Taniqli musavvir, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (oʻsha paytlarda) oʻqituvchisi Abduvali Moʻminov bilan bir mahallada yashardik (hozir koʻchib ketgan.) Bolalikda maykachan yurgan kezlarimiz mening va anchagina tengdoshlarimning suratini chizgan ijodkor. Keyinchalik bu sanʼat asarlari rassomning shaxsiy koʻrgazmalarida ham namoyish etilgan. Lekin gap bu haqda emas.

Xullas, 2001-yili boʻlsa kerak, xizmat safari bilan birinchi marta Qoraqalpogʻistonga bordim. Menga Nukus davlat universitetida yangi ochilgan jurnalistika fakulteti faoliyati bilan tanishib, maqola yozish va boʻlgʻusi hamkasblar taʼlim olayotgan maskan hamda tahririyatimiz oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklatilgandi. Muddat qisqa boʻlgani bois, ishlarni tez-tez bitirib, Toshkentga qaytdim.

— Nukusga bordingmi? — deb soʻradi koʻchada meni toʻxtatib Abduvali aka. Oʻgʻli mening tengdoshim, sinfdoshim. Oʻshandan eshitgan shekilli.

— Ha, topshiriq boʻlib qolgandi, kecha keldim.

— Muzeyga ham kirdingmi, tomosha qildingmi?

— Vaqt tigʻiz edi, ishlarimga zoʻrgʻa ulgurdim. Qaysi muzey haqida soʻrayapsiz? — deya anglamay, savoliga savol bilan javob berdim.

— Nukusga borib, Saviskiy muzeyiga kirmay qaytdingmi? Attang, demak, Qoraqalpogʻistonga bormabsan hisob...

— Nega oʻz ishim qolib, muzeyga kirishim kerak? Boraman desam, Toshkentda ham muzey koʻp-ku!

— Toʻgʻri, rassom emassan, ammo jurnalistsan, ijodkorsan. Kimlar atayin qayoqlardan kelib, u yerdagi sanʼat durdonalarini tomosha qilib ketadi. Olti yil avval institutdagi hamkasb va 2-3 shogirdim bilan borganman. Hozir ham koʻngil oʻsha taraflarga tortadi. Yana bir borsam, suratlarni boshqacha nigoh bilan koʻrsam deyman, ammo imkon boʻlmayapti. Sening oʻrningda oʻz hisobimdan yana bir kun qolib boʻlsa ham Saviskiy muzeyiga borgan boʻlardim. Yana yoʻling tushib qolsa, muzeyga, albatta, kirgin.

Igor Saviskiy nomini eshitgan boʻlsam-da, hayoti va ijodidan yetarli xabardor emasdim. Abduvali akaning menga qarata “jurnalistsan, ijodkorsan” degan tanbehi taʼsir qildimi, har holda bu nom bilan qiziqa boshladim. Qachondir Nukusga borsam, muzeyga kirishni dilimga tugdim. Ammo ikkinchi marta ham nasib qilmadi — muzey taʼmir uchun yopilgan ekan.

Soʻng 2010-yili obuna mavsumi bahonasida yana Qoraqalpogʻistondagi shahar va tumanlarni kezdim. Bu aslida Nukusga uchinchi, ammo Abduvali Moʻminov taʼbiri bilan aytganda, birinchi borishim boʻldi. Chunki avvalgi ikki borishimda ham muzeyga kirmagandim. Muzey ostonasidan hatlashim bilan Abduvali akaning oʻgʻliga qoʻngʻiroq qildim. Bir-ikki sanʼat ixlosmandlari menga boshqacha qarab qoʻydi. Bildimki, bu yerda telefonda gaplashish odobdan emas. Bir chekkaga oʻtib, qoʻshnimga muzeyda ekanimni past ovozda bildirib qoʻydim. Abduvali aka hayajonlanib ketdi, xursand boʻldi. Kelayotgan hafta muzeyga ijodiy safar rejalashtirilgani haqida toʻlqinlanib gapirdi.

“Qoraqum va Qizilqum oraligʻidagi Luvr”, “Sahrodagi durdona” nomlari bilan dunyoga mashhur muzeydagi asar va eksponatlar bilan tanishish asnosida hayajon va toʻlqinlanish endi menga koʻchdi. Igor Saviskiy nima uchun dunyoni oʻz ijod olamiga ohanrabodek tortib kelgani sabablarini tafakkurim darajasida anglagandek boʻldim.

U haqida odamlar bilishi kerak

Ijodkor haqida Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida bunday maʼlumot keltirilgan: “Saviskiy Igor Vitalyevich (1915.4.8, Kiyev — 1984.27.7, Nukus) — grafik rassom, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat ­arbobi (1964), Qoraqalpogʻiston xalq rassomi (1974). Moskva rassomlik institutini tugatgan (1946). Saviskiy ijodi badiiy tasvir uslubining dadilligi, boʻyoq qatlamining dagʻal yotqizilishi bilan ajralib turadi, oqish ranglar uygʻunligini afzal koʻrgan rassom asarlarida janub tabiati, Qoraqalpogʻiston manzaralari oʻzining yorqin aksini topgan.

“Oq qalʼa. Umumiy koʻrinish” (1954); “Qoraqumda”, “Chimboy oqshomi”, “Kegeyli kanali” (1956); “Qayragʻochlar” (1959) va boshqa sanʼat asarlari Oʻzbekiston sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi, Qoraqalpogʻiston sanʼat muzeyida saqlanadi.

Rassomning saʼy-harakatlari natijasida tashkil topgan Qoraqalpogʻiston sanʼat muzeyiga Saviskiy nomi berilgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat mukofoti laureati (1983), “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2002)”.

Bir necha yil avval Marinika Babanazarovaning “Igor Saviskiy: rassom, kollektor, muzey asoschisi” nomli kitobi keng ommaga taqdim qilingan edi. Unda qatagʻonga uchragan va otilgan rassomlarning minglab asarlarini Nukusdagi muzey yertoʻlasida yashirincha saqlagan ijodkorning hayoti va faoliyati haqida hikoya qilingan.

Manbaga koʻra, asli asilzodalardan boʻlgan Igor Saviskiy Ikkinchi jahon urushidan avval Oʻzbekistonga koʻchib kelgan va oʻz kollektorlik faoliyatini qoraqalpoq osori atiqalarini yigʻishdan boshlagan. Soʻng Rossiya va Oʻzbekistonda sovet targʻiboti va sovet realizmiga toʻgʻri kelmaydigan avangard asarlarni toʻplashga kirishgan. Sovet hukumati qora roʻyxatiga tushgan ijodkorlarning koʻrgazmalarini uyushtirgan. Oʻzi ham qatagʻonga uchragan odamlarning avlodiga mansub boʻlgan. Bobosi otilgan, sovet tashqi ishlar vazirligida nufuzli lavozimda ishlagan togʻasi ham 1934-yilda qatagʻon qilingan.

Igor Saviskiy 1941-yili Moskva tasviriy sanʼat institutiga oʻqishga kiradi. Oʻsha yili boshlangan urush “hamma narsa front uchun” degan davr daʼvatini yuzaga keltirdi. Biroq sogʻligʻidagi muammolar tufayli Igor urushga joʻnatilmadi. U tahsil olayotgan institut 1942-1944-yillari Samarqandga koʻchirildi. Bu azim kentdagi tahsil davrida Saviskiy yurtimizning oʻziga xos muhitini, oʻzgaruvchan va jozibali quyoshi, tabiatning betakror ranglarini kashf qildi. Oʻzi aytganidek, aynan shu yerda u haqiqiy rassom sifatida shakllandi, qolaversa, Oʻzbekistonda yashash tarzi Saviskiyni Sharqning maftuniga aylantirdi.

1944-yili Moskvaga qaytgan rassom oʻqishni davom ettirarkan, hamisha Samarqandga talpinib yashadi. Chunki u Markaziy Osiyoning betakror, boy madaniy yodgorliklariga koʻngil qoʻyib ulgurgandi. 1950-yildan u Xorazm tarix va etnografiya ekspeditsiyasi tarkibida qatnasha boshladi va bu Igorning hayotida oʻzgarish yasadi. Saviskiy musavvir sifatida arxeologlarning qadimiy Xorazm sarhadlaridan topgan buyumlarini chizish bilan mashgʻul boʻlardi. Noyob topilmalarda u moziy sirlari yashirinib yotganini anglab, xalq amaliy sanʼati namunalarini toʻplash bilan mustaqil shugʻullana boshladi.

Dastlab 1956-yili Qoraqalpogʻiston ilmiy-tadqiqot instituti majmuasida, keyinchalik tarixiy oʻlkashunoslik muzeyida ishlab, rassom sifatida qoraqalpoq xalqi hayotini turfa ranglarda tasvirladi, amaliy sanʼat durdonalarini tadqiq qilish, toʻplash bilan shugʻullandi. Ana shu asarlar joylashtiriladigan sanʼat muzeyini ochish tashabbusi bilan chiqdi. Taklifni Nukusdagi rahbarlar mamnuniyat bilan qabul qildi.

Rassom xalq amaliy sanʼati durdonalarini toʻplash va oʻrganish uchun Kegeyli, Chimboy, Qoʻngʻirot, Moʻynoq, Taxtakoʻpir, Ellikqalʼa, Beruniy, Toʻrtkoʻl tumanlarini, butun Qoraqalpoq diyorini, Xorazm viloyatini kezib chiqdi. Safar davomida toʻplagan durdonalarini esa Toshkent, Moskva shaharlaridagi koʻrgazmalarda namoyish qilib, qoraqalpoq xalqini jahonga tanitish yoʻlida fidokorona xizmat qildi.

— Saviskiy oʻzi toʻplagan manbalar haqida 1965-yilda “Fan” nashriyotida “Qoraqalpoq xalq amaliy sanʼati: yogʻoch oʻymakorligi” nomli kitobini nashr ettirib, bu borada yana bir yangilikka qoʻl uradi, — deydi taniqli tarixchi, oʻlkashunos Umid Bekmuhammad. — Shundan keyin Qoraqalpogʻistonda davlat sanʼat muzeyini ochish harakati amaliy tus olib, unga ilk rahbarlik Igor Saviskiy zimmasiga tushdi. 1966-yil 5-fevralda tashkil qilingan muzeyda qisqa muddatda hassos rassom va sanʼatshunos Saviskiy boshchiligida toʻplangan eksponatlar soni 50 mingdan oshib ketdi. Bu haqda xorij matbuotida oʻsha kezlari katta-katta maqolalar chop etildi.

Saviskiyning qadimgi Xorazmga oid sanʼat asarlarini toʻplash faoliyati tufayli koʻplab durdonalar yoʻqolib ketishining oldi olindi va qoraqalpoq xalq amaliy hamda tasviriy sanʼati rivojlanib, yuqori bosqichga chiqdi. Nukusdagi muzeyda avangard, postavangard yoʻnalishlarga doir noyob asarlar majmui toʻplangan boʻlib, Moskva, Kiyev kabi katta shaharlarda pol tagiga, qaznoqlarga yashirilgan, uni chizgan rassomlar esa qamoq, surgunda azob tortib yotgan paytda shoʻro mafkurasi inkor qilgan ellik mingdan ziyod suratning Saviskiy tomonidan Nukusga keltirilganining oʻzi jasorat edi.

Aynan bir insonning fidoyiligi bilan dunyo sanʼatsevarlarini hayratlantirayotgan noyob asarlar saqlanibgina qolmay, dunyoga mashhur muzeyga asos solindi. Nukus sanʼat muzeyining afsonaviy asoschisi haqida yuzlab maqolalar yozildi, sanoqsiz intervyular, hujjatli filmlar va telereportajlar tayyorlandi. U rahbarlik qilgan muzey jahon miqyosida katta shuhrat qozondi.

Saviskiyning oʻsha davr uchun mutlaqo yangicha muzey yarata olgan nodir shaxs boʻlgani sababi shunda ediki, u standart qoidalar va qoliplarni bir chetga surdi, rasmiy idoralar tavsiya qilgan “kichik Tretyakovka” modelidan voz kechdi va muzeyni oʻz tushunchasiga binoan yaratdi. Uning kelajakni oldindan koʻrish qobiliyati, yangi nomlar va yoʻnalishlarni tanlashdagi jasorati, muzey ishining ­qoliplangan ­qoidalaridan voz kechishi — bularning barchasi samara berdi. Saviskiy Rossiya va Toshkentdagi sanʼatshunoslarga ham nomaʼlum boʻlgan yuzlab rassomlarni topib, ularning merosini saqlab qoldi.

* * *

Abduvali Moʻminov hozir 80 yoshdan oshgan. Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida undan hol-ahvol soʻragim kelib, oʻgʻliga yana qoʻngʻiroq qildim.

— Abduvali akaning sogʻligʻi yaxshimi?

— Ha, rahmat, durust. Quvvat, shijoat avvalgidek boʻlmasa ham istak va intilish oʻsha-oʻsha. Yana Nukusga borishni moʻljallab turibmiz. Bahor oylari ota-bola borib kelsak kerak.

— Balki men ham borarman.

— Mayli, birga borsak, yaxshi boʻlardi.

— Nasib...

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri