Qarorga koʻra, Prezidentga hisobdor boʻlgan, davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasasi shaklidagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, jumladan:

    • Prezidentning huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
    • qonunchilik hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazadi va amalga oshirilishini monitoring qiladi, ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.

Institutga quyidagi sohalarda amaliy tadqiqotlar oʻtkazish yuklatiladi:

    • maʼmuriy islohotlar oʻtkazish sharoitida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishning huquqiy muammolarini oʻrganish;
    • konstitutsiyaviy islohotlarning siyosiy-huquqiy ustuvor yoʻnalishlari va uni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish (davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish);
    • normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bosqichida ularning tartibga solish taʼsirini baholash tizimini maqbullashtirish orqali “aqlli tartibga solish” loyihasini joriy etish;
    • korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy muammolarini oʻrganish.

Qarorga koʻra, Institut tomonidan oʻtkaziladigan fundamental va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi.