Oʻzbekistonda 5-yilda kiberjinoyatlar bilan 1,9 trln soʻmdan ortiq pul talon-toroj qilingan

    Xavfsizlik 30 May 2025 1022

    IIV Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimizda soʻnggi besh yillikda kiberjinoyatlar 68 baravarga koʻpaygan.

    Qayd etilishicha, birgina oʻtgan yilda 2023-yildagiga nisbatan 9,1 baravar oshgan. Ushbu davrda kibermakondagi huquqbuzarliklar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar soni 34 baravar koʻpaygan.

    Mazkur jinoyatlar natijasida fuqarolarning 1 trillion 909 milliard soʻmdan ortiq mablagʻi talon-taroj qilingan.

    2019-yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 2024-yilda 62 turdagi 58 ming 800 ta jinoyat qayd etilgani hamda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi sezilarli ravishda ortishi kuzatilgani ularning oldini olish zaruratini yanada dolzarblashtirmoqda.

    2023-yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 6,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda 44,4 foizga yetib, deyarli har ikkita jinoyatning biri axborot texnologiyalari orqali sodir etildi. Bu holat ularning oldini olish tizimini muntazam, yilma yil takomillashtirib borishni taqozo etmoqda.

    Kiberjinoyatlarning asosiy qismini (98 foizi) bank kartalari bilan bogʻliq jinoyatlar (kiberoʻgʻrilik va kiberfiribgarlik) tashkil etmoqda.

    Kiberjinoyatlar asosan quyidagi usullarda sodir etilmoqda:

    - 60 foizi zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali bank kartasi yoki mobil qurilma boshqaruvini qoʻlga kiritish yoʻli bilan;
    - 16 foizi turli aldovlar bilan bank kartasi hamda mobil ilovalardagi akkauntlar boshqaruvini tasdiqlovchi SMS kodni qoʻlga kiritish yoʻli bilan;
    - 4 foizi shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali;
    - 11 foizi onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar orqali;
    - 9 foizi turli usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolarning pul mablagʻlarini jalb qilish tarzida sodir etilmoqda.

    Mazkur turdagi huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida qator huquqiy va tashkiliy texnik choralari koʻrib kelinmoqda.

    Yuqorida keltirilgan tahlillar va statistik maʼlumotlar asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng tarqalishi va real vaqt rejimida cheksiz axborot almashinuvi imkoniyatlari ortib borishi sharoitida kiberjinoyatlar murakkab transmilliy muammoga aylanib borayotganini koʻrish mumkin.