Diplomatlar non mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Sibpekar”, meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi “Xiloks tovar bazasi” hamda metall quyishga ixtisoslashgan “SIBELEKTROTERM” korxonalarida mehnat qilayotgan hamyurtlar bilan uchrashdi.

Yurtdoshlarga koll-markazlar maʼlumotlari va diplomatik vakolatxonalarning manzillari ko‘rsatilgan materiallar tarqatilib, konsullik-huquqiy yordam masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi.

Muloqot jarayonida ish haqini o‘z vaqtida to‘lash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hamyurtlarimizga to‘lovlar asossiz kechiktirilgan taqdirda, masalani tezkorlik bilan hal qilish uchun Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasiga murojaat qilish kerakligi tushuntirildi.

Uchrashuvlar davomida og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan va vataniga qaytishga muhtoj bo‘lgan olti nafar O‘zbekiston fuqarosiga, jumladan, voyaga yetmagan bolalarga yordam ko‘rsatildi. Ularga zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, yurtimizga qaytish uchun chiptalar taqdim etildi.

Bosh konsulxona fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirishda va Novosibirsk viloyati hududida ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda bundan buyon ham ko‘maklashishga tayyorligini maʼlum qildi.