Chunki Alisher Navoiy turkiy adabiyotni yulduzlar yoniga olib chiqdi, turkiy tilli adabiyotning mukammal andozasini yaratdi, Hazratdan keyin turkiy tilda adabiyot insho qilish rasm boʻldi, boshqa turkigoʻy shoirlar ham oʻz ona tilida dadil yoza boshladi. Mirzo Boburning nafis va mardona ruboiy hamda gʻazallari, “Boburnoma”, yana boshqa asarlari beqiyos jozibasi, badiiy va ijodiy qimmati bilan jahon ahlini maftun etib keladi.
Qish faslining soʻnggi oyi — fevral keyingi yillarda yurtimizda adabiyot oyligi sifatida nishonlab kelinmoqda. Dunyoda bayramlar, turli anjumanlar koʻp. Shular orasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud sanasi bilan bogʻliq tantanalar nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda keng miqyosda nishonlanadi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasida Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy kabi buyuk bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomini yuksak darajada, har tomonlama munosib oʻtkazishda mahallalar, taʼlim-tarbiya maskanlari, mehnat jamoalari, ziyolilar, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari, umuman, butun xalqimiz faol ishtirok etishi zarurligini taʼkidlagan edi. Bu borada “Vatandoshlar” jamoat fondi ham ibratli ishlarni qilmoqda.
— Prezidentimizning adabiyot va sanʼatni, madaniyat va kitobxonlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur merosini yosh avlodga bekamu koʻst yetkazish borasidagi siyosati ijtimoiy hayotimizda muhim ahamiyat kasb etyapti, — deydi “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Boliddin Sanayev. — Alisher Navoiyning 585-yilligi, Mirzo Boburning 543-yilligini keng nishonlash maqsadida fondimiz tomonidan Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Janubiy Koreya, AQSH, Yevropa mamlakatlarida madaniy-adabiy tadbirlar uyushtirilmoqda. Bu tadbirlarda shoir, yozuvchilar, adabiyotshunos va tarixchi olimlar, sanʼatkorlar, madaniyat sohasi vakillari faol ishtirok etyapti. Bugun turli davlatlarda istiqomat qilayotgan millatdosh va vatandoshlarimiz orasida ona tilimiz, madaniyatimiz, urf- odatlarimiz, sanʼatimiz, qadriyat va anʼanalarimizni yoyish, targʻib etish hamda vatandoshlarimizning keyingi avlodlari ham ulardan toʻla-toʻkis bahramand boʻla olishini taʼminlash fondimizning asosiy vazifasiga kiradi.
Buyuk bobomiz Alisher Navoiyning haykali Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori Sharif, Oʻsh, Dushanbe, Seul singari yirik shaharlarda qad rostlagan edi. 2023-yili Qozogʻiston poytaxti Ostonada ham oʻzbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiyga muhtasham haykal oʻrnatildi. Haykalning ochilish marosimida ishtirok etgan va nutq soʻzlagan davlatimiz rahbari: “Ishonchim komilki, Alisher Navoiy haykali ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtalarining yana bir yorqin ramziga aylanadi, uning merosi esa yana koʻplab avlodlarni buyuk yutuqlarga ilhomlantiradi”, degan edi.
— Oʻzbek-qozoq adabiy aloqalarining ildizi chuqur, — deydi Oʻzbekistonning Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasi vakili Bahrom Berdiyev. — Qozoq mumtoz adabiyotining yorqin vakili Abay Qoʻnonboyev Alisher Navoiyni ustoz deb bilgan. Gʻafur Gʻulom, Mirtemir, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov davrida qaror topgan adabiy aloqalar bugun ham shukuh bilan davom etmoqda.
2021-yili Qozogʻiston davlat mukofoti sovrindori, taniqli qozoq shoiri Nasipbek Aytuli Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlarini qozoq tiliga oʻgirgan. Keyingi yillarda “Mahbub ul-qulub” asari qozoq tiliga muvaffaqiyatli tarjima qilindi. Shuningdek, Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy-badiiy asarlar qardoshlar tilida chop etilmoqda. Ayni jarayon Navoiy merosi butun turkiy dunyoda faol oʻrganilayotganini koʻrsatadi.
— Men oʻzbek adabiyotini qozoq tiliga, qozoq adabiyotini oʻzbek tiliga oʻgirish bilan shugʻullanib, oʻzimning ijod qalamim ham charxlanib borayotganiga amin boʻldim, — deydi qozogʻistonlik oʻzbek shoirasi Raʼno Doʻsanova.
Joriy yil 9-13-fevral kunlari “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan Qozogʻistonning Turkiston viloyati, Chimkent, Oqtov va Atirav shaharlaridagi maktablar, oliy oʻquv yurtlari, teatrlar va mahallalarda adabiy uchrashuvlar, kitobxonlik kechalari, qizgʻin mushoiralar boʻlib oʻtdi. Turkiston viloyati Keles tumanidagi T. Begmanova nomidagi 8-maktabda boʻlib oʻtgan uchrashuvda vatandoshlarimiz hamda Abay, Chuqursoy mahallalarida yashayotgan aholi vakillari bilan birga, nuroniylar, xotin-qizlar, oʻquvchi yoshlar, mahalliy ijodkorlar ishtirok etdi. Qiziqarli oʻtgan tadbirda Alisher Navoiyning 585, Zahiriddin Muhammad Boburning 543, qozoq yozma adabiyoti asoschisi Abay Qoʻnonboyevning 180-yilligiga urgʻu berildi.
Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Sultonmurod Olim oʻzbek va qozoq xalqlarining uch buyuk shoiri — Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abay Qoʻnonboyev adabiy merosining umumbashariy ahamiyati toʻgʻrisida gapirdi. Nafaqat turkiy xalqlarning, balki butun insoniyatning maʼnaviy daholari boʻlgan shoirlar asarlarining ilmiy-amaliy talqini, maʼnaviy- maʼrifiy ahamiyati, adabiy tafakkur taraqqiyotidagi oʻrni haqida atroflicha mulohaza yuritdi.
Ushbu adabiy kecha yosh avlod qalbida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etdi. Maktab kutubxonasiga Toshkentdan olib borilgan yangi badiiy kitoblar, musiqa asboblari hamda oʻzbek milliy liboslari sovgʻa qilindi. Shuningdek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi hamda oʻzbek tili bilimdonlari faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Maktab direktori Meruyet Amirovaning taʼkidlashicha, maktabda oʻzbek va qozoq tillarida taʼlim beriladi. Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha muntazam tanlovlar oʻtkaziladi. Gʻoliblar oliy oʻquv yurtlariga imtiyoz va grantlar asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Chimkent shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi 11-maktabda oʻtgan maʼnaviy- maʼrifiy tadbir shoir byustiga gul qoʻyish bilan boshlandi. Shu yerda ulugʻ maʼrifatparvar jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyo imoratlarining eng ulugʻi maktabdir” degan hikmatli soʻziga yana bir karra ishonch hosil qildik. Chunki maktab eng ilgʻor zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan.
Taʼlim muassasasidagi tadbirda Toshkentdan borgan sanʼat ustalari, mahalliy sanʼatkorlar, shoirlar va adiblar, vatandoshlarimiz, mahalliy aholi hamda Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi hamda bosh konsulxona vakillari ishtirok etdi. Oʻquvchilar tomonidan “Xamsa” dostonlari hamda “Boburnoma” asosida tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish etilgani toʻplanganlarning olqishiga sazovor boʻldi. 23 ta qozoq, 24 ta oʻzbek sinfi mavjud boʻlgan mazkur maktab direktori Gulzina Nosir qizi maktabda oʻzbek tili va adabiyoti fanlarining oʻqitilishi, adabiyot toʻgaragining faoliyati, aksariyat oʻqituvchilarning Toshkentdagi oliy taʼlim muassasalarida oʻqigani haqida soʻzlab berdi. Maktabning oʻquvchi va oʻqituvchilar jamoasiga Toshkentdan maxsus olib borilgan badiiy kitoblar, milliy kiyimlar, oʻzbek cholgʻu asboblari sovgʻa qilindi.
— Hozir Turkiston viloyatida Alisher Navoiy nomi bilan atalgan beshta maktab, muzey va boshqa muassasalar bor, — deydi maktabning oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Begmat Turdiqulov. — Har yili ulugʻ shoirning tavallud kuni arafasida navoiyxonlik anjumanlari, mushoiralar oʻtkazib kelinadi.
Shu mavzudagi suhbatni Qozogʻiston Respublikasi “Doʻstlik” hamjamiyati raisi Abdulla Ismatullayev davom ettirdi:
— Alisher Navoiy va Mirzo Bobur tavalludi munosabati bilan qadimdan Qozogʻiston zaminida yashab kelayotgan biz — oʻzbeklar uchun bir necha yildan buyon alohida dastur asosida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirib, oʻzbek-qozoq xalqlari oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlab kelayotgan Oʻzbekistondagi “Vatandoshlar” jamoat fondiga, ushbu tadbirlarda faol qatnashib, oʻz ijodi, sanʼati bilan birodarlik aloqalari mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan oʻzbekistonlik shoirlar, olimlar, sanʼatkorlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Ahmed Boytursunov nomidagi maktabda oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham qiziqarli, rang-barang dastur asosida tayyorlangani bilan yodda qoldi. Maktab direktori Larisa Sirotina ushbu taʼlim dargohida oʻzbek tilini oʻqitish va oʻrganish ilgʻor innovatsion vositalar asosida olib borilayotgani toʻgʻrisida maʼlumot berdi:
— Maktabimizda oʻzbek tilida oʻtkaziladigan “Ona tilim — jonu dilim” xalqaro tanlovi, fan olimpiadalari gʻoliblari koʻp, — deydi u. — Mahoratli oʻqituvchimiz Husnobod Saidaliyeva oʻquvchilarga oʻzbek milliy qoʻshiq va raqslarini oʻrgatadi. Oʻquvchilarimiz shahar va viloyat miqyosida oʻtadigan sanʼat va madaniyat tadbirlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda.
Turkiston viloyati va Chimkent shahridagi maktab oʻquvchilari oʻrtasida Alisher Navoiy asarlarini targʻib etish va oʻrganishga qaratilgan uch bosqichdan iborat tanlov Chimkent shahridagi Oʻzbek drama teatrida boʻlib oʻtdi. Koʻrik-tanlov qizgʻin bahslar bilan kechdi. Tanlovni navoiyshunos, adabiyotshunos olimlardan iborat nufuzli hayʼat baholab bordi. Hayʼat aʼzolari tarkibida oʻzbekistonlik olim, filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva ham bor. Ushbu tanlov hamda “Ona tilim — jonu dilim” xalqaro tanlovi, fan olimpiadalari gʻoliblariga bir necha tashkilotlarning, jumladan, qoʻshni respublikada oʻzbek tilida nashr etiladigan “Janubiy Qozogʻiston” gazetasi tomonidan ham qimmatbaho esdalik sovgʻalar topshirildi. Tajribali jurnalist va publitsist Rayimjon Aliboyev bosh muharrirlik qilib kelayotgan ushbu gazeta hozir katta adadda chop etiladi. U vatandoshlarimiz orasida qiziqib oʻqilayotganini ham aytib oʻtmoq joiz, albatta.
Chimkent shahridagi Jumabek Tashenov nomidagi universitet oʻqituvchisi Shahlo Noraliyeva koʻp yillardan buyon shu tanlovlarni oʻtkazishda tashabbuskor va masʼul. Uning taʼkidlashicha, Alisher Navoiy asarlari yoshlarning ongiga kuch-quvvat beradi, insonlarni, ellarni, xalqlarni birlashtiradi.
Muhtasham teatr sahnasida oʻtgan badiiy- madaniy anjuman yakunida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi yakkaxon xonandalari Dilshod Hayitboyev va Dilnoza Otaxoʻjayeva ijrosida Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur gʻazallari asosida xalqona, zamonaviy qoʻshiqlar ijro etildi.
— Qozogʻiston zaminidagi millatdoshlarimiz, vatandoshlarimizning hayoti bilan yaqindan tanishib, kuzatib, ular har doim yurtimizda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatishiga amin boʻlasiz, — deydi Oʻzbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasi birinchi kotibi Erkinjon Abduqayumov. — Xorijdagi vatandoshlarimizning farzandlari asosan ingliz, rus yoki mahalliy tillardagi maktablarda taʼlim oladi. Ular uchun, ayniqsa, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini chuqur oʻrganish gʻoyat muhim. Chunki alloma shoirlarning baytlari, hikmatlari, ruboiylari oʻzga yurtlarda unib-oʻsayotgan oʻzbek bolalari va oʻsmirlar uchun kuchli tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Konsulning fikrlarini Qozogʻistondagi oʻzbek diasporasi faoli, katta hayotiy va mehnat tajribasiga ega inson — Ikrom Hoshimjonov ham qoʻllab-quvvatladi:
— Oʻzbek — qozoq, qozoq — oʻzbek azaldan bir-biriga qiz olib, qiz bergan xalq. Bir-birining xonadonidan hech qachon qadami uzilmagan. Qadimdan buyon davom etib kelayotgan ana shu qondoshlik, jondoshlikni yangi davrda yangi bosqichga koʻtargan Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlariga biz, nuroniylar, faxriylar rahmat aytamiz. Keyingi yillarda dunyoda roʻy berayotgan keskin va ziddiyatli voqealar mintaqa davlatlarining oʻz kelajagini qurishda hamjihat, hamkor boʻlishini taqozo etmoqda.
Hazrat Alisher Navoiyning:
Olam ahli, bilingizkim,
ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish
degan hikmatli soʻzlari bugun har qachongidan ham dolzarb boʻlib qoldi.
— Faoliyatim davomida yurtimiz boʻylab yoki xorijiy mamlakatlarda koʻp safarlarda boʻlganman va kuzatib amin boʻldimki, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillari boʻlgan yurtdoshlarimiz, qolaversa, boshqa yurtlardagi aholi orasida ham doʻstlik, birodarlikni mustahkamlovchi ahamiyatga ega, — deydi telejurnalist Iqboloy Qirgʻizboyeva. — Shu bois, Navoiy va Boburdan boshlangan adabiy anʼanalar hozir ham yashab, davom etib kelmoqda.
Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud ayyomiga bagʻishlangan navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir Oqtov shahridagi “Doʻstlik uyi” boʻlib oʻtdi. Unda vatandoshlarimiz — oʻzbek va qoraqalpoqlar, shuningdek, ozarbayjon, turk, turkman, chechen, osetin, eron, rus va belarus milliy-madaniy markazlari vakillari ishtirok etdi. “Doʻstlik uyi”ning uzun, keng va yorugʻ zallarida oʻzbek milliy liboslari koʻrgazmasi tashkil etildi. Bu yerda ham mezbon tomonga oʻzbek tilidagi badiiy kitoblar, milliy cholgʻu asboblari sovgʻa qilindi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻqituvchisi, tarix fanlari doktori Qahramon Matxoliqov taassurotlari, fikr-mulohazalarini bayon etar ekan, Navoiy va Bobur asarlarining Oʻzbekistonda va xalqaro miqyosda oʻrganilishi, ularni nashr, tarjima qilish borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan yangi maʼlumotlarni taqdim etdi. Navoiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda yosh avlod ongiga singdirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar Navoiy va Boburning boy maʼnaviy merosi, jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi haqida fikr- mulohazalar bildirdi, madaniy chiqishlar namoyish etildi. Mezbon va mehmonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan samimiy suhbatlar, iliq muloqotlar va aytilgan ezgu tilaklar kechaga alohida fayz bagʻishladi.
— Oʻzbek kuy-qoʻshiqlari, sheʼrlarini yurakdan sogʻingan ekanmiz, — deydi chimkentlik millatdoshimiz, bir necha yildan buyon “Vatandoshlar” jamoat fondi tadbirlarida faol qatnashib kelayotgan Yulduz Jahongirova. — Aslida, ona tilimizda jonli ijro etilgan qoʻshiqlarga nima yetsin.
“Vatandoshlar” jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasining Oqtov shahridagi bosh konsulligi, Qozogʻiston xalqlari assambleyasi, Qozogʻistondagi oʻzbek va qoraqalpoq milliy madaniyat markazlari hamkorligida Atirav shahridagi “Doʻstlik uyi”da Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan adabiy kecha adabiyot, madaniyat va sanʼat anjumaniga, doʻstlik, birodarlik bayramiga aylanib ketdi.
— Oʻzbekistonda ajdodlar merosiga hurmat, milliy qadriyatlar va urf-odatlarni asrab-avaylashga eʼtibor juda yuqori, — dedi Atirav shahri hokimi oʻrinbosari Erdoʻst Abdusattorov. — Nafaqat olimlar va keksa ziyolilar, balki yoshlar ham Navoiyni, Boburni yaxshi biladi. Ularning sheʼrlari, gʻazallarini yoddan aytadi. Haqiqatan, Navoiy va Bobur asarlari nafaqat oʻzbek va turkiy tilli xalqlar, balki butun dunyo xalqlarining noyob boyligi ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildik. Qozoq va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi adabiy doʻstlik abadiy doʻstlikka aylanib borayotir.
Diltortar kuy-qoʻshiqlar barchani davraga chorladi, oʻyin tushmagan bir kishi ham qolmadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist Baxtiyor Jumatoyevning qoʻshiqlarini zalda oʻtirgan vatandoshlarimiz joʻr boʻlib kuyladi.
“Vatandoshlar” jamoat fondi faollari Hojiakbar Isʼhoqov, Odilbek Komilov, Oʻzbekistonning Oqtov shahridagi bosh konsuli Jamoliddinxoʻja Abdukarimovning jonbozligi bilan yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu bayramda milliy madaniyat markazlari, oʻzbek va qozoq yoshlari vakillari ishtirok etdi. Tantanali tadbir oʻzbek, qoraqalpoq va qozoq sanʼat ustalarining kuy-qoʻshiqlari, raqslari bilan yakun topdi. Shuningdek, “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda Qozogʻistondagi oʻzbek va qoraqalpoq milliy markazlari bilan kelgusidagi hamkorlik rejalari muhokama qilinib, yangi loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Xullas, Qozogʻistonda insoniyatni kamolotga chorlovchi gʻoyalar ijodkori boʻlgan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatildi. Yuqori saviyada oʻtgan barcha tadbirlar va anjumanlarda ulugʻ mutafakkir va alloma shoirlarning ulkan maʼnaviy merosi bugun ham millatlarni, qalblarni yaqinlashtirishga xizmat qilib kelayotgani taʼkidlandi.
Salim ASHUR,
Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist