Norin tumaniga yaqin orada tashrif buyurmagan odamning ishongisi kelmaydi. Hayrati ichiga sigʻmaydi. Yangi qad rostlagan binolar, koʻrkam inshootlarni koʻrib odamning koʻzi quvnashi hayratdan yoqa ushlashi hech gap emas. Norin tom maʼnoda bunyodkorlik, qurilish maydoniga aylandi. Yangi inshootda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun barcha qulayliklar mavjud boʻlib, investorlar uchun xizmat koʻrsatish xonasi, kutish zali, bolalar maydonchasi, kafe, kutubxona belgilangan ish vaqtida aholi xizmatiga shay.

Tuman markazida qad koʻtargan muhtasham binoning ochilishi norinlik keksayu-yoshning xursandchiligiga sabab boʻldi. Avval pana-pastqam binolarda aholiga xizmat koʻrsatilar bu aholi uchun ham markaz ishchi-xodimlari uchun ham turli noqulayliklar tugʻdirar edi. Bugun esa tamomila oʻzgacha, tuman qiyofasiga koʻrkamlik baxsh etayotgan davlat xizmatlari markazi aholiga 80 turdan ziyod xizmatlarni koʻrsatadi.

Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak! Bu tamoyil bugun oʻz isbotini topib, davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga sifatli, shaffof xizmat koʻrsatilmoqda. Norin tumanida foydalanishga topshirilgan davlat xizmatlari markazi binosi ham tom maʼnoda xalq bilan davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yuksalishida amaliy ifoda topmoqda. Bino qurilishi uchun 2 milliard 275 million soʻm mablagʻ ajratildi. Qisqa muddat ichida koʻrkam va salobatli bino qad koʻtardi. Endilikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yangi zamonaviy binoda koʻrib chiqiladi.

- Oldinlari yoʻllarimiz tor, binolar esa juda koʻrimsiz bir ahvolda edi. Bunday obodonchilik va keng koʻlamli qurilish ishlarini toʻgʻrisi orzu qilar edik. Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun orzularimiz ushaldi. Koʻplab bino va inshootlar qatori, qurib foydalanishga topshirilgan tuman davlat xizmatlari markazida barcha qulayliklar mavjud. Uzogʻimiz yaqin boʻlganidan butun norinliklar mamnun. Bunday ishlarni amalga oshirishda tashabbus koʻrsatganlarga ming rahmat, deydi mehnat faxriysi Neʼmatjon Egamberdiyev.

Qayd etish darkor, Davlat xizmatlari markazida avvallari tuman yer-mulk kadastr binosida aholiga xizmat koʻrsatib kelar edi. Sharoitlar yetarli darajada emasligi bois, fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarini tez va sifatli amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelardi. Endilikda bunday mushkulotlarning barchasiga barham berildi. Zamonaviy dizayn asosida qurilgan binolar tuman aholisi uchun mustaqillik bayrami oldidan juda katta tuhfa boʻldi.