Huquq-tartibot idoralari xabarga koʻra, guruh aʼzolari xorijiy bukmekerlik kompaniyalari bilan hamkorlik qilib, noqonuniy yoʻllar orqali mablagʻlarni kripto-aktivlar aylanmasi orqali qonuniylashtirishga uringan. Ushbu faoliyatda ular qonunda belgilangan tartiblarni buzgan holda Desent platformasidan foydalangan.
Yashnobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar qoʻlga olinib, ularning joriy yil yanvar oyidan buyon umumiy qiymati 180 milliard soʻmdan ortiq noqonuniy operatsiyalar amalga oshirgani fosh etildi.
Tekshiruv jarayonida jinoyat daromadlarini yashirish uchun foydalanilgan 38 dona mobil telefon va mingga yaqin plastik kartalar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov ishlari olib borilmoqda.








