Noqonuniy oltin qazish bilan shugʻullanayotgan shaxslar qoʻlga olindi

    Qoʻshrabot tumanida joylashgan “Minishkor” MFY hududidagi yaroqsiz holatga kelib qolgan yer osti shaxtasi mahalliy aholi tomonidan oʻzlashtirib olingan.

    DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida oltin rudalarini noqonuniy qazish bilan shugʻullanib kelayotgan shaxslar aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, Qoʻshrabot tumanida joylashgan “Minishkor” MFY hududidagi yaroqsiz holatga kelib qolgan yer osti shaxtasi mahalliy aholi tomonidan oʻzlashtirib olingan. Ular muntazam ravishda atrof-muhitga ziyon yetkazib, noqonuniy ravishda yer osti maʼdanli toshlarni qazish, oltin ajratib olish, qayta ishlash va sotish bilan shugʻullangan. Shu bilan birga maydalangan toshlarni yuvishda foydalanilgan oqova suv oqizilishi natijasida atrof-muhitga ziyon yetkazib kelingan.

    Huquq-tartibot idoralari tomonidan “Minishkor” MFY hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1984-y.t., mavsumiy ishchi X.X., 1997-y.t., sport maktabi murabbiyi N.O., 1987-y.t., tuman obodonlashtirish boʻlimi ishchisi O.S.lar noqonuniy tarzda oltin rudalarini qazish bilan shugʻullanayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

    Bundan tashqari, olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ushbu shaxtada Navoiy shahri, Xatirchi, Qoʻshrabot, Paxtachi tumanlarida istiqomat qiluvchi yana 9 nafar fuqaro ham noqonuniy faoliyat olib borganligi aniqlanib, ularga tegishli boʻlgan jihozlar ashyoviy dalillar sifatida hujjatlashtirildi.