Shu oʻrinda, aytish joizki Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 2-maydagi 103-mh-son buyrugʻiga “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar” ilovasining 1-bandi “mediator vazifasini bajaradi” qoʻshimchasi bilan toʻldirilgani ham bejiz emas.

Joriy yildan boshlab xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarga mulkiy va meros masalalarida nizolarni sudgacha hal qilish – mediator vazifasini bajarish vazifasi yuklatilgan.

Xususan, fuqarolar, er va xotin, oila aʼzolari oʻrtasidagi mojarolar koʻpincha mulkiy nizolar koʻrinishida boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasida mediatsiyani qoʻllash doirasi “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonun bilan aniq belgilab qoʻyilgan. Qonunning 3-moddasiga koʻra, quyidagilarga nisbatan mediatsiya tartib-taomillari qoʻllaniladi:

-fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga;

-tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq kelib chiqadigan nizolarga;

-yakka mehnat nizolariga;

-oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga.

Mediatsiya nizolarni hal qilishning boshqa usullari, xususan nizolarni sud tartibida hal qilishdan oʻzining bir qator afzalliklari bilan ajralib turadi. Birinchidan, nizolarni mediatsiya vositasida hal qilish sud tartibiga nisbatan ancha qisqa muddatlarda amalga oshiriladi. “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasida mediator va taraflar mediatsiya tartib-taomili oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda tugallanishi uchun barcha mumkin boʻlgan choralarni koʻrishi kerakligi, zarur boʻlgan taqdirda, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati taraflarning oʻzaro roziligi bilan oʻttiz kungacha uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.

Ikkinchidan, mediatsiya tartib-taomillari qoʻllanilganda ishga taalluqli barcha maʼlumotlar mutlaqo sir tutiladi. Oʻrtadagi nizo va unga oid faktlardan faqatgina taraflar va ularning vakillari hamda mediator xabardor boʻlishi mumkin va ularga qonun bilan bu axborotlarni oshkor qilmaslik majburiyati yuklatiladi.

Maxfiylik prinsipi ayniqsa oilaviy nizolar hamda tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarda muhim ahamiyatga ega.

Nizoni mediatsiya usulida hal qilish bunday salbiy oqibatlardan ishonchli himoya boʻlib xizmat qiladi.

Uchinchidan, mediatsiya vositasida hal qilinadigan nizolarda har ikkala taraf uchun ham maqbul kelishuvga erishiladi.

Yuqoridagi holat aynan mana shu mediatsiya tartib-tamoyillariga mos keladi.

Albatta, kuni kelib, safimizni professional mediatorlar toʻldiradi. “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, mediatorning faoliyati professional yaʼni oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtgan, shuningdek professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs yoki noprofessional asosda yaʼni faoliyatini yigirma besh yoshga toʻlgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin.

Oygul Zokirova,

Yangiyer shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius