirida vujudga keladi. Mogʻor bakteriyalari bilan kasallangan nonlarning yuza qismda har xil dogʻlar paydo boʻladi.
Qobiqlari silliq boʻlishi nonni maʼlum darajada mogʻorlanishdan saqlaydi. Non yuzasida yoriqlarning paydo boʻlishi esa mogʻorlanish jarayonini tezlatadi. Nonning mogʻorlanishiga taʼsir qiladigan asosiy omil bu xonalardagi havoning harorati yuqori boʻlishi (25- 30 °S), nisbiy namligi 70 foizdan yuqori boʻlishi va sanitariya-gigiyena holati hisoblanadi.
Non saqlanayotgan joylarda sanitariya holatini, tozalikni taʼminlash nonlarni mogʻorlanishdan saqlaydi.