Noyob tur boʻlgan Prjevalskiy otlari fotoqopqonga tushdi

    Ushbu tur Oʻzbekiston Respublikasi faunasi uchun xos boʻlmagan tur hisoblanadi.

    Davlat ekologiya qoʻmitasi tasarrufidagi “Jayron” Buxoro ixtisoslashgan pitomnigiga oʻrnatilgan fotoqopqon noyob tur boʻlgan Prjevalskiy otlarini tasvirga oldi.

    Ushbu tur Oʻzbekiston Respublikasi faunasi uchun xos boʻlmagan tur hisoblanadi. Xalqaro “Qizil kitob”ga D mezoni boʻyicha (EN) “Endangered” toifasida, yaʼni “Yoʻq boʻlib ketayotgan” tur sifatida kiritilgan.

    Mazkur tur Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigiga 1987-yilda Moskva va Sankt-Peterburg hayvonot bogʻlaridan 2 bosh olib kelingan. Dastlab tutqunlikda saqlab koʻpaytirilib, keyinchalik 1992-yilda pitomnik hududiga qoʻyib yuborilgan.

    Kuzatuvlarga koʻra, pitomnik hududidagi ayni vaqtdagi soni 18 boshni tashkil qiladi.

    Eslatib oʻtamiz, “Jayron” pitomnigi Qizilqum choʻlining janubi-gʻarbida joylashgan boʻlib, 40 yildan ortiqroq vaqt mobaynida bu yerda kamyob jonivorlar koʻpaytirib kelinmoqda. Pitomnikning faoliyati tufayli jayronlar, qulonlar, Prjevalskiy otlari, buxoro togʻ qoʻylari, buxoro bugʻulari va boshqa jonivorlar populyatsiyasi tobora oʻsib bormoqda.